среда, 18 мая 2016 г.

Varroq at-Termiziy

Varroq at-Termiziy

Bu ulug' zotning ismi-sharifi qadimiy manbalarda quyidagicha bitiladi: Ash-shayx Abu Bakr Muhammad binni Umar al-Hakim al-Varroq at-Termiziy. Ash-shayx va al-Hakim - unvon, Abu Bakr-kunya, Muhammad-ismi, Umar-otalarining ismi, Varroq-taxal-lusidir. At-Termiziy deyilishiga bois, uni boshqa Varroq taxallusli allomalardan farqlash uchun ishlatilgan va shu orqali ul zoti sharifning termizlik ekanligi ta'kidlangan. O'tmishda qadimiy va ko'hna kitoblarni qayta ko'chirish va muqovalash bilan shug'ullangan kishilarga «varroq» deyilgan. Keyinchalik bu istiloh shoir va adiblarga nisbatan ham qo'llana boshlaydi. «Varroq» so'zi arabcha «varoq» so'zidan olingan, Abu Bakrga bu taxallus nima uchun berilgani noaniq, ammo buyuk yurtdoshimizning she'riy devoni borligini mutafakkir Alisher Navoiy e'tirof etadi.
Varroq Termiziy asli Balxning Ayoz degan joyida dunyoga kelgan va xuddi shu Balxdagi Siyoxjurd (goho Siyohgurd) qishlokida olamdan ko'z yumadi, o'z vasiyatiga ko'ra Termizda dafn etiladi. Varroqning tavallud sanasi aniq emas, lekin allomaning vafoti yili sifatida 907 (hijriy 294) yil qabul qilingan, biroq bu sanani hali barqarorlashtirish lozim. Varroq umrining ma'lum qismini Balxda o'tkazadi va mashhur so'fiy Ahmad Xizraviya (vafoti 855)ning yaqin do'stlaridan biri bo'lgan. Varroqning ota-bobolari termizlik, Varroq zoti oliylari, buyuk ajdodimiz ulug' muhaddis Iso Termiziy (824-892)ning tog'alari hamdir. Varroq Termiziy muqaddas «qur'oni Karim»dan tashqari yana osmoniy kitoblardan «Tavrot» va «Injil» larni ham o'qigan bo'lib, davrining eng odobli avliyosi degan nom bilan shuhrat qozongan. «Tavrot» va «Injil»ni o'qiy oladigan kishi, tabiiyki, yahudiy va yunon tillarini mukammal egallagan bo'lishi lozim edi, demak, Varroq bu tillarni bekamu ko'st bilgan.
Zamondoshlari tomonidan ilm va xikmat xazinasi tarzida ta'riflangan Varroq Termiziy hakimiya tariqati asoschisi al- Hakim at-Termiziyning sodiq shogirdi va Hakim Termiziy sulukining sobit davomchilaridan biridir. Varroq ayni zamonda al-Hakim xususidagi naql va rivoyatlarning saqlanib qolishida hamda bizgacha bezavol yetib kelishida katta xizmat qildi. Al-Hakim hayotiga oid ibratli rivoyatlarni keyingi davr avliyoshunoslari (Hajviriy, Ansoriy, At-tor) o'z tazkiralari («Kashful maxjub», «Tabaqatus so'fiya», «Tazkiratul avliyo»)ga ilova etar ekanlar, albatga, Varroqqa havola qilishadi. Varroq haqidagi shu kabi rivoyatlar uning o'z shogirdlari Abulqosim Hakim Samarqandiy va Hoshimiy So'g'diylar orqali yetib kelgandir. Ustoz va shogardlar bir-birlaridan ko'p naql qilishar va hatto Hoshimiy So'g'diy umrining oxirigacha Varroqning yonida bo'lgan. Attor (vafoti 1221)ning aytishicha, Varroq muridlarini safar qilishga rag'batlantirmas ekan, bu hodisa esa o'z navbatida Naqshbandiya tariqaning «Safar dar Vatan», «Hilvat dar anjuman» qoidalarining mohiyatan hakimiya tariqatining davomi sifatida jaranglashini isbotlaydi. Chunki hakimiya sulukida uzlatga chekin (uzoq safarga ket) masdan uning talablarini uyda, ya'ni maskanda ham bajo keltirish mumkinligi targ'iboti va tashviqoti ustuvor sanaladi.
VarroqTermiziy qator asarlarning muallifi, uning «Kitob al-ixlos», «Kitob al-huruf», «Kitob al-ajab», «Kitob hadiqat al-botin», «Odob al-olim val mutuaallim» tasnifotlari mavjud. Varroqning «Odob al-olim val mutuaallim» kitobi 1939 yili qohirada nashr etilgan, unda bilim haqida so'fiyona qarashlar talqini tajassum topgan. So'fiyona talqinga binoan, iymon (e'tiqod)dan so'ng yaqin (ishonch) turar ekan, buni Varroqning o'zi ham e'tirof etadi. So'fiylik ta'limotida ishonch (ya'ni yaqin) aksar vaqt nur tarzida namoyon bo'lishi ta'kidlanadi, demak, so'fiylikda nur - bu ilm, aniqrog'i nur - bu Olloh. Shundan Varroq Olloh taoloni faqatgina ilm vositasida anglash, bilish va topish mumkin, degan da'voni ilgari suradi. Xulosa shuki, nur - Olloh, yaqin (ishonch) - Olloh, iymon (e'tiqod)-Olloh, demak, barcha narsalar zamirida Olloh yotadi va Olloh - barcha hodisotlarning asil ibtidosi. Varroqning bu fikrlariga al-Hakim at-Termiziy so'zlari ravshanlik kiritadi. Al-Hakim aytadi: «Olloh dastlab ilmni, undan keyin hikmatni yaratgan, hikmatdan adolat va haqiqatni vujudga keltirgan ham Ollohdir».
Mahmud ibn Vali (XVII asr)ning ta'kidlashicha, al-Hakim at-Termiziy va Abu Bakr Varroq janobi oliylarning nurafshon qabrlari Termiz shahri devorlarining janubiy tomonida joylashgan. Allomalar qabri joylashgan mahallaning nomi Mashohid deyilgan va bular shuning isbotiki, Varroq qabri ustozi al-Hakim qabriga yaqin yerda bo'lgan. Qolaversa, Varroq qabrini Kaptarxonada yoki Jarqo'rg'onda deb e'tirof etuvchilarning fikri ham o'z galida inkorini topadi. Varroq o'z zamonasi obidlarining qiblagohi, zohidlarining eng muqaddas nisbalarini olgan ulug' mutafakkirdir. Bizgacha Varroqdan ko'plab hikmatlar va hayotidan ibratli rivoyatlar yetib kelgan, quyida shulardan ayrimlarini hukmingizga havola etamiz.
Hikmatlar: Jami barakotlarning kaliti sabrdadir. Sabrni ehtiyot qil, zero, sabr sen bilan nafs o'tasidadir. Sadoqatni asragin, chunki u sen bilan Olloh o'rtasidadir. Kimki, o'z ishlarining rivojini osmondan deb bilsa sabr qilsin va kimki bu ishlarni yerdan desa hayratlansin. Kimki o'z nafsiga mahliyo bo'lsa, kibr va hasad, xorlik va xo'rlik unga sherikdir. Sukut oriflik (xudoni bilish)ning belgisidir va bu xil oriflarning kalomi hamisha maroqlidir. Anbiyodan keyin hakimlar turadi, hikmat ahlini aytmasa, nubuvvatdan so'ng hech narsa yo'q, ahli hikmatning hukmi amri vojibdir. Hikmatning nishonasi sukutdir va so'z aytish hojat qadar bo'lmog'i zarur. Varroqdan zuhd haqida so'rabdilar, u debdi: Zuhd (arab alifbosida uch harfdan iborat so'z), ya'ni Zo(zayn) - tarki ziynat, Ho(hoyi havvaz) - tarki havo, ya'ni kibru havo tarkini shior aylamak, Dol - tarki davlat. Varroq hamisha e'tirof etar ekan: Ko'p so'zlash yurakni xasta qilur.
Rivoyat: Varroq butun umr Xizr alayhissalomni ko'rish niyatida yashabdi. Varroq odati bo'yicha har kuni qabristonga borib kelar va shu borib kelish chog'ida «qur'oni Karim»dan qator suralarni ichida o'qir ekan. Bir kuni endi uyidan chiqqan mahal, unga bir nuroniy chol salom beribdi va men bilan suhbat qurasanmi deb so'rabdi. Varroq bajonu dil ko'nibdi. Ular suhbatlashib qabristonga borib qaytishibdi va xayrlashish payti haligi nuroniy chol unga debdi: «Sen butun umr Xizrni ko'rmoq orzusida eding, men Xizrman. Sen bugun men bilan suhbat qurib, o'zingning eng sevimli mashg'uloting «qur'on» o'qish odatini buzding. Agar Xizr bilan suhbat qurmoq shunday bo'lsa, boshqalar bilan suhbat qurish qanday bo'lar ekan!»
Yusuf Hayyot Termiziy
Yusuf Hayyot Termiziy IX-X asrlar yetuk shayxi, islom dini donishmandlaridan biridir. U kishi so'zda juda o'tkir bo'lgan, uning ajoyib fazilatlarini Varroq Termiziy yuqori baholagan. Alisher Navoiy «Nasoyimul muhabbat»da donishmandona ta'birlardan, ma'no-mohiyati obdan sharhlanishi lozim hikmatlardan bittasini Yusuf Hayyot Termiziydan keltiradi: «Sen uyingdan qanchalar uzoqqa ketma, baribir, qayta uyingga qaytasan». Hayyot Termiziyning bu aytganlaridan murod-muddao shuki, inson nechog'lik yuksak ufqlarga faxru g'ururga intilmasin, u, albatta, uyiga- tuproqqa qaytadi, u tuproqdan yaratilgan va tag'in tuproqqa - o'zligiga qaytishi muqarrar. Varroq Termiziy aytar ekanki: «Hayyot Termiziyning bu so'zlari yuz yillik ibodatdan yaxshirokdir».

Комментариев нет:

Отправить комментарий