TISHTAR
«Avesto»dagi
mifologiyaga ko’ra, yerdagi barcha suvlarning manbai Tishtar yulduzida
saqlanadi. Yovuz kuch Axraman suvli yulduzlarni egallash uchun ularga qarshi
parilarni yo’naltiradi. Lekin Tishtar parilarga shikast berib, Farog’kart
daryosi bo’yigacha quvib yuboradi. Zardo’shtiylik mifologiyasida Tishtar
zaminni suv bilan ta’minlaydi. «Avesto»da Tishtar qasidasi (Tiyr yasht)
keltirilgan. Qurg’oqchilik yillarida odamlar Tishtarga yomg’ir yog’dirishni
so’rab, iltijolar qilishgan, balki maxsus marosimlar ham o’tkazilgan bo’lishi
mumkin. Chunki bu marosimlar zardo’shtiylikning muqaddas an’anasi sifatida
o’zbek xalqi o’rtasida hozirgi kunlargacha yetib kelgan.
Tisht
– xalq o’rtasida asrlar o’tishi davomida «Sust» nomi bilan o’zgargan. O’zbek
xalq og’zaki ijodidagi «Sust xotin» qo’shiqlarida Tishtar obrazi yaratilgan.
Qurg’oqchilik kelgan yillarida dehqonchilik bilan shug’ullanadigan odamlar
Tishtar – yomg’ir tangrisidan yordam so’raganlar. Bu marosim o’ziga xos
ko’rinishda o’tkazilgan: dehqonchilik bilan shug’ullaniladigan joylardagi
ayollar to’planishib, odam shaklidagi qo’g’irchoqqa kampirning ko’ylagini
kiygizishib, «Sust xotin» qo’shig’ini aytishgan va o’z qo’ni-qo’shnilarinikiga
kirishgan. Uy egalari qo’g’irchoqqa suv sepishgan, «Sust xotin» qo’shig’ini
aytganlarga xayr–sadaqa berishgan. Quyidagi parchada yaratilgan Sust xotin
obrazi «Avesto»dagi suv xudosi Tishtar mifologiyasiga bog’lanadi.
Sust xotin-o, Sust xotin,
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.
Dehqonlarni g’am bosdi, Sust xotin.
Omochini chang bosdi, Sust xotin.
Havo yog’sin sevalab, Sust xotin.
Bo’ri qochsin tebalab, Sust xotin,
Bug’doy bo’lsin zarchalab, Sust xotin,
Sag’ir — sug’ir qolganlar, Sust xotin,
Nonni yesin parchalab, Sust xotin,
Sust xotin-o, Sust xotin,
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.
Dehqonlarni g’am bosdi, Sust xotin.
Omochini chang bosdi, Sust xotin.
Havo yog’sin sevalab, Sust xotin.
Bo’ri qochsin tebalab, Sust xotin,
Bug’doy bo’lsin zarchalab, Sust xotin,
Sag’ir — sug’ir qolganlar, Sust xotin,
Nonni yesin parchalab, Sust xotin,
Sust xotin-o, Sust xotin,
Ko’lankasi maydon xotin, Sust xotin.
Turkiylarning
o’ziga xos suvga topinish mifologiyasi bo’lgan. Bu mifologiya ularning boshqa
xalqlardan farq qiluvchi mafkurasi mahsulidir. Turkiylar o’zlariga tangri
tomonidan sehr–jodu amali berilgan deb hisoblaydilar va ulardagi bunday qobiliyatni
tarix ham e’tirof etadi. Turkiylar sehr yo’li bilan yomg’ir yoki qor yog’dirish
quvvatiga ega bo’lganligi to’g’risida o’nlab rivoyatlar mavjud.
O’zbek
mifologiyasida suv xudosi haqida bitilgan afsonalarning boshqa namunalari ham
mavjud. Adabiyotshunos N.Mallayev «O’zbek adabiyoti tarixi» darsligida suv
xudosi va kishilarni halokatdan qutqaruvchi qahramon Xubbi obrazi yaratilgan
quyidagi mazmundagi afsonani keltiradi:
Juda
qadim zamonlarda Farudin va hatto Jamshid zamonasidan burun Amudaryoda Xubbi
degan bir yigit bo’lgan ekan. U bir qo’li bilan baliq tutar, ikkinchi qo’li
bilan uni quyoshga tutib turar, baliq bir zumda pishar ekan. Xubbi shu xilda
baliq yeb, Amudaryoda yetti yuz yil yashabdi, daryoni qo’riqlabdi, biroq yomon
ruh, hattoki chivin ham daryoga yaqin yo’lashga botina olmabdi. Xalq suvga
ma’mur bo’lib, shad– xurram yashar ekan. Biroq Jamshid zamonasiga kelib Xubbi
g’oyib bo’libdi. Kishilar uni osmon suvlarining hukmroni bo’lgan qiz o’g’irlab
ketgan deb faraz qilibdilar. Xubbi g’oyib bo’lganidan keyin Amudaryoga uning
onasi kelibdi. U birinchi bo’lib qayiq yasabdi, kishilarni qayiqda suzish va
dushmanga qarshi suvda jang qilishga o’rgatibdi. Biroq kunlardan bir kun
Xubbining onasi ham g’oyib bo’libdi. Lekni kishilar o’z xomiylarini, Xubbi va uning
onasini unutmabdilar. Ular qayiqlarda Xubbining onasi qiyofasini
tasvirlabdilar.
Demak,
«Avesto» faqat diniy kitob emas. U turkiy xalqlarning ham adabiy yodgorliklari
va e’tiqodlari ifodalangan, qadimgi o’zbek xalq og’zaki ijodi shakllanishiga
samarali ta’sir ko’rsatgan nodir yozma asardir.
Комментариев нет:
Отправить комментарий