Surxondaryo tarixi kitobidan: BAQTRIYA YERLARI ERON AHAMONIYLARI VA ISKANDAR ZULQARNAYN SALTANATI TARKIBIDA
Ma'lumki,
qadimgi Baqtriyaning hududiy joylashuvi va geografik chegaralari haqidagi
masala XIX asrdan boshlab muhim ilmiy muammo sifatida o'rganib kelinmoqda. 1877
yili avstraliyalik sharqshunos V.Tomashek birinchilardan bo'lib Baqtra
satrap(hokim)ligining Oksdan shimolga yoyilganligi haqidagi g'oyani ilgari
surgan edi. Bu g'oyani arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan M.M.Dyakonov
rivojlantirdi va «Shimoliy Baqtriya» tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi. Shu
davrdan boshlab bu atama shimoldan Hisor tog' tizmasi, g'arbdan Ko'hitang
tizmasi, janubdan Amudaryo, sharqdan Pomir tizmalari bilan chegaralanuvchi keng
geografik hududni anglatadigan bo'ldi.
Lekin bir qator olimlar bu fikrga qo'shilmaydilar, ular yozma manbalarga
tayangan holda yuqorida ko'rsatilgan hudud So'g'diyonaga qarashli bo'lgan va
Baqtriyaning shimoliy chegarasi Amudaryo - Oks orqali o'tgan deb hisoblaydilar.
Amerikalik olim R.Frayning fikriga ko'ra, Baqtr shahri-keng qamrovli o'lkaning
madaniy markazi bo'lib, uni shimoldan, sharqdan va janubdan tog'lar o'rab
turgan. Uning yerlarini sug'oruvchi Amudaryo uni ikki qismga: janubiy -
Surxondaryo viloyati, shimoliy - afg'on Turkistoniga ajratib turgan.
B.Staviskiyning fikricha, Amudaryo o'zining o'rta oqimida vaqtinchalik
harbiy-siyosiy chegara vazifasini o'tagan bo'lishi mumkin, ammo u hech qachon
etnik-madaniy yoki etnik-tarixiy chegara vazifasini bajarmagan. Bir qator
tadqiqotchilarning fikricha, Baqtriya va Sug'diyona o'rtasidagi chegara
Amudaryo va Surxondaryo bo'ylab o'tgan. Ushbu chegara Vaxsh va Amudaryo orqali
o'tgan degan fikrlar ham mavjud, bu fikrga ko'ra, Surxondaryo va Kofirnihon
viloyatlari So'g'diyonaga qarashli bo'lgan, Afg'onistonning shimoliy
viloyatlari, ya'ni Janubiy Turkiston esa Baqtriya hududiga kirgan.
Amudaryo - Oks Baqtriya va So'g'dning chegarasi bo'lgan degan fikrlar
Iskandar tarixchilarining ma'lumotlari asosida aniqlangan. Iskandardan avvalgi
va uning yurishlaridan keyingi davrga oid Baqtriyaning shimoliy chegaralari
haqida guvohlik beruvchi yozma manbalar esa mavjud emas. Yozma manbalarni
chuqur tahlil qilgan I.V.Pyankov bir qator tadqiqotchilarning Baqtriya
haqidagi, uni Oksning faqat chap qirg'og'ida joylashgan bir o'lka, degan
qarashlari haqiqatga to'g'ri kelmasligini asoslab berdi. I.V. Pyankov tomonidan
ushbu masala atroflicha tahlil qilindi va yozma manbalarning axborotlari hamda
arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan holda mil. avv. IV asr uchinchi
choragining oxiriga kelib Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlar -
O'zbekistonning Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston yerlari Baqtriyaning
tarkibiga kirganligi ilmiy jihatdan asoslab berildi.
Mutaxassislar tomonidan Shimoliy Baqtriya hududida joylashganligi taxmin
qilinayotgan Gabaza va Paretaka viloyatlarining geografik o'rni masalasi ham
ko'rib chiqildi. Ma'lumki, Kursiy Rufning «Iskandar tarixi» va Arrianning (95-175)
«Iskandar yurishlari» asarlaridagi xabarlarida Shimoliy Baqtriya va
So'g'diyonada joylashgan viloyatlar, qal'alar va shaharlar xususida qimmatli
ma'lumotlar mavjud. Kursiy Rufning ma'lumotlariga ko'ra, Iskandar
yurishlarining uchinchi oyida qo'shin bilan qishlik qarorgohidan chiqqan va
Gabaza viloyati sari yurish qilgan.
Iskandarning Markaziy Osiyo janubiy viloyatlariga yurishining ikkinchi bosqichi
mil. avv. 327 yilning bahorida boshlangan bo'lib, asosan «paretaklar mamlakati»
orqali o'tganligi aytiladi. Ushbu viloyatning joylashgan o'rni xususida olimlar
turlicha fikr bildiradilar, masalan V.Tomashekning fikriga ko'ra, Parataka
viloyati Badaxshon hududida joylashgan va u tog'li mamlakat bo'lgan.
V.V.Grigoryevning taxminicha, Parateka atamasi «tog'li mamlakat» ma'nosini
anglatib, u Surxondaryo, Surxob va Kofirnihon vohalarida, ya'ni Hisor
o'lkasining o'rta va shimoliy qismida joylashgan. I.Markvart Paratekani «daryo
yuvib turuvchi viloyat» deb ataydi va uni hozirgi Surxondaryo viloyati va
Tojikiston hududida joylashganini ma'lum qiladi.
Lekin yuqoridagi qarashlar ilgari surilgan paytda ularni tasdiqlovchi yoki
inkor qiluvchi arxeologik ashyolar va ma'lumotlar hali mavjud emas edi. Hozirgi
kunda esa Surxondaryo viloyatining shimoli-g'arbiy qismidan Iskandar yurishlari
davriga oid bir qator manzilgohlar ochib o'rganildi. Ana shu yangi arxeologiya
ma'lumotlarini yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan qiyoslab va olimlarning bu
boradagi qarashlarini tahlil qilib Paretaka viloyatining joylashgan o'rni
masalasiga oydinlik kiritish imkoni paydo bo'ldi. Olib borilgan ilmiy
tadqiqotlar natijasida Parateka mamlakati hozirgi Surxondaryo viloyatining tog'
oldi qismidagi Ulanbuloq, Sherobod, Urgul, Surxon, Halqajar va To'palang
vohalarida joylashgan viloyat bo'lganligi va uning markazi Qiziltepa o'rnida
ekanligi asoslab berildi.
Baqtriyaning qachon ahamoniylar tomonidan istilo etilgani noma'lum. Ksenofont
Baqtriya Kir tomonidan bosib olindi deydi va bu voqealarning qachon sodir
bo'lganini qayd etmaydi. Lekin bu voqealarning miloddan avvalgi 545-540 yillar
oralig'ida sodir bo'lgani ancha aniq holga kelgan. Doro I davrida o'tkazilgan
ma'muriy islohotga binoan Baqtriya yerlari 12-viloyat sifatida qayd qilinadi.
Bu davrda Baqtriya satrapligiga Marg'iyona va So'g'diyona hududlari ham kirgan,
buni Doro I ning Bexustun qoya toshlariga raqam qildirgan bitiklaridan ham
bilsa bo'ladi. Doro I Marg'iyonada ko'tarilgan 522 yildagi Frada
qo'zg'olonining Baqtriya satrapi Dodarshish tomonidan bostirilishi haqida
to'xtalib «mana, men Baqtriya uchun nimalarni qildim» deb ta'kidlashi ham
Marg'iyonaning Baqtriya tarkibiga kirganligani bildiradi. Baqtriya satrapligi
Eron ahamoniylari xazinasiga yiliga 36 (10 tonna) talant kumush miqdorida
yillik soliq to'lagan. Bundan tashqari, Suzadagi saroy qurlishiga Baqtriyadan
ko'plab miqdordagi yaltiroq toshlar va lojuvard jo'natilgan. Erondagi Persopol
saroyidagi rasmlarda ahamoniylar podshosiga xiroj keltirish marosimi
tasvirlangan. Ushbu rasmda baqtriyaliklar o'n beshinchi guruhdan joy olgan
bo'lib, ularning besh vakili tuya yetaklab, maxsus idishlarda narsa olib
borayotganligi aks ettirilgan. Baqtriyalik yigitlarning fors qo'shinlarida
xizmat qilgani va ularning mardliklari haqida ham ma'lumotlar mavjud. Qadimgi
yunon dramaturgi Esxil o'zining «Forslar» tragediyasida yunonlar bilan
eroniylar o'rtasidagi miloddan avvalgi 480 yilgi Salamin jangida Eron qo'shini
tarkibida jang qilgan hamda halok bo'lgan baqtriyalik jangchilar Tenagon va
Aritomlarning ismlarini tilga olib o'tadi. Bu jang haqida Gerodotning xabar
berishicha, Baqgriya chavandozlarining qurollari piyoda askarlarning
qurollariga o'xshar ekan. Yana Gerodot baqtriyaliklarning ust-boshi hindlarning
ust-boshiga o'xshaydi, ular o'q-yoy va kalta nayzalar bilan qurollangan, deb
yozadi.
Jahon sivilizasiyasi tarixida alohida ahamiyatga ega bo'lgan Baqtriya davlati
dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan mustahkam iqtisodiy-madaniy aloqalar
o'rnatib, siyosiy yo'nalishda o'zining mustahkam nufuziga ega bo'lgan.
Baqtriyaning ichki-tashqi siyosatida amalga oshirgan islohotlari, qo'shni
mamlakatlar bilan olib borgan iqtisodiy-siyosiy munosabatlari haqida Yunon,
Eron, Hindiston, Chin va Rum tarixnavislari ko'plab tarixiy voqealarni yozib
qoldirganlar. Yunon tarixchisi Kvint Kursiy Ruf xabariga ko'ra «Baqtr davlati
nomi Baqtr daryosi nomidan olingan, poytaxt shahar - Zariasp shahri keyinchalik
daryoning nomi bilan Baqtr deb ataladi» va bu nom viloyat nomiga ham ko'chadi.
Baqtr davlati keng bepoyon o'lka bo'lib, janubda Hindiqush (Parapamis),
shimolda So'g'diyona, g'arbda Marg'iyonagacha (Murg'ob vohasi) bo'lgan
hududlardan iborat bo'lgan. Mashhur tarixiy manba «Avesto»da bu o'lkaning
beqiyos yurt ekanligi ta'riflanadi va u Baxdi (Baqtriya) bayroqlari doimo
baland hilpirab turadigan, ya'ni shon-shavkat o'lkasi sifatida tilga olinadi.
Baqtriyaning tarkibiy qismi bo'lmish hozirgi Surxon vohasi hududi Oksning o'ng
sohilida joylashgan nihoyatda ravnaq topgan yirik shaharlarga ega bo'lib, ular
savdo-sotiq rivojlangan iqtisodiy-siyosiy va madaniy markazlar sifatida mashhur
edi. Baqtriyani yirik sulolalar boshqaradi, uning siyosiy kuchi cheksiz, harbiy
qudrati shu darajada dahshatli ediki, hatto u yirik davlatlarni ham qo'rquvga
solib turgan. Yunon tarixchisi Ktesiyning yozishicha, Ossuriya (Gerodotning
aytishicha eroniylar Suriyani shu nomda yuritishgan) podshosi Nin Baqtriyaga
qarshi 1700 ming piyoda, 210 mingdan otliq askar, 10 mingdan ortiq jang
aravalari bilan bostirib kelib, butun shahar va qishloqlarni talab, ko'plab
oltin-kumushlar va qullarni olib ketgan. Muarrix Pompey Trog qadimgi manbalarni
ko'zdan kechirgan holda yozishicha, Ninning Baqtriyaga qilgan bosqinchilik
yurishi davrida «... Baqtr podshosi Zardo'sht (Zaroastr) bo'lgan» ekan.
Akademik A.Asqarovning ta'kidicha: «Ktesiy hikoyalarining asosida qandaydir tarixiy
haqiqat borligiga ishonish qiyin emas. Masalan, Baqtriya bilan Ossuriya
o'rtasida iqtisodiy aloqalar bo'lganiga shubha yo'q, chunki Baqtriyadan o'z
davrida Ossuriyaga ikki o'rkachli tuyalar qatnagan, bu tuyalarda Baqtriya
lazurati oqib borgan, Bular haqida Sargon II davri(mil. avv. VIII asr)ga oid
manbalarda xabarlar beriladi». A.Asqarov davom etib yozadi: «Miloddan avvalgi
VIII- VII asrlarda bir butun yirik madaniyat markazi sifatida shakllangan
yurtlardan biri Baqtriyadir. Uning hududini O'zbekistonning Surxondaryo
viloyati, Janubi-G'arbiy Tojikiston yerlari, Shimoliy Afg'oniston (va Sharqiy
Turkmaniston B.M.) tashkil etadi. Bu yurtda miloddan avvalgi VIII -VII asrlarda
«Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi
shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zalrdushtiylik dinining ilk makonidir.
Uning hukmdori Kavi Vishtaspa esa Zaratushtra diniy islohotini birinchilar
qatorida qabul qilib, uni davlat dini deb e'lon qilgan».
Yunon tarixchisi Ktesiyning ma'lumotlarida ahamoniylar doimiy tarzda Baqtriyaga
bosqinchilik yurishlari qilib, bu boy hududni talon-taroj qilib turgan va xalq
notinch holatda yashagan. Gerodot Eron-Baqtriya munosabatlarini o'rganib
«Doroni forslar savdogar deyishlariga sabab, u birinchi bo'lib soliq tizimini
joriy etganligidandir». Hatto Gerodotning qayd etishicha, soliqlardan tashqari
ahamoniylar baqtriyaliklarni suv yo'llarini to'sib qo'yib, qo'shimcha soliq
to'lashga majbur qilganlar. Gerodotning yozishicha, Doroning shaxsan amri bilan
poytaxt Suza shahridagi saroy qurilishida ishlatilgan oltinlar ayni Baqtriyadan
olib kelingan. Baqtriya Eron podshohlarini talonchilik harakatlariga muntazam
tarzda jiddiy qarshilik ko'rsatib, o'z milliy mustaqilligini saqlash uchun
kurash olib borgan. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning bergan ma'lumotida
«Baqtriyaliklar g'oyatda epchil, tabiatan qattiqqo'l, forslarning dabdabasiyu,
erkatoyligini xush ko'rmaydiganlardan» bo'lgan. Aftidan baqtriyaliklar
o'zlariga xos ayni shu xususiyatlarni yunon-makedonlarga ham qarshi qo'llagan
bo'lishlari haqiqatga yaqin turadi, bu xil hodisalarga Kursiyda ko'plab
ishoralar topiladi.
To'xtovsiz bo'lib turgan jang-jadallarga qaramay Baqtriya taraqqiyoti tinimsiz
taraqqiy etdi, uning shaharlarida hunarmandchilik, savdo-sotiq rasmi rivoj
topdi. Mamlakatda to'quvchilik, kunchilik, qurolsozlik, oltin, kumush,
qo'rg'oshin, qalay, mis, bronzadan turli xil mahsulotlar ishlab chiqarish avj
oldi. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning yozishicha Baqtriya tabiati boy va
rang-barangdir, uning ko'p bog'-rog'lari shirin mevalarga to'la, tuprog'i
unumdor joylarda bug'doy ekiladi, qolgan yerlar esa yaylovlarda iborat ekan.
Baqtriyada pul zarb etish, oltinni qayta ishlash mohirlik bilan amalga
oshirilgan, baqtriyaliklar o'ta zehnli bo'lib, fan ancha rivojlangan.
Baqtriya satrapligi ahamoniylar davlatida katta iqtisodiy va harbiy qimmatga
ega bo'lish bilan birga muhim siyosiy ahamiyatga ham ega bo'lgan. Baqtriya
satrapligini idora qilgan hokimlar ahamoniylar oilasining vakillari bo'lgan,
shuning uchun ham Baqtriya hokimlari ahamoniylar taxtini qo'lga kiritish uchun
doimo kurashib kelganlar. Jumladan, Baqtriya hokimi Masist o'z akasi Kserksga
qarshi qo'zg'olon ko'tarishga harakat qilgan. Yoxud keyinchalik Baqtriya
satrapi Bessning Doro III ni o'ldirib o'zini Artakserks IV nomi bilan podsho
deb e'lon qilishi ham bejiz emas edi.
Baqtriyaning shahar markazlari harbiy ahamiyat kasb etib qolmasdan
hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari ham edi. Bu shaharlar qalin va
mustahkam mudofaa devorlari bilan o'rab olingan. Ktesiyning «Persika» asarida
Baqtriyaning juda ko'p istehkomlari va qal'alari mavjudligi qayd etilgan,
vohamiz hududidagi Qiziltepa, Tallashqon, Qizilcha, Jondavlattepa, Beshqo'ton,
Bo'yrachi kabi arxeologik yodgorliklar ana shunday mustahkam istehkom qal'alar
hisoblanadi. Bu davrda Surxon vohasining aholisi asosan sug'orma ziroatkorlik
bilan bir qatorda hunarmandchilikning temirchilik, kulolchilik, to'quvchilik,
tikuvchilik, zargarlik va boshqa sohalari bilan ham shug'ullangan. Xullas,
Shimoliy Baqtriya, ya'ni hozirgi Surxon vohasi hududlari miloddan avvalgi VI-IV
asrlarda Eron ahamoniylari davlati tarkibida bo'lgan.
Iskandar istilosi. Eron ahamoniylariga qarashli ko'pgina hududlarni egallagan
Iskandar miloddan avvalgi 329 yidda o'zining azaliy dushmani Doro III ni o'ldirtirgan
Baqtriya satrapi Bessdan «qasos» olishni bahona qilib Araks (Amudaryo)dan
kechib o'tib hozirgi Surxondaryo hududlariga bostirib kiradi. Iskandar istilosi
arafasida Baqtriya satrapligi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha
rivojlangan o'lkalardan biri hisoblanardi.
Mashhur Rim tarixchisi Kursiy Rufning ta'kidiga asoslanib Baqtriyadan Oks
daryosi kechuvigacha bo'lgan masofani 400 stadiy (75 km) deb hisoblasak,
Iskandar askarlari Termiz va Kelif shaharlari oralig'idagi kechuvdan o'tganligi
ma'lum bo'ladi. Ushbu kechuv joyi Termizdan g'arbda joylashgan Sho'rob va
Cho'chqaguzar kechuvi bo'lgan. Bu paytda Bess va uning hamrohlari Nautakaga
chekingan edi. Iskandar hujumiga duchor bo'lgan ilk makonlardan biri hozirgi
Sherobod tumani hududida joylashgan Tallashqontepa o'rnidagi Branxiylar
shaharchasi hisoblanadi. Iskandarni Na-utakaga olib boradigan asosiy yo'l ham
aynan Sherobod vohasidan o'tgan bo'lib, bu yo'l suv manbalari, oziq-ovqat
mahsulotlariga boy makonlari bilan qadimdan mashhur edi. Sherobod vohasida
qadimiy dehqonlarning qishloqlari miloddan avvalgi XVII-XV asrlardayoq paydo
bo'lib, shuning uchun ham ushbu vohada ko'plab qo'rg'onlar joylashgan. Sherobod
vohasini kesib o'tib So'g'diyonaga eltuvchi ushbu yo'l makedonlar uchun juda
qulay bo'lgan.
Tallashqontepada olib borilgan arxeologik qazish ishlari natijasida akademik E.
V. Rtveladze bu tepada bir paytlar bino bo'lgan shaharni yunon branxiylari nomi
bilan bog'laydi va shu asosda o'z farazlarini ilgari sura boshladi. Yunon
branxiylari bu zaminga Iskandar Zulqarnayn (356-323) yurishlaridan 150 yil
burun kelib qolganlar. Bu voqealar ahamoniylar shohi Kserksning Yunonga yurishi
paytida, ya'ni miloddan avvalgi 480 yilda ro'y beradi. Kichik Osiyo hududida
joylashgan Milet shahrida Branx ismli nufuzli koxin avlodlari bunyod etgan
Apollon xudosi sharafiga qurilgan mashhur ibodatxona bo'lib, Eron-Yunon urushi
vaqtida shahar aholisining behuda qirilib ketishini istamagan kohinlar fors
shohi Kserksga ibodatxona xazinasini topshiradilar. Keyinchalik branxiylar
yunon xalqining g'azabidan qo'rqib, intiqomdan cho'chib, yengilgan forslar
bilan Eronga qochishga majbur bo'ladilar, chunki ibodatxona xazinasi muqaddas
sanalib, u daxlsiz hisoblangan. Manbalarning guvohligicha, miletliklarni shoh
Kserks yunonlar sira yetib borolmaydigan sharq tomondagi viloyatlardan biriga
ko'chirib yuboradi. Kursiy Rufning aytishicha, branxiylar Amudaryoning narigi
tomonidagi yerlarda kichik bir shaharchaga asos solganlar. Oradan 150 yil
o'tgan bo'lsa hamki, branxiylar, mahalliy xalq an'analarini qabul qilishgan
bo'lsalar-da, o'zlarining urf-odatlari, rasm-rusumlarini hali esdan chiqarmagan
edilar.
Iskandar Oksdan kechib o'tadi. Bu kechuv joyi, E. V. Rtveladze va A.
Sagdullayevlar fikricha, Sho'rob qo'rg'oni (Turkondaryo, ya'ni Sheroboddaryoning
davomi Qorasuvning Amudaryoga quyilish joyi) orqali sodir bo'lgan, sababi
Baqtra (Balx)dan daryoning o'ng sohilida joylashgan Sho'rob qo'rg'oni
(Paradagvi)gacha masofa 70 km, Kelifgacha bo'lgan masofa 90 km ni tashkil
etadi. Qolaversa, Kelifdan Nautaka(goho Ksenippa, Qarshi)ga borish qiyin,
chunki u yerlar cho'l mintaqasiga kiradi, Iskandar esa o'z qo'shinini zinhor
muqarrar o'lim changaliga tashlamas edi. Demak, Bessni ta'qib etgan
Iskandarnnig Oks (Amudaryo)dan o'tgan joyi har qalay Sho'robqo'rg'on
bo'lganligi haqiqatga yaqin turadi, qolaversa, manbalarning guvohligicha, Bess
o'z hamrohlari Spitamen va boshqalar bilan Termiz orqali Oksdan o'tadi hamda
ko'prik vazifasini o'tovchi yagona kemani yondirib ketadi. Bundan tashqari
Turkondaryo (Sheroboddaryo) sohili bo'ylab Qarshiga borish va Maroqandga yurish
ancha qulay bo'lib, aholi xuddi shu vohalarda yashar edi, bu esa oziq-ovqat
muammolari va yem-hashak uchun juda muhim edi. Qadimiy ipak yo'li ham xuddi shu
hududdan o'tganligi taxmin etiladi.
Endi yana branxiylar masalasiga qaytsak. Kvint Kursiy Ruf (milod. avv. I asr)
jahon fotihi Iskandarning Baqtradan So'g'diyonaga yurishi yo'nalishini quyidagi
shaklda beradi: Hindikush tog'lari - Baqtra - Oksdan o'tish - Branxiylar
shaharchasi - noma'lum tog'lar yonbag'ri - Maroqand. E'tibor berilsa,
Branxiylar shaharchasi Oksdan kechib o'tgandan keyin berilmokda, bu Paradagvi
(Sho'robqo'rg'on - Cho'chqa guzar - Kampirtepa, goho manbalarda
Sho'rqo'rg'on)dan 20 km shimolda joylashgan ayni Tallashqontepaning o'zidir.
Shahar aholisi, ya'ni branxiylar uzoq vatandoshlarini sevinib, shodiyona bir
tarzda tuz-non bilan qarshi oladilar, lekin Iskandar ularni sotqinlikda ayblab
hammasini qirib tashlaydi, hatto beshikdagi bolasini ham qoldirmaydi, shaharni
chinakamiga vayronaga aylantiradi. Shahar dunyo yuzidan butkul yo'qoladi, u
ikkinchi marta qaddini tiklay olmagan.
Iskandarning Shimoliy Baqtriya yerlariga hujumi davrida bu yerda Kuchuktepa,
Beshqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Bandixon, Bo'yrachi, Qizilcha va boshqa ko'plab
mustahkam qal'alar va uy-qo'rg'onlar bo'lgan. Surxon vohasining markazi
Qiziltepa bo'lgan, vohaning aholisi sug'orma ziroatkorlik xo'jaligi bilan
shug'ul-langan. Yuqorida nomlari zikr qilingan arxeologik manzilgohlarda olib
borilgan qazish ishlari jarayonida ko'plab miqdorda sopol idishlar, bronza va
temirdan yasalgan urush va mehnat qurollari, urchuq toshlar, igna va zeb-ziynat
buyumlarining topilishi bu davrda qurilish, hunarmandchilikning temirchilik,
kulolchilik, to'quvchilik, tikuvchilik va zargarlik sohalari jiddiy taraqqiy
etganligini bildiradi. Iskandarning harbiy yurishlari to'g'risida qalam
tebratgan Kursiy Ruf Baqtriya haqida ma'lumot berib, «Baqtriyaning tabiati boy
va turli-tumandir. Ba'zi joy-larda ko'pdan-ko'p daraxtzorlar, tok novdasi
shirin va serob meva hosil qiladi, unumdor yerlarni ko'p sonli buloq - daryolar
sug'oradilar, hosildor tuprog'ida bug'doy ekiladi, boshqa yerlar o'tloq uchun
qoldiriladi» deb yozadi. Kvint Kursiy Ruf Shimoli-G'arbiy Baqtriyadagi ikki
viloyat - Paretaka va Bubakenani tilga olgan. Ushbu viloyatlardan biri
Paretakaga Sherobod vohasi va unga tutash tog'oldi xududlari kiradi, Bubakenaga
esa Bobotogning har ikkala hududlari, ya'ni kun chiqish va kun botish tomonlari
ham kirgan.
Iskandar Zarafshon va Qashqadaryo vohalarini istilo qilib bo'lgach, miloddan
avvalgi 327 yildan boshlab tog' qal'alariga bekingan aholiyi bo'ysundirishni
o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Ana shunday tog' qal'alaridan biri Xoriyen
qal'asi bo'lgan. Kursiy Rufning ma'lumotlariga qaraganda, Xoriyen qal'asining
balandligi 20 stadiy (3500-3700 mt.kv), aylanasi esa 60 stadiy bo'lib, hamma
tomoni nishablikdan iborat bo'lgan. Qoyaga yolg'izoyoq yo'l olib borgan va qoya
atrofini chuqur jarlik qamrab olgan. Ayrim tarixchi olimlarning fikriga ko'ra, Xoriyen
qal'asi «Temir darvoza» darasida joylashgan bo'lib, «Temir darvoza» Baqtriya
bilan So'g'diyona o'rtasida chegara vazifasini o'tagan. Arrianning xabariga
asoslansak, Iskandar Xoriyen qal'asini olishda juda ham qattiq qarshilikka
uchragan. Baqtriya hududida Iskandarga qarshi kurash aynan hozirgi Surxondaryo
hududida nihoyatda kuchayib, milliy ozodlik harakati to'xtovsiz davom etdi.
Tarixchi Arrianning yozishicha bu zaminda Spitamenga o'xshash yurt ozodligi
yo'lida jon fido qilgan qahramonlar nihoyatda ko'p edi. Chunonchi, Baqtriya
shimolidagi Paretakada, ya'ni Boysuntog' va Ko'hitang tog' daralari
hududlaridagi mavzelarda yunon bosqinchilariga qarshi qaratilgan mahalliy
kahramonlar Katan va Avstan rahbarligida xalq g'alayonlari bo'lib o'tadi.
Iskandar Paretakadagi qo'zg'olonni bostirish uchun Krater ismli sarkardasi
boshliq qo'shinni qoldirib, o'zi Amudaryodan o'tib Zariaspaga (Balxning
ikkinchi bir nomi) yo'l oladi. Paretakada ko'tarilgan qo'zgolonga Katan va
Avstan ismli jangchilar boshchilik qilishgan, ikki o'rtada kechgan shafqatsiz
jang jarayonida Katan va bir yarim ming baqtriyalik qo'zg'olonchilar halok
bo'ladi, Avstan esa asirga olinadi. Yunonlarning Paretakadagi aynan mana shu
janggi Baqtriya tuprog'idagi oxirgi janglardan biri edi.
Iskandarning istilosi davrida voha aholisi juda katta yo'qotishni boshidan
kechiradi. Xususan, viloyatdagi Baqgriya madaniyatiga oid bo'lgan 36 ta
yodgorlikning 33 tasi vayron qilinadi. Shahar va qishloqlar vayron bo'lib,
ilgari aholi gavjum yashagan Muzrobod, Sherobod, Bandixon va Mirshodi
vohalarini odamlar tashlab ketib, boshqa joylarni makon tutadi. Yunonlar bilan
bo'lgan jangda juda ko'plab aholi qirilib ketadi. Xo'jalik hayoti ancha izdan
chiqadi, qadimgi Baqgriya davriga oid bo'lgan boy madaniyat inqirozga yuz tutadi.
Iskandar vafotidan keyin Baqtriya yerlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi.
Salavkiylar sulolasining asoschisi Salavka I Nikator miloddan avvalgi 311-302
yillar oralirida baqtriyaliklar ustidan ham o'z hukmronligini o'rnatadi.
Salavkiylar davlatida sharqiy satrapliklardan biri sanalgan Baqtriyaning ham
o'rni juda katta bo'lgan. Salavkiylar davrida Iskandar istilosi paytida vayron
bo'lgan shahar va qishloqlar qayta tiklanadi, xo'jalik izga tushib, savdo
jonlanadi. Aynan shu davrda ellin madaniyati bilan mahalliy madaniyatning
o'zaro aralashuvi sodir bo'ladi. Baqgriyada yunon yozuvi tarqaladi. Yangi-yangi
qarorgohlar vujudga keladi, savdo rivojlanishi bilan yunon tangalari va yunon
og'irlik o'lchovi birliklari tarqala boshlaydi, Xususan, bu davr me'morchiligi
va shaharsozligida ham ellin an'analarining keng miqyosda yoyilishi kuzatiladi.
Ko'pgina tarixchilar shu paytgacha Termiz shahrining shakllanishi borasida ham
ellin madaniyatining ta'siri mavjud deb hisoblaydilar. Jumladan, Hofizi Abro'
Termizga Iskandar asos solgan desa, ayrim tarixchilar Termizning shakllanishini
Yunon-Baqgriya podshosi Demitriyning nomi bilan bog'laydilar. Bu ikkala fikr
ham izohga muhtoj bo'lib, Termiz shahrining shakllanishi juda qadimga borib
taqaladi. Termiz shaxri bronza va temir davrlarida Shimoliy Baqtriyada
shakllangan Jarqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Qizilcha va shunga o'xshash
shahar va qo'rg'onlarning tadrijiy davomi bo'lib, Termiz shaxrining
shakllanishida Shimoliy Baqgriya urbanizasiya jarayonining ta'siri katta. Demak,
Termizning shakllanish jarayoni Yunon-Makedon istilosidan oldingi davrlarga
borib taqaladi. Demak Ipak yo'lining shoh bekatida joylashgan Termiz shahrining
miloddan avvalgi VI-V asrlargacha rivojlangan shahar bo'lganiga shubha yo'q.
1. Qadimgi tarixiy manbalarda katta qiziqish bilan tilga olingan Termiz haqida
ko'plab ilmiy fikrlar tarixchilar tomonidan o'rganilmoqda hamda yangi tarixiy
ashyoviy manbalar qayd etilmoqda. Ko'hna shahar hozirgi Termizdan 8-9 km
janubi-g'arbda Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan bo'lib, qariyb 2500
yillik tarixga ega. Qadimdan Termiz Markaziy Osiyoni Xitoy-Misr bilan
bog'lovchi Buyuk ipak yo'lida joylashgan. Yunon- Baqgriya podsholigi davrida
katta madaniy bosqichni o'z boshidan kechirganligini tasdiqlovchi manbalarni
qayd etish zarur. Uning toponomik kelib chiqishiga e'tibor bersak, mahalliy
xalqlar baqtriyaliklar Termiz Taramastxa (baqtrcha, «narigi sohildagi manzil»),
Taramata, Taramat, Tami, Tarmit, Tarmiz, Termiz kabi shakllarda uchraydi.
Bundan tashqari shaharning nomi IV-V asrlardagi arman manbalarida
Drmat-Darmat(ehtimol Darmit), Termiz so'zigacha mahalliy xalqlar-baqtriyaliklar
taramastha, Tarameta (narigi sohil, daryoning u beti) Arman manbalarida IV-V
asarlarda u «Drmat» VII asr Xitoy manbalarida «Tamo», XIV asr Xitoy manbasida
«Tarmiz» va «Tirmiz», IX-XIII asr arab-fors manbasida «Termiz» va «Termiz» XII
asrda tarixchi somoniy Termiz. XIII asrda Yakut lug'atida 2 xil nom «Tarmiz» va
«Tirmiz». Qadimgi Tibet kitoblaridan birida taxoristonlik buddizm targ'ibotchisi
Dxarmamitraning nomi uchraydi va uning Pak-su (Oksu-Amudaryo) daryosi bo'yida
joylashgan Tarmita degan shahardan ekanligi qayd etiladi.
Shuningdek, shahar asoschisi-podshoh Demitriy nomi asosida Demitriy, Dermita,
Darmita nomi bilan keyinchalik Tarmita, Termid, X asrdan boshlab esa Termiz
nomi bilan bog'lanadi. Umuman Termiz shahrining Tara Mastha yoki Tara Maetha
-narigi sohildagi shahar, yanada tug'rirog'i daryoning narigi sohilidagi
shahar, shahar nomining Yunon-Baqtriya podshohi Demetriya (Dmitrius) bilan
bog'lanishlari isbotini topmaganidek, uning yunoncha termos so'ziga
aloqadorligi ham asosli emas.
Iskandar Zulqarnayn Termiz shahrini mustahkam tayanch qal'a sifatida
mustahkamlab, unga «Oks bo'yi Aleksandriyasi» nomini berganligi ingliz olimi V.
Tarn asarlarida qayd etilgan. Iskandar-daryo bo'yidagi bu manzilgohni mahalliy
xalq g'alayonlaridan saqlanish uchun muhim harbiy istehkom shaharga aylantirish
rejasi bilan uni qayta qurdiradi. Urush oqibatida xarobaga aylangan shahar
qayta ta'mirlanib takror tiklangach, unga «Oks Iskandariyasi» deb nom
qo'yadilar. Iskandar Zulqarnayn yurishigacha ham daryo sohilida shahar mavjud
bo'lgan, unda odamlar yashagan. Buni isbotlovchi yangi bir topilma yaqinda Eski
Termiz hududida qayd qilindi, ushbu manzilgoh ham miloddan oldingi birinchi
ming yillikning o'rtalariga taaalluqlidir. Biroq Iskandar vafotidan so'nggi
taxt talashishlar Termizning ijtimoiy hayotiga salbiy ta'sir qo'rsatib shaharda
birmuncha vaqt taraqqiyotning sustlashgani haqida arxeologik va yozma manbalar
xabar beradi. Shuning uchun bo'lsa kerak A. Tomashek Termizning eng birinchi
nomlari sifatida Antioxiya, Tarmita nomlarini keltiradi. Garchi bu fikr to'liq
isbotlangan bo'lmasa-da, Termizning Antioxiya deb nomlanishi tarixiy haqiqat
bo'lib, buni biz Qoratepa yodgorligidan topilgan sopol idish parchasida mazkur
nomning uchrashida ham ko'rishimiz mumkin. Boisi miloddan oldingi II asrda
hukmronlik qilgan shoh Antiox xarobaga aylangan shaharni qaytadan tiklaydi va
uni o'z nomi bilan «Oks Antioxiyasi» deb yurita boshlaydi.
Termiz shahri tarixini o'rganishda Salavkiylar va Yunon-Baqtriya shohlarining
nomidan zarb qilingan tangalar alohida o'rin egalladi. Bu topilmalar miloddan
oldingi III-II asrlardayoq Termizning kattagina shahar bo'lganligidan dalolat
beradi, endilikda shahar taxminan 10 gektar maydonni ishg'ol etgan. Arxeologik
izlanishlar tufayli Termiz xarobalaridan miloddan oldingi IV - III asrlarga oid
madaniy hammom topildi. Zikr etilgan asrlarda shaharning ancha tez sur'atlar
bilan rivojlanganligini taxmin etish mumkin bo'ladi. Arxeologik izlanishlar
natijasida Termizning miloddan oldingi III-II asrlarga oid moddiy madaniyatini
yorituvchi turli topilmalar qayd etildi. Fil suyagidan yasalgan turli narsalar,
ayol ma'budaning haykalchasi, nay bo'lagi topilmalari shaharda kulolchilik
taraqqiy qilganligidan dalolat beradi.
Shunday qilib Salavkiylar zamonida shimoli-g'arbiy Baqtriya yerlarida birmuncha
taraqqiy etish holatlari namoyon bo'lganligini kuzatish mumkin. Albatta,
shaharning birinchi nomi Termiz deb atalmagan, bu atama maydonga kelgunga qadar
mahalliy xalqlar, masalan, baqtriyaliklar shaharni Taramastxa yoki Taramata
(narigi sohil, daryoning u beti va h, k.) kabi nomlar bilan atagan bo'lishlari
mumkin. Termiz shahrining nomi va uning kelib chiqishi haqida ko'plab
rivoyatlar yuradi, shu xil rivoyatlardan birida Balxlik mashhur shayx Dorulomon
termizlik al-Hakimning g'oyibot olami bilan bog'lana olishdagi ruhiy quvvatini
sinamoq niyatida Termizga yo'l oladi. Dorulomon o'z xalifa(yordamchi)si bilan suvga
tushganda, buni oldindan bilgan al-Hakim Amudaryoga tushib daryoning yarmigacha
borib Dorulomonni kutib oladi. Hayratda qolgan Dorulomon xalifasiga-«Bu zotni
daryodan ko'tarib o't» ishorasini qiladi, xalifa kar bo'lganidan «boshini ol»
deb tushunib al-Hakimning boshlarini qilich bilan kesadi. Shunda al-Hakimning
kesilgan boshi tilga kirib Dorulomonga «Biz tirikmiz» debdi. Ul ulug' zotning
qabrlariga yig'lab borgan kishilarga «Biz tirikmiz» deb ovoz eshitilibdi,
o'shandan buyon shahar nomi tirimiz, ya'ni Tirmiz bo'lib ketgan emish.
Boshqa bir rivoyatda Termiz so'zi termos so'zidan olinganligi aytiladi, go'yo
Aleksandr Makedonskiy jazirima issiq paytlari shaharga kelgan emish va havoning
o'ta issiqligi tufayli, bu yer xuddi termosning o'zi ekan debdi. Termos
so'zining fonetik tarkibi-fonemalar miqdori hozirgi yunon va o'zbek tillarida
saqlangan. Yuz bergan tovush o'zgarishlarini o'zbek tilining fonetik qonunlari
tasdiqlaydi. «o»ning «i»ga «s»ning «z»ga o'tishi turkiy tillar fonetik
qonuniyati me'yori talabiga mosdir. Termo-yunoncha, issiq, issiqlik, harorat,
termometr-issiqlik o'lchaydigan asbob, termografiya-issiqlikni yozib oluvchi
asbob, idish, joy, makon tushunchalariga ega. Olimlardan V.L.Kozlovskiyning
«Termiz shahri tarixi»(1959) 1968 yil, J. Omonturdiyev, E. Pardayevlarning
«Hoja Hakim Termiziy» (Viloyat gazetasi, 1968), G. A. Pugachenkovaning «Termez.
Shahrisabz. Xiva.»(1976), T.Nafasovning «O'zbekiston toponimlarining izohli
lug'ati», SH.Safarovning «Termiz va termiziylar» (1993) kitoblarida -Termiz
atamasi baqtriycha, yunon-baqtriycha yoki sanskritcha Taramastha so'zidan kelib
chiqqan deyiladi. G.A. Pugachenkova o'z tadqiqotlarida Termiz nomini
sanskritcha (qadimgi hind tili) Taramata so'zi va Yunon-Baqtriya podshosi
Demetriya (Dermid-Termit-Termiz) nomi bilan bog'laydi.
Termizning qadimiy ekanligini isbotlovchi arxeologik moddiy-tarixiy ashyolar
nihoyatda ko'p manbalarni bermoqda. Termiz shahri yoshini to'liq ilmiy
o'rganish uchun 1980 yilda O'zFA Arxeologiya institutida Termiz tarixi va
madaniyatini o'rganish uchun maxsus arxeologik otryad tashkil etildi. Termizni
arxeologik-ilmiy o'rganishda professorlar B. P. Denike, M. YE. Masson, V. A.
Shishkin, V. D. Jukov, akademiklar A. P. Okladnikov, B. B. Petrovskiy, L. I.
Albaum, B. YA. Staviskiy, A. Asqarov, arxeolog olimlardan dosent SH. Pidayev,
T. Annayev kabilar haqida iliq fikrlar aytish mumkin. Salavkiylar davlatiga
ko'chmanchi qabilalarning to'xtovsiz hujumlari bu davlatning sharqiy
satrapliklardagi obro'yiga jiddiy putur yetkazdi. Salavkiylarga qarshi mahalliy
xalqlarning chiqishlari ro'y bera boshlaydi. Tang ahvolda qolgan Antiox
mahalliy aslzodalarga yon bosib, Baqtriyada salavkiylarning sharqiy
satrapliklari uchun pul zarb eta boshlaydi. Baqtriyada Antiox nomidan pul zarb
qilinishi uning mustaqillikka bo'lgan intilishini yanada kuchaytirib, bu
o'lkada salavkiylar ta'sirining tobora bo'shashib borayotganligidan dalolat
berar edi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий