Surxondaryo tarixi kitobidan:SURXON VOHASI ILK TEMIR DAVRIDA. DASTLABKI DAVLATCHILIK BIRLASHMALARINING SHAKLLANISHI
Sopolli
madaniyatining inqirozi natijasida vohada yangi bir madaniyat, ya'ni Kuchuktepa
madaniyati shakllandi. Kuchuktepa madaniyati Sopolli
madaniyatidan sinfiy munosabatlarning yanada kuchayuvi bilan farqlanadi.
Kuchuktepa madaniyatida ko'zga tashlanadigan yana muhim bir xususiyat sun'iy
sug'orishga asos-langan anhorning barpo qilinishidir. Chunki bronza davrida
ziroatkorlik xo'jaligi asosan soy va daryolarning bo'ylarida shakllangan
bo'lsa, bu davrga kelib yangi yerlar o'zlashtirildi va anhorlar qazildi. Ana
shu xil sug'orish manbalari asosida Sherobod, Bandixon, Sho'rchi dehqonchilik
markazlari shakllandi.
Ushbu dehqonchilik o'lkalarida Kuchuktepa, Tallashqon, Jondavlatgepa,
Qiziltepa, Hayitobodtepa, G'ozimulla, Bandixontepa kabi istehkomli qo'rg'onlar
qad rostladi. Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmidan boshlab
temirdan yasalgan mehnat qurollarining keng miqyosda yoyilishi jamiyat hayotida
tub o'zga-rishlar sodir bo'lishiga olib keldi. Arxeologik tadqiqotlar
natijasiga ko'ra Surxon vohasida so'nggi bronza va ilk temir davriga oid
qadimiy madaniyat namunalari nihoyatda ko'p ekanligi aniqlandi. Miloddan
avvalgi bir ming yillikning birinchi yarmidan boshlab vohada temirdan mehnat va
urush kurollari yasala boshlaganligi ilmiy isbotlandi va ishlab chiqarishning
xo'jalik shakllari yana gurkirab rivojlandi. Sherobod, Boysun, Jarqo'ton,
Bandixon, Sho'rchi tumanlaridan topilgan tarixiy-arxeologik manbalarga tayanib
viloyat hududida ziroatchilik bilan shug'ullanish usullari nihoyatda qadimiy va
an'anaviy ekanligini bilish mumkin. Surxon vohasida dexqonchilikning
takomillashib borganligini sun'iy sug'orish shaxobchalarining barpo qilinishi
natijasida paxta, arpa, don, zig'ir, kunjut, qovun urug'lari qoldiklari
namunalarining topilishidan ham bilish mumkin. Ajdodlarimizning tinimsiz
izlanishda bo'lganliklarini isbotlovchi manbalar beqiyos, masalan miloddan
avvalgi VII-VI asrlarga oid Bandixon vohasidagi sun'iy sug'orishga oid kanal
qoldiqlari, murakkab mudofaa inshootlari, Bandixontepa, Kuchuktepa,
Qiziljartepa manbalari bunga misol bo'la oladi. Shunday boy tarixiy manbalarni
o'rganish va ularni ilmiy tadqiq etish muhim ahamiyatga molik hamda kechiktirib
bo'lmas vazifadir.
Surxondaryodagi qadimgi madaniyat jahon sivilizasiyasi yutuqlarida o'z
o'rni hamda salohiyati bilan ajralib turadi, ana shunday joylardan biri
Kuchuktepa yodgorligidir. Vohadagi arxeologik qazilmalar boy tarixiy
merosimizni o'rganishni yanada mukammallashtirib, o'tmish ajdodlarimiz turmush
tarzini yori-tishga alohida hissa qo'shmoqda. Kuchuktepa yodgorligi miloddan
avvalgi IX-VIII asrlar (Muzrobod tumani)ga oid bo'lib, bu yerdan qo'lda
yasalib, ustiga qizil buyoqda naqsh solingan sopollar chiqdi. Kuchuktepaning
ustki qatlamlaridan esa silindrkonus shakliga ega bo'lgan va kulolchilik
charxida juda puxta qilib ishlangan idishlar topildi. Akademik A. Asqarov
Kuchuktepa majmualarini davrlashtirib, Kuchuk I majmuasini miloddan avvalgi
XI-VIII asrlar yoki so'nggi bronza davri, Kuchuk II, III va IV larni esa
miloddan avvalgi VIII asrning ikkinchi yarmi va V asr boshlari bilan
belgilashni qayd etdi. Kuchuktepa xarobalaridan topilgan xom g'isht va paxsadan
bino qilingan istehkomlar, ular atrofidagi to hozirgi kungacha saqlanib qolgan
sug'orish ariqlarining quruq o'zanlari, sopol va metall buyumlar so'nggi bronza
va ilk temir davri madaniyatini o'rganishga imkon beradi.
Kuchuktepa madaniyati keyinchalik Baqtriya madaniyati uchun asos bo'lib
xizmat qilgan. Surxon vohasida ilk temir davriga oid yodgorliklar ham anchagina
bo'lib, bunga Jondavlatgepa, Qiziltepa, Tallashqontepa, Bandixontepa, G'ozmulla
va Hayitobodtepa kabi yodgorliklarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Dehqonchilik maydonlarining kengayishi, mehnat qurollarining takomillashuvi va
Bandixon vohasida sun'iy sug'orish inshootining barpo etilishi natijasida
mehnag unumdorligi oshib, qo'shimcha mahsulot ishlab chiqarila boshladi.
Ortiqcha mahsulotning paydo bo'lishi esa ibtidoiy jamoa tuzumining
yemirilishiga sabab bo'ldi.
Temir buyumlarini hayotda keng miqyosda qo'llash qishloqlar
taraqqiyotiga ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Qishloqlarning atroflari mudofaa
devorlari bilan o'ralib, ushbu manzilgohlar qal'alarga aylanib bordi.
Shu davrda ham dehqonchilik o'lkasi o'zining bosh shahriga, qishloq
qo'rg'onlariga, harbiy istehkom va ibodatxonalariga ega bo'la boshladi.
Arxeolog olimlardan A. Asqarov, L. I. Albaum va A. Sagdullayevlar tomonidan
ushbu davrni o'rganish borasidagi sa'y-harakatlar natijasi o'laroq Qiziltepa va
Hayitobodtepa shahar-larining umumiy maydoni 10-22 gektar atrofida ekanligi
aniqlandi. Ushbu shaharlar mudofaa inshootlari bilan o'ralgan bo'lib, asosan 2
qism, ya'ni arki a'lo va shahriston qismlaridan iboratdir. Sho'rchi tumanida
joylashgan Qizilcha yodgorligi ham qadimgi Baqtriya uy-qo'rg'onlaridan biri
bo'lib, bu yerdagi uy-joylar paxsa va xom g'ishtdan barpo etilgan. Bu yerning
aholisi ham sug'orma dehqonchilik va hunarmandchilik xo'jaliklari bilan
shug'ullangan.
Miloddan avvalgi II ming yillik oxiri - I ming
yillikning birinchi yarmida vohada ibtidoiy muno-
sabatlarning to'liq yemirilib, sinfiy jamiyatga o'tish
jarayoni sodir bo'ladi. So'nggi bronza va ilk temir davrida o'troq
dehqonchilik bilan shug'ullangan aholining madaniy jihatdan chorvador
qabilalarga nisbatan ancha ustunligi seziladi. Xullas, Surxondaryo vohasida
so'nggi bronza davriga mansub atrofi mudofaa devorlari bilan o'ralib mustahkamlangan
qishloq xarobalarining topib tekshirilishi bronza davri madaniyatini
o'rganishda juda boy va qimmatli manbalar berdi. Keyingi yillarda o'tkazilgan
arxeologik tekshirishlar tufayli ilk temir davriga oid bir qancha ajoyib
madaniyat yodgorliklari aniqlandi.
Sinfiy tabaqalanish kuchaygan sayin jamiyatni boshqarish qiyinlashadi.
Jamoa boyliklarini taqsimlash, jamoani boshqarish, sug'orish inshootlarini
barpo qilish, xo'jalik ishlarini yo'lga qo'yish, urug' va qabilalararo
munosabatlarni tartibga solish, qo'shni qabilalar hujumini bartaraf etishni
tashkil etish davlat zimmasidagi muhim vazifa edi. Xullas, miloddan avvalgi
VIII-VII asrlarda Surxon vohasi hududlarida davlatchilik munosabatlarining
shakllanishi uchun ehtiyoj tug'iladi va shu zaruriyat asnosida tarixi 2700
yilga borib taqaladigan qadimgi Baqtriya davlati qaror topadi. Qadimgi Baqtriya
davlati Eron ahamoniylari istilosiga qadar shakllangan davlat birlashmasi edi.
Qadimgi Baqtriyani boshqargan sulolalar to'g'risida biron-bir ilmiy xulosaga
kelish qiyin.
Ahamoniylar saroyida tabiblik qilgan yunon muarrixi Ktesiy(430-354)ning
«Persika» asarida Baqtriya la'li to'g'risida hamda Ossuriya podshosi Ninning
Baqtriyaga qilgan istilochilik yurishlari haqida ma'lumotlar mavjud. Ktesiyning
ma'lumotlariga ko'ra, o'sha paytda Baqgriyaning podshosi Oksiart ismli kishi
bo'lgan. Ninning Baqtriya zaminiga juda katta qo'shin bilan hujum qilganligini
inobatga oladigan bo'lsak, o'sha davrda Baqtriyaning harbiy qudrati ancha
yuksak darajada ekanini taxmin qilish mumkin. Bu davrda Baqtriya aholisining
katta qismi ziroatkorlik va hunarmandchilik bilan mashg'ul edi. «Avesto»ning
«Videvdat» (ikkinchi nomi «Vendidod») kitobida Baqtriya eng yaxshi mamlakatlar
va o'lkalardan biri sifatida e'tirof etiladi. Rim tarixchisi Kvint Kursiy
Ruf()Baqtriya nomining kelib chiqishi haqida to'xtalib, «Baqtriya daryosi
nomidan shahar va viloyatning nomi kelib chiqqan» deb hisoblaydi.
Miloddan avvalgi 700-540 yillar qadimgi Baqtriya davlatining
rivojlangan davri hisoblanadi. Baqtriya davlatining bu qadar yuksak darajada
rivojiga qudratli shahar va qal'alarning ushbu davlatning markaziy savdo
yo'llari ustida joylashganligi, hunarmandchilik rivoji va boshqa omillar sabab
bo'lgan. Shunday qilib Eron ahamoniylari istilosiga qadar Janubiy O'zbekiston
mintaqasida qadimgi Baqtriya davlati mavjud edi. Ushbu davlatning istehkomli
qal'a va shaharlari sifatida Kuchuktepa, Qiziltepa, Tallashqon va Bandixon-2
manzilgohlarini ko'rsatish mumkin. Bularning har biri mahalliy hokimlarning
o'rdasi hisoblanib, Qadimgi Baqtriya podsholigi esa ushbu tuman va viloyatlarni
birlashtiruvchi harbiy demokratik tipdagi konfederasiya edi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий