понедельник, 30 мая 2016 г.

Surxondaryo tarixi kitobidan: YUNON-BAQTRIYA VA KUSHON PODSHOLIKLARI DAVRIDA SURXON VOHASI


Miloddan avvalgi III asr o'rtalarida Baqgriya satrapligining salavkiylar markaziy hokimiyatiga nisbatan muxolifati kuchayadi. Miloddan avvalgi 250 yilda Baqtriya satrapi Diodot Baqgriya yerlarini Salavkiylar davlatidan ajratib, Yunon-Baqtriya davlatiga asos soladi. Bu davrda Yunon-Baqtriya davlatiga nafaqat Baqtriya yerlari, balki So'g'diyona va Marg'iyona yerlari ham bo'ysuna boshlagan edi. Baqtriya yerlarining Salavkiylar davlatidan ajralib chiqishi aholiga bir qadar yengillik beradi. Bu davrda Baqtriya satraplari, bir tomondan, salavkiylar markaziy hokimiyati xurujlariga qarshi kurashgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, Parfiya podsholari tajovuziga qarshi kurash olib boradi. Mustaqillikka erishgan Baqtriya Diodot I davrida qudratli davlatga aylanadi. Yunon-Baqtriya podshosi Yevtidem davrida mamlakatning chegara hududlarini mustahkamlashga alohida e'tibor beriladi. Miloddan avvalgi 206 yildan boshlab Baqgriya yerlariga Salavkiylar davlatining solib turgan xavfi yo'qotiladi. Bu davrda vohada sun'iy sug'orishga asoslangan ziroatchilik va hunarmandchilikning qator tarmoqlari ancha yuksaladi. Pirovard natijada ko'plab shaharlar qad rostlaydi, xususan, Mirshodi vohasida yashagan aholi Dalvarzintepa o'rnidagi shaharga, Sherobod vohasida yashagan aholining bir qismi Jondavlattepa o'rnidagi shaharga, yana bir qismi esa Tallashqon II nomi bilan atalgan manzilgohga, Sho'rchi qishlog'i o'rnida esa Kofirqal'a (Kampirtepa) singari shaharlarga asos solinadi. Bu davrda Termiz (Tarmita) shahrining maydoni bir necha gektarga kengayadi. Shuning uchun ham yunon muarrixlari o'z asarlarida Baqtriya xususida to'xtalib: «Baqtriya - ming shaharli mamlakatdir» deb ta'kidlab o'tishlari bejiz emas edi, albatta.
Baqtriya o'sha davrda juda katgagina qo'shinga ham ega bo'lgan, tez-tez bo'lib turadigan jangu jadallar ham Baqtriya taraqqiyotini to'xtata olmagan. Xo'jalikning turli sohalaridagi rivoji natijasida savdo-sotiq ham ancha kamol topgan. Bu davrda baqtriyalik savdogarlar Chin-Mochin, Hindiston va Eron kabi mamlakatlar bilan iqgisodiy aloqalar olib borganlar. Baqtriya ziroatkorlari yetishtirgan mahsulotlar haqida yunon va chin manbalarida o'ta hayajon bilan so'z yuritiladi.
Baqtriyalik hunarmandlar oltin, kumush, qo'rg'oshin, qalayi, mis va bronzadan juda nafis zebu ziynat buyumlari, uy-ro'zg'or va xo'jalik qurollari yasaganlar. Bu davrda to'quvchilik, ko'nchilik, qurolsozlik va zargarlik hunarlari ancha yuksaladi.
Ilmiy izlanish natijalariga ko'ra, Baqtriyaning Salavkiylardan ajralib chiqishi mil. avv. 256 yilda ro'y bergan. Bu davrda Diodot Salavkiylarning Baqtriyadagi noibi edi, u shohlik rutbasini faqat Antiox II ning vafotidan keyin, taxminan mil. avv. 247-246 yillarda qabul qilishi mumkin edi va Baqtriyada mil. avv. 268 yildan mil. avv. 230 yilga qadar hukmronlik qiladi. Diodot I dan keyin Baqtriya taxtini uning o'g'li Diodot II egallaydi, undan keyin esa hokimiyat Evtidemga o'tadi. Diodotga hamda Salavkiylarga qarindoshligi bo'lmagan Evtidem Diodot II ni o'ldirib, taxtni kuch bilan egallaydi, bu voqea mil avv. III asrning 20-yillarida sodir bo'lgan. Shundan keyin Salavkiylar shohi Antiox III Evtidemni rasmiy hukmron sifatida tan oladi. Evtidemdan keyin Yunon-Baqtriya taxtini uning o'g'li Demetriy egallaydi, bu voqea taxminan mil. avv. II asrning 90-yillarining oxiri 80-yillarning boshlarida yuz bergan. Strabon ma'lumotlariga tayangan tadqiqotchilar Demetriyni «Hindistonning istilochisi» deb ataydilar, lekin bu masala fanda hali to'la o'z yechimini topmagan. Tangashunoslik tadqiqotlarining ma'lumotlariga tayangan holda ushbu muammo atroflicha o'rganildi va professor V.M.Massonning fikriga ko'ra, Demetriy hukmronligi yillarida yunonlarning Baqtriyadan Hindistonga siljishi, Yunon-Baqtriya shohlarining Hind-Yunon shohlariga aylanishi jarayoni boshlanadi. Keyinchalik bu jarayonni Osiyoning ichkari qismidan kelgan ko'chmachi qabilalar tezlashtiradilar. Basharti voqealar rivojiga e'tibor bersak, Demetriy o'z hukmronligining so'nggi yillarida Evkradit tazyiqi ostida Baqtriya mulklaridan siqib chiqariladi va unchalik katta bo'lmagan Hind mulklarini boshqarish bilan kifoyalanadi.
Yunon-Baqtriyaning yozma manbalarda nomlari uchramaydigan shohlari ham bo'lganki, masalan, Evtidem II, Antimax, Pantaleon, Agfokl, Geliokl kabi hukmdorlarning nomlari bizga faqat tangalar orqali yetib kelgan. Tangashunoslik ma'lumotlariga tayangan holda ular hukmronligining chegaralari masalasi imkon darajasida o'rganildi. Yunon-Baqtriya podsholigida Evkradit hukmronligi davrida (u taxm. Mil. avv. 170 yilda hokimiyat tepasiga kelgan) siyosiy vaziyat ancha murakkab kechadi. U so'g'diylar, araxoziyaliklar, draiglar, areylar, hindlar va parfiyaliklar bilan tinimsiz urushlar olib borishga majbur bo'ldi. Uning davrida parfiyaliklar Yunon-Baqtriya davlati g'arbiy viloyatlarning ma'lum qismini egallaydilar. Evkratid Hindlar shohi Demetriy bilan jang qiladi va uni yengib Hindistonni egallaydi. Hindistondan qaytayotgan Evkradit taxt vorisi bo'lgan o'z o'g'li tomonidan o'ldiriladi. Hozirgi qadar mutaxassislar o'rtasida Yunon-Baqtriyaning oxirgi hukmdori va evkratidning qotili Geliokl degan fikr mavjud edi. Yozma manbalar va tangalarning so'nggi tahlili bu masalaga oydinlik kiritish imkonini berdi. Unga ko'ra, Geliokl Evkratidning otasi bo'lgan, padarkush o'g'il esa Platon bo'lgan. Bu mash'um voqea mil. avv. II asrning 40-yillarida sodir bo'lgan. Platon taxminan ikki yil hukmronlik qilgan va u baqtriyadagi oxirgi Yunon hukmdori edi. 
Baqtriya davlati podsho Demitriy (mil. avv. 199-167 yil.) davrida o'z taraqqiyotining yuqori cho'qqisiga ko'tariladi. U davlat boshqaruvi sohasida islohot o'tkazib, davlatni mayda hokimliklarga bo'lib boshqaradi. Demitriy davrida harbiy istehkomlar va qal'alar qurishga alohida e'tibor beriladi. Bu davrda Shimoliy Hindiston yerlari ham Yunon-Baqtriya davlatiga bo'ysundiriladi va davlat poytaxti Hindistondagi Taksila shahriga ko'chiriladi. Miloddan avvalgi 168 yida Baqgriyada davlat to'ntarishi sodir bo'lib hokimiyat tepasiga kelgan Yevkratid va uning yunon vorislarining zamonidan Yunon-Baqtriya davlatida siyosiy tanglik kuchayib, mamlakat inqrozga yuz tutadi. Miloddan avvalgi 140-138 yillar oralig'ida So'g'd yerlari orqali Baqgriya yerlariga kirib kelgan yuechji qabilalari Yunon- Baqtriya davlatiga barham beradi.
Kushonlar davlati. Yuechji qabilalari Baqtriya yerlarida o'rnashgandan keyin ham ma'lum vaqt yagona davlat barpo qila olmagan. Oradan ancha yillar o'tgach, guyshuan qabilasi sardori Kudzula Kadfiz beshta qabilani birlashtirib Kushon davlatiga asos solgan. Kushon davlatining dastlabki o'zagini Baqtriya yerlari tashkil etgan. Kushonlar davlatining dastlabki poytaxti ham Sho'rchi tumani hududida joylashgan Dalvarzintepa yodgorligi xisoblanadi. Kushonlar davlatini yabg'u unvoniga sazovor bo'lgan hokimi mutlaq podsho boshqargan. Podshoning asosiy tayanchi yaxshi qurollangan harbiy qo'shin bo'lgan. Kushonlar qo'shini asosan otliq va piyoda qismlardan iborat bo'lib, qilich, xanjar, nayza va jangovar bolta bilan qurollangan. Kushonlar davlatida davlatni satrapliklarga bo'lib idora qilish tartibi saqlab qolingan. Kushon podsholari katga va kuchli qo'shinga tayanib, mamlakat chegaralarini kengaytirib borganlar. Olib borilgan istilochilik yurishlari natijasida Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston va Markaziy Osiyoning kattagina qismi Kushonlar davlatiga bo'ysundirilgan.
Kushonlar saltanati podsho Kanishka davrida (78-123) nihoyatda gullab-yashnaydi. Bu davrda Xitoy, Rim, Parfiya singari o'sha davrning nufuzli davlatlari bilan savdo-sotiq, iqtisodiy va rasmiy aloqalar yo'lga qo'yiladi, madaniy sohadagi aloqalar ham ancha kengayadi.
Xitoy tarixiy manbalarida qayd etilgan Guyshuanlar, milodiy 1 asrda Baqtriyada o'z hokimiyatlarini Kioszyuko rahbarligida o'rnatib, uning asli ismi Kujula Kadfiz edi. Kujula Kadfiz Xyumi, Shuanmi, Xeytun Gaofu sulolalaridan iborat to'rt hokimlikni ham o'ziga bo'ysundirdi. Baqtriyada hokimiyatni mustahkamlab olgan Kujula Kadfiz qo'shni viloyatlar bo'lgan So'g'diyona, Marg'iyona, Hindistonning shimoli-g'arbiy qismlarini istilo qildi. Kushonlar imperiyasini mustahkamlashda Kujula Kadfizning o'g'li Yangaochjen, ya'ni Kadfiz II muhim ahamiyatga ega bo'lgan ichki-tashqi siyosat yuritib, Hindistonni Hind daryosi quyi oqimlari, hatto Gang daryosi vodiysigacha bo'lgan yerlarni ham o'z ixtiyoriga o'tkazdi. Kushonlar davlati Kanishka hukmronligi davrida eramizning I asr oxiri-II asr birinchi choragida yanada kuchaydi. Kushonlar hokimiyatni hind zaminining janubiy viloyatlari, So'g'diyona orqali Farg'ona, Sharqiy Turkiston ham tan oldi. Kanishka davrida Turkiston o'lkasining asosiy hudularini o'z hokimiyatiga bo'ysundirib, Xorazm bilan iqtisodiy madaniy aloqalarni yana mustahkamladi. Kanishka olib borgan siyosatni Vasishka, Xuvishka, Kanishka II, Vasudeva, Kanishka III, Vasudeva II lar davom ettirib, siyosiy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qilgan. Biroq siyosiy kelishmovchilik, o'zaro nizo-janjallar, hokimiyat uchun kurashni kuchaytirish tufayli kushonlar saltanati asta-sekin zaiflashib borgan. Kushonlar saltanati siyosiy-ma'muriy boshqaruvi tizimi an'anaviy satrapiyalar tizimga moslashuv asosida qurilgan bo'lib, satraplar oliy hukmdor tomonidan uning ishonchini qozongan, chamasi o'z doirasi namoyandalari orasidan tanlangan. Shu bilan birga satraplik lavozimiga harbiy yurishlarda jonbozlik ko'rsatgan lashkarboshilar ham lozim topilgan vaqtlar bo'lgan, umuman olganda esa satraplar baqtriyaliklar orasidan bo'lishi shart edi. Kushonlar davlati armiyasi yaxshi qurollangan bo'lib, umumiy harbiy qudrati 150-200 ming kishini tashkil etdi. Kushon jangchilari uzunligi 1 metrdan oshiqroq har ikki tomoni o'tkir qilich, xanjar, nayza, jangovar bolta, sipqon kabi qurollari bilan qurollangan. Kushonlar harbiylar suyak yo shox bilan qoplangan murakkab qo'sh kamonni ixtiro qildi. Bu kamon Uraloldi yerlari orqali Shotlandiyagacha, Sharqda Eron, Hindiston va Xitoygacha keng tarqalib harbiy ishlarda keng qo'llanildi. Kushonlar davrida mamlakatning iqtisodiy xo'jaligi keng taraqqiy etib, metallsozlik, shishasozlik mahsulotlari ishlab chiqarish rivojlanib, oltin, kumush, qo'rg'oshin, qimmatbaho toshlar, qurilish xom-ashyolari qazib olish ancha takomillashib borgan. Kadfiz II ning amalga oshirgan pul islohoti natijasida 8 grammlik oltin tangalar, kumush, bronza tangalar savdo muomalasiga chiqarildi. Madaniy taraqqiyot natijasida yozuvlar ancha takomillashib so'g'dcha, xorazmcha, parfiyacha, baqtriyacha yozuvlar mukammallashib, ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy hayotda ijobiy natijalarga erishdi. Kushonlar davrida Surxondaryo hududida saroylar qurish, arxitektura qurilishi rivojlanib, haykaltaroshlik, rassomlik, naqqoshlik san'ati eng yuqori natijalarga erishdi. Kushonlar imperiyasiga xos moddiy ma'naviyat asoslari keng rivojlanishi tufayli rasmiy, diniy, ishlab chiqarish, turar joy, sun'iy sug'orish mudofaa, maxsus, tijoratga taalluqli qurilish binolari bilan uyg'unlashgan holda qurilgan. 
Kushonlar davri moddiy va ma'naviy madaniyatini o'rganishda qadimshunos va san'atshunos olimlardan V. M. Masson, B. YA. Staviskiy, L. I. Albaum, G. A. Pugachenkova, E. V. Rtveladze, B. A. Turg'unov, T. V. Belyayev hamda SH. R. Pidayevlarning ilmiy xizmatlari beqiyos darajada kattadir. Ushbu olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida kushonlar davrida voha shahar va qishloqlari hamda aholisining mashg'uloti, yashash tarzi, madaniyati, diniy e'tiqodi va qo'shni davlatlar bilan olib borilgan savdo-sotiq, madaniy hamda diplomatik aloqalari haqido qimmatli ma'lumotlar aniqlandi. Kushon davlati Markaziy Osiyoning janubi-sharqiy va Hindistonning shimoli-g'arbiy hududlarini o'z ichiga olgan antik davlat edi. Uning shimoliy chegarasi Darbandning Kushon davridagi devori bilan chegaralanadi. XX asrning 80-yillarida bu devorni akademik E. V. Rtveladze kashf etgan. 
Biroq Gabaza viloyatining joylashgan o'rni masalasi hozirga qadar uzil-kesil hal qilinmagan. XIX-XX asr boshlaridagi topografik xaritalarda Oqrabotdan g'arbdagi joylar «Gabzan» deb belgilangan. Armaniston manbalrida Arang (Amudaryo) daryosiga yaqin yerda joylashgan Gozbon haqida ma'lumotlar bor. Arman tarixchisi Sebeosning xabar berishicha, fors yo'lboshchisi Mehrivandak «Baxl (Balx) va Ulug' daryo nariyog'idagi Kazbion degan joygacha butun Kushonlar mamlakatini qo'lga kiritgan». Yuqoridagi ma'lumotlardan Kazbion, Gozbun, Gozbon va Kursiy Rufning Gabaza-Gazaba tushunchalari turli asrlarga oid bir umumiy viloyatning nomi ekanligi anglashiladi. Ushbu viloyatning joylashgan o'rni xususida olimlar turlicha qarashlarni ilgari surdilar. I.Markvartning fikriga ko'ra, Kazbion Buxoro vohasida joylashgan, ko'pchilik olimlarning taxminiga ko'ra, Kazbion Qarshidan g'arbdagi Kaspi (o'rta asrlardagi Kesba) shahri xarobalari o'rnida bo'lgan. Umuman, olimlar uzoq yillar mobaynida turli manbalarga asoslanib, Gabaza-Gazabani turli hududlarda joylashtirishga harakat qildilar. Bog'lon viloyatidagi Xulm hududi, Taliqon (Taxor viloyatining markazi) hududi, Qunduz daryosining Bog'lon va Ishkimish orasidan oqib o'tuvchi bir irmog'i bo'yidagi yerlar, hozirgi Afg'onistonning shimoliy-g'arbida joylashgan Kerki shahri orasidagi yerlar shular jumlasidandir.
Arman manbalarini tahlil qilgan E.V.Rtveladze yuqoridagi hududlarning birortasi ham Gabaza viloyati hududiga to'g'ri kelmasligini ishonarli tarzda asoslab berdi. Uning fikriga ko'ra, Gazaba-Gabaza-Kazbion-bu tog'li joyning nomi bo'lib, u bir tomondan Darband hamda Temir Darvoza, ikkinchi tomondan Yortepa va G'uzor oralig'ida joylashgan.
Eng so'nggi arxeologik hamda topografik tadqiqotlar natijalari, yozma manbalar va tangashunoslik ma'lumotlarini o'zaro qiyoslash natijasida Gabaza viloyatining joylashgan o'rnini yanada oydinlashtirish imkoni paydo bo'ldi. Ularga tayangan holda aytish mumkinki, Gozbon viloyati Janubiy So'g'ddan Amudaryoga qadar cho'zilgan keng hududda joylashgan tog'li viloyat bo'lib, u qator tog' tizmalaridan iborat bo'lgan janubi-g'arbiy Hisor tog' tizmini to'la qamrab olgan. Uning asosini Amudaryodan Temir Darvozaga qadar bo'lgan hududda yastanib yotgan Ko'hitang tizmasi tashkil etgan va uning shimoldagi chekka shahri arman tarixchisi Sebeos tomonidan shakli buzib yozilgan Kazbion shahri bo'lgan.
Keyingi paytlarda Kushonlar davlatining shimoliy chegaralari masalasi ham ma'lum darajada ko'rib chiqildi. Ushbu masala ilk bor 1938 yili S.P.Tolstov tomonidan ko'tarilgan edi. Uning fikricha, So'g'diyona Kujula Kadfiz hukmronligi davrida Kushonlar saltanati tarkibiga qo'shib olingan. Keyinchalik u Xorazmda topilgan tangalarga asoslanib, Xorazmni ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Kushonlar davlatining shimoliy hududlari to'g'risidagi S.P.Tolstov xulosalari keyingi tadqiqotchilar uchun uzoq vaqt ilmiy asos bo'lib xizmat qildi, natijada qator boshqa o'lkalar ham ushbu saltanat tarkibiga kiritila boshlandi. Jumladan, 1950 yilga kelib K.V.Trever Choch viloyatini ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Tyanshan va Pomir-Oltoyda olib borilgan arxeologik qazishmalarning yakunlariga asoslangan A.N.Bernshtam Farg'onani ham Kushonlar davlati tarkibiga kiritadi. Keyinchalik Ustrushona ham Kushonlar imperiyasi tarkibida bo'lgan degan fikr paydo bo'ladi.
1962 yilgi Tuproqqal'ada olib borilgan qazish ishlarining natijalariga asoslanib, S.P.Tolstov milodning II-III asrlarida Xorazm Kushonlar tarkibida bo'lgan, degan fikrni ilgari suradi. Bunda u Xorazmdan topilgan Kushon tangalariga, haykallar va rasmlarga asoslanadi. Lekin Xorazmdan hozirga qadar 70 dan sal ziyodroq kushon tangalari topilgan, xolos. Surxondaryoning kushon davriga oid kichik bir Oqqo'rg'on qishlog'i xarobasidan esa 160 dan ortiq tanga topilgan. Ushbu muammo xususidagi an'anaviy fikrlarga birinchilardan bo'lib YE.V.Zeymal qarshi chiqdi. U Tojikistondan topilgan tangalarni har tomonlama tahlil qilib, Xorazm va So'g'diyona Kushonlar saltanati tarkibiga kirmagan degan xulosaga keldi. Xorazmda topilgan tangalarni tahlil qilgan V.M.Masson ham Xorazm va Marg'iyona Kushonlar davlati tarkibiga kirmagan degan xulosaga keladi, lekin u So'g'diyona masalasida biroz ikkilanadi. M.YE.Masson Xorazm, Choch, Farg'ona va So'g'diyonani Kushonlar davlati tarkibiga kiritishni asossiz deb hisoblaydi. Bunda u Kushon shohlari tangalarining Markaziy Osiyo hududlarida qanday tarqalganligiga asoslanadi. Darhaqiqat, Kushon shohlarining tangalari asosan Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida ko'p tarqalgan. Kushon tangalari ko'proq Shimoliy Baqtriya hududlarida tarqalgan, hatto chegara viloyat bo'lgan Janubiy So'g'diyona(Qashqadaryo vohasi)dan topilgan kushon tangalari sanoqlidir. 
Bu muammoni oydinlashtirishda 1986 yili E.V.Rveladzening Darbandda joylashgan mudofaa devorini o'rganish yakunlariga bag'ishlangan ilmiy izlanishlari katta ahmiyatga ega bo'ldi. Bu yerda tog' tepasida qurilgan 6,5 m qalinlikdagi chegara devori aniqlangan, bu devor So'g'diyona va Baqtriyani bog'lovchi asosiy yo'l ustida qurilgan va muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan. Darband devori milodning I-II asrlariga oidligi aniqlandi, mazkur devor kushonlar tomonidan qurilgan bo'lib, u kushonlar davlatining shimoliy chegarasini belgilaydi. O'sha paytda bunday devorlar faqat markazlangan davlat tomonidan qurilishi mumkin edi, demak Shimoliy Baqtriya Kushonlar saltanati tarkibida strategik ahamiyatga molik chegara viloyati bo'lgan.
Darband devorining kashf etilishi So'g'diyona, Dovon, Choch va Xorazmning Kushonlar saltanati tarkibiga kirganmaganligini ko'rsatadi. Bu borada so'nggi arxeologik tadqiqotlarning natijalari ham guvohlik beradi. Kushonlar davri Baqtriyasining aytarli hamma yodgorliklarida uchraydigan kushon tangalari, buddaviylik yodgorliklari va umuman moddiy madaniyat So'g'diyona, Farg'ona, Choch va Xorazmning moddiy madaniyatidan jiddiy farq qiladi. Agar ular bir davlat tarkibida bo'lganlarida edi, ularning moddiy madaniyati ham o'zaro yaqin bo'lgan bo'lardi. Shunday qilib, yangi tadqiqotlarga tayangan holda Kushon davlatining shimoliy chegaralari Hisor-Boysun tog'lari orqali o'tgan deb hisoblash mumkin. Yozma manbalardagi ma'lumotlar ham bu fikrga zid emas, chunki ularda Kushon shohlarining shimolga, So'g'diyona yoki Xorazmga yurish uyushtirganlari to'g'risida so'z yuritilmagan.
Kushonlar podsholigi davrida Shimoliy Baqtriyaning qadimgi shahar madaniyati ancha ravnaq topdi. Kushonlar davrida Termiz shahrining iqtisodiy, madaniy jihatdan rivojlanganligini hunarmandchilik buyumlari, uy qurish sohasidagi me'morchilik san'ati, suyurish inshootlari, ishlab chiqargan mahsulotlari orqali ham bilib olish mumkin. Bu davrda Termiz shahrining maydoni 350 gektar bo'lib, Dunyotepa va Chingiztepa xarobalari o'rnida joylashgan. Chingiztepa va Qoratepa orlig'ida Amudaryoga qurilgan chig'iriqlar yordamida shahar markaziga ichimlik suvi chiqarilgan. Suv chiqarilgach, Qoratepa ibodatxonasida maxsus hovuzlar yordamida suv tindirilib, keyin shahar tashqi devorining shimoliy tomoni bo'ylab qurilgan ariqcha orqali shaharga taqsimlangan. Milodiy II asrda podsho Kanishka Krratepa yodgorligi o'rnida Budda ibodatxonasini qurdiradi. Mamlakatda qishloq jamoalari ancha kengayadi. Bu davrda vohada ikkita yirik markaz mavjud bo'lib, bulardan biri: Amudaryo bo'yidagi Tarmita (Termiz) bo'lsa, ikkinchisi esa Chag'onrud (Surxondaryo) bo'yidagi Dalvarzintepa shaharlari edi. Bu shaharlar Kushonlar davlatining siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy hayotida aloxida o'ringa ega bo'ladi. Bundan tashqari Kampirtepa, Zartepa, Hayitobodtepa kabi shaharlar ham mavjud bo'lib, ushbu shaharlar mudofaa devorlari bilan o'rab olingan.
Viloyat hududida kushonlar davriga oid 130 ta yodgorlik mavjud bo'lib, shundan 80 tasi qishloqlar ko'rinishidagi manzilgohlar hisoblanadi. Kushonlar davrida markazlashgan davlatning qaror topishi xo'jalikning ravnaqiga sabab bo'lgan. Bu davrda ham ziroatchilikning g'allachilik, paxtachilik, bog'dorchilik va polizchilik sohalari jadal rivojlanadi. Tog' va tog' oldi hududla-rida lalmikor dehqonchilik xo'jaligi ravnaq topadi. Yerni qayta ishlash, xususan, almashib ekish borasida boy tajriba to'lanadi, yangi-yangi sug'orish tizimlari bunyod qilinadi. Chorvachilik xo'jaligini rivojlantirish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilgan. Aynan ana shu davrda hunarmandchilik xo'jaligi yuksak darajada rivoj topib, ushbu sohaning kulolchilik, metallsozlik, qurolsozlik, to'qimachilik, shishasozlik kabi turlari ancha yuksalgan. Hatto Baqtriya shishasozlari 420 yidda Xitoy poytaxtida turfa rangdagi shishalar tayyorlab xitoyliklarni lol qoldirgan. Ku-shonlar davrida xo'jalikning ravnaqi savdo-sotiqning rivojiga ham turtki bo'ladi. Xususan, shu davrda Baqtriya savdogarlari Parfiya, Rim, Xitoy va Hindiston mamlakatlariga borib savdo qilganlar. Rimning Pompey shahri xarobalaridan Kushon tangalarining yoki Qoratepa kulol idishlari, Termizdan topilgan may hamda ayshu ishrat xudolari Vakxoniya, tag'in Vakx-Bolus sharafiga uyushtirilgan bayram sahnasi tasviri solingan loy idishlar, shuningdek, Hayitobodtepadan imperator Neron tangalarining topilishi yuqoridagi fikrning isbotidir. Bu davrda Surxon vohasi savdo yo'llari o'zaro tutashgan hudud bo'lib, albatta, bu holat o'lkaning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga katta ijobiy ta'sir o'tkazgan. Termiz shahri hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlar qo'shni davlatlarga, jumladan, Parfiya, So'g'diyona, Chin-Mochin, Ozar va musulmon dunyosi mamlakatlariga chiqarilgan hamda yuqori baholangan.
Kushonlar davrida madaniy hayot ham yuksaklikka bo'y cho'zgan. Podsho Kanishka zamonidan boshlab boxtar tili davlat tili deb e'lon qilinadi. Kushonlar davrida me'morchilik ancha yuksalib, turar joy binolari, ibodatxonalar va saroylar qurish ancha avj oladi. Imoratlarni bezash, naqsh solish borasida ham o'ziga xos tajriba to'planadi. Bu davrda mahalliy madaniyat bilan hind madaniyatining o'zaro aralashish jarayoni sodir bo'ladi. Ayniqsa, Kanishka zamonida Budda dinining davlat dini deb e'lon qilinishi natijasida buddaviylik e'tiqodi bilan bog'liq ravishda haykaltaroshlik san'ati ancha yuksaladi. uddaviylikning dini milodgacha birinchi ming yillikning o'rtalarida Hindistonda shakllangan. Buddaviylar 1956 yilda o'z dinlari shakllanganligining 2500 yilligini nishonladilar. Bu dinning asoschisi Shak'ya Muni. Ya'ni hind shahzodasi Siddxartma Gautama-Budda deb hisoblaydilar. Buddavylik dastlab quldorlar mafkurasi sifatida shakllangan. Buddaviylikda yomonlikka qarshi bosh ko'tarmaslik g'oyasi katta o'rin egallaydi. 
Buddaviylikda «to'rt oliy haqiqat» g'oyasi muhim o'rin egallaydi. Ular qo'yidagilar: I. Azob-uqubat haqidagi ta'limot; 2. Azob-uqubatning sabablari haqidagi ta'limot; 3. Azob-uqubatdan halos bo'lish yo'llari haqidagi ta'limot. Bu ta'limot xalos bo'lish, najotning «sakkizlik» yo'lida o'z aksini topgan. Bular taqvodorlik e'tiqodi, taqvodorlik qat'iyati, taqvodorlik so'zi, taqvodorlik ishi, taqvodorlik turmush tarzi, taqvodorlikki intilish, taqvodorlikni orzu qilish, taqvodorlik fikri-hayoli bilan yashash. Buddaviylikning bu yo'llari azob-uqubatlardan xalos bo'lib, sansaradn (sanskritcha-olamgo'zaronlik) nirvanaga (sanskritcha-so'nish) aylanish. O'tishdan iborat. Buddaviylikda olam uch bosqichdan iborat bo'lib, uning birinchi bosqichi, eng yuqorisi nirvanadir. Unda mutloq osoyishtalik hukm suradigan olamdir. Inson bu yerda barcha turmush tashvishlaridan xolos bo'ladi. Uning hayotiy istaklari ham, ehtiroslari ham bo'lmaydi. Hamda nirvana bu qayta tug'ilish, boshqa qiyofaga kirish, mutlaq osoyishtalikdan iborat. Ikkinchi olam-bu bodisatva, ya'ni ruhiy mavjudotlar bilan to'la jannatdir. Bu olamda ruh gunohidan halos bo'lgan lekin oliy olamga ko'tarilmagan avliyolar yashaydi. Uchinchi olam esa eng quyi olab bo'lib, unda odamlar va hayvonlar yashashadi. Ular najot yo'lida olamga intiladilar. 
Buddaviylikda beshta axloqiy talab (panchashina)ga rioya qilish ilgari surilgan. Ular: bironta ham tirik mavjudotni o'ldirmaslik, birovning mulkini olmaslik, birovning xotiniga ko'z olaytirmaslik, yolg'on gapirmaslik, spirtli ichimlik ichmaslikdan iborat. Kushonlar darida buddaviylik davlat dini darajasiga ko'tarildi. Uning xinayama, maxayama, keyinchalik lamaizm yo'nalishlari vujudga keldi. Kushonlar davrida Termiz shahri buddaviylikning tayanchiga aylanganidan shu dalolat beradiki, bu davrda Termiz shahrining ibodatxonalari, ularning yonida esa monastirlar ham mavjud bo'lgan. Kushon podshosi Kanishkaning muhim xizmatlaridan yana biri shu bo'ldiki, u mamlakatning birlashtirish uchun kurash olib borib, mamlakat aholisini maqsad, mafkura bayrog'i ostida birlashtirish yo'lida muvaffaqiyatli harakat qildi. 
Kanishka Kadfiz 78 yilda Panjob viloyatida buddaviylarning umumjahon yig'ilishini chaqirtiradi va Buddaviylikning Maxayama yo'nalishini targ'ib qiladi, unga binoan Maxayama «hamma uchun birdek ulug' yo'l» deb biladi. Kushonshohlar e'tiqod erkinligini joriy etgan bo'lsalar-da, buddaviylikni kengroq yoyish va uni rivojlantirish uchun turli shaharlarda takyagoh, xonakoh, ibodatxonalar qurib, buddaviylikning muqaddas kitoblari («Tripitaka»)ni ko'paytirish, ularni o'rganish, tarjima qilish va izohlash, yangi tafsirlar yozish kabi diniy-falsafiy tafakkur rivoji uchun sharoit yaratish imkoniyatlarini qurdilar va moddiy mablag' bilan ta'minlab, davlat siyosati himoyasini yaratib berishdi. Bunday siyosat natijasida Tarmita o'z davrining yirik iqtisodiy, madaniy va buddaviylik dini markaziga aylandi. 
Kushonlar davrida budda dinining ravnaqiga baqtriyalik rohiblar ham juda katta hissa qo'shadilar. 
Xitoy, Tibet manbalarida buddaviylik dini targ'ibotchilari qatorida tarmitalik Dxarmamitara va toxaristonlik Gxoshakalarning nomlari ham qayd qilingan. Buddaviylik dinining yirik mazhablari sanalgan Xinoyana va Maxayana yo'nalishlari ham aynan shu zaminda ravnaq topadi. Viloyat hududida joylashgan kushon-lar davriga oid arxeologik yodgorliklar keng miqyosda o'rganilgan va ushbu tadqiqotlar jarayonida Kushonlar saltanatiga doir boy tarixiy ma'lumotlar aniqlandi. Bu ma'lumotlarga asoslanib vohada Kushon saltanati davrida xo'jalik va madaniyat yuksak taraqqiy etganligini kuzatish mumkin.
Mavjud yodgorliklar bu to'g'rida juda ko'p tarixiy ma'lumotlar beradi. 1932 yidda Amudaryoda «Oktabryonok» katerida ketayotgan chegarachilar Ayritomga yaqin joyda oqtosh ko'rganlar, bu nog'orachi tasviri uyib solingan tosh friz ekanligi aniklandi. 1933 yilda bu topilmaga professor M. YE. Masson boshchiligida arxeologik ekspedisiya yuborildi. Termiz shaxridan 18 km sharqda balandligi 2-2,5 metr, qalinligi 1,5 metrli istehkom devorlari bilan o'ralgan I-II asrlarga oid budda ibodatxonasi topildi. U ohaktoshdan ishlangan ajoyib friz bilan bezatilgan edi. Ayiqtovon barglari orasida beshta sozanda surati uyib ishlangan. Nog'orachi bilan rang-barang kiyimlardagi sozanda ayollar surati ayniqsa diqqatga sazovordir. Bu sozandalardan biri ud, yana bittasi arfa chalayapti, frizda qo'llarida gulchambaraklar hamda chiroyli idishlar ko'tarib ketayotgan qizlar tasvirlangan.
Ibodatxonada buddaning haykali va boshqa ibodatxona qismlari qatorida toshdan yasalgan odam haykallari topilgan. Ular musiqa chaluvchilar, hadyalar tashuvchi erkak va ayollarning haykallari bo'lib, ibodatxonaning tashqi tomoni karnizi shu haykallar bilan bezatilgan. Haykallarning qiyofasi va kiyimlarida Hindistonga xos belgilar yorqin bo'lib, bu ajoyib san'at yodgorligi ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar samarasidir.
1936 yilga kelib M.YE.Masson boshchiligida tashkil etilgan TAKE kushon davri tarixi va madaniyati masalalarini izchil tadqiq etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. Xususan, Termiz shahrining rivojlanish pallasi kushonlar davriga to'g'ri kelishi va tarixiy topografiyasi aniqlandi. TAKE ishlari Ayritom, Chingiztepa va Qoratepada olib borildi hamda tadqiqotlarda M.I.Vyazmitina, G.A.Pugachenkova, B.B.Piotrovskiy singari olimlar ishtirok qildilar. Ayritompeshtoqlarining topilishi Shimoliy baqtriyaning antik davr musiqa san'ati haqida ham so'z yuritish hamda ularni afg'oniston, Hindiston va Sharqiy Turkiston haykaltaroshligida uchraydigan shularga aynan o'xshash musiqa asbolari bilan qiyoslash imkonini berdi. Tadqiqotlar natijasida Termiz yaqinida daryo kechuvlari mavjud bo'lib, daryoning o'zi Yuqori Panj va Xorazm vohalarini bog'lovchi qulay suv yo'li bo'lganligi aniqlandi. Ko'hna shahar hududlaridan kushon podsholari Kadfiz II, Kanishka, Xuvishka va Vasudevalarning ko'plab tangalari topildi. TAKEning tashkil etilishi Ayritom va Eski Termiz yodgorliklarining dastavval va har tomonlama o'rganilishda muhim ahamiyat kasb etdi. O'sha yillari bu yodgorliklarning joylashgan o'rni, ularga asos solingan vaqt, ularning boshqa hududlar bilan munosabatlari hamda moddiy madaniyati masalalariga aniqliklar kiritildi.
Shimoliy Baqtriyaning tarixi va madaniyatini o'rganishda Hamza nomidagi O'zbekiston san'atshunoslik ekspedisiyasi (O'zSE) tadqiqotlarining o'rni va ahamiyati masalalari ham ko'rib chiqildi. 1959 yilda G.A.Pugachenkova tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu ekspedisiya izlanishlarida turli davrlarda E.V.Rtveladze, B.A.Turg'unov, A.S.Sagdullayev, Z.A.Hakimov, YE.Nekrasova, V.A.Luneva, S.V.Levushkina, T.V.Belyayeva, S.A.Savchuk. D.Ilyosov singari olimlar ishtirok qildilar. Shimoliy Baqtriya hududidagi Dalvarzin, Xolchayon, Ko'hna Termiz, Kampirtepa. Zartepa, Ayritom kabi yodgorliklarda arxeologik tadqiqot ishlari olib borildi. O'zSE xodimlari tomonidan baqtriya yozuvi yodgorliklarining topilishi, ayniqsa muhimdir. Bu borada 1977 yilda Ayritomdan topilgan haykal qoldiqlari va uning ostidagi olti qatorli baqtriya yozuvi fan olamida muhim voqea bo'ldi. Bu Surxkutal (Qiziltog') yozuvlaridan keyingi ikkinchi o'rinda turuvchi, aniq tarixiy mazmundagi Kushon-Baqtriya yozuvi bo'lib, unga ko'ra, inshoot majmuini o'rab turuvchi to'siq Shodiya (shaxsi noma'lum tomonidan qayta tiklangan va bu voqea Kushon podshosi Xuvishka hukmronligining to'rtinchi yilida sodir bo'lgan. Yozuv va haykalni Mirzod ismli usta ijro etgan. 
II asrda Kushon davlati budda dinini Hindistondan Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkistonga tarqatib, uni davlat dini darajasiga ko'targan. III asrda Eronda moniylik dini vujudga keladi, lekin u Eronda uzoq tura olmaydi, uning tarafdorlari Markaziy Osiyo va Shar-qiy Turkistonga qochib o'tadi, ko'proq savdo yo'li ustidagi shaharlarda bu dinni tarqatadilar. Ba'zi arxeolog olimlar Markaziy Osiyoda topilgan ko'plab suratkashlik, rassomlik hamda haykaltaroshlik yodgorliklaridagi syujetlarning murakkabligiga qarab, ularni moniy dini bilan bog'lashga harakat qiladilar. Aslida bu hol Kushon imperiyasi davri (I-III asrlar) quldorlik tuzumining Markaziy Osiyo sharoitida eng rivojlangan davri
bo'lganligi bilan bog'liqdir. Bu davrda, bir tomondan, ko'chmanchi qabilalarning sug'oriladigan yerlarda joylashishi kuchaygan bo'lsa, ikkinchidan, quldor zodagon jamoalar yerini tortib olib, o'zlashtira boshlaydi. Shu tariqa jamoalar o'z ichidan buzilib, butun-
butun qishloqlar quldor zodagon dehqonlarga tobe bo'lib qoladi.
Keyingi ilmiy izlanishlar natijasida Dalvarzintepa ko'hna shahriga mil. avv. III asrda asos solinganligi aniqlandi. Yunon-Baqtriya davrida bu yerda ko'handiz paydo bo'ladi. Kushonlar davriga kelib Dalvarzin me'morchiligi Baqtriya va Yunon qurilishi tajribalarining sintezini o'zida aks ettiradi. O'zSEning so'nggi yillardagi faoliyati natijasida antik davrga oid boy sopol majmualari o'rganildi va ilgarigi sopol idishlar kompleksi sanalariga aniqlik kiritish imkoniyati paydo bo'ldi. 1972 yili kushonlar davri madaniyatining mashhur yodgorligi Dalvarzinda 200 metr devor qoldiqlari topilib, uning eni 4,6 m, balandligi 2,5 m keladi. Dalvarzintepa atrofida devor bilan o'ralgan ark xarobasi bo'lib, ark devorining uzunligi 130 m ga, balandligi esa 2,5 m ga tengdir. Dalvarzintepaning sharqiy qismida hatto 80 m masofada eni 4 metrlik tosh yo'l kovlab ochildi. Bulardan tashqari, bu yerda bir necha to'rt burchakli paxsa devorli uylar topildi. Dalvarzintepada topilgan 900 ga yaqin tosh o'roq, jez o'roq, yorgichoq, don uchun kovlangan o'ra hamda kuyib ko'mirga aylangan arpa, bug'doy, tariq, so'li donlari va boshqa ashyolar qadimgi dalvarzinliklar asosan dehqonchilik bilan shug'ullanganligini ko'rsatadi. Arxeologik topilmalar: suyakdan yasalgan buyumlar, jez igna va bigizlarga qarab hukm qilganda, aholining turmushida to'quvchilik va tikuvchilik keng taraqqiy etgan-ligini ko'ramiz. Dalvarzinliklarda mahalliy degrezlik va miskarlik ancha taraqqiy qilgan, chunki bu yodgorliklardan juda ko'p temir buyumlar: jez, o'roq, pona, pichoq, kamon o'qlarining paykonlari, nayza uchlari, zeb-ziynatlar, jez oynalar, bilakuzuklar, isirg'alar, cho'michlar, munchoqlar hamda turli xil jez buyumlar quyiladigan tosh qoliplar, Shuningdek, degrezlik qo'rasining beshta qoldiqlari topilganligi bularning yaqqol dalilidir. Dalvarzintepadan topilgan manbalar ichida eng noyobi sopol ko'za bo'lib, unda 115 xil tilla quyma yombilar, zargarlik buyumlari, bilakuzuklar, isirg'a, erkak va ayollarning taqinchoq buyumlari bo'lgan. Bundan tashqari nafis ishlangan marjonlar, Yunon-Baqgriya zargarlik san'atining namunasi bo'lmish bo'yinga taqiladigan shoda ushlab turgan Geraklning bo'rtma tasviri tushirilgan buyumlar topildi.
Dalvarzintepaning chekkaroq joyidan I asrda tiklangan Budda ibodatxonasi, shahristonidan Buddaning boshi, Bodxisatvaning mahorat bilan ishlangan mahobatli haykali, fil suyagidan tayyorlangan shaxmatning ikki donasi topildi. Buddaning boshi loy va gipsdan yasalgan bo'lib, balandligi 39 sm, eni 25 sm keladi. Bodxisatvaning (o'sha davrga oid) haykali ham loy va gipsdan yasalib, rang bilan bo'yalgan. Uning balandligi 2 metr 18 sm, eni 89 sm. U bir paytlar Bulda butxonasida turgan haykallar guruhidan biridir. Bu ko'hna topilmalar boshqa yodgorliklar bilan birgalikda 1988 yili Yaponiyaning Nara shahridagi «Ipak yo'li Naraga boradi» deb nomlangan xalqaro ko'rgazmada namoyish etilgan edi. 1995 yili esa ular Parijdagi muhtasham «Grand-Pales» («Katga saroy»)ning nodir galereyasida muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.
Vayron bo'lgan antik davr devori ustida tiklangan binoning qachon qurilganligini juda aniqlik bilan belgilash mumkin. Ravoq ochilganda, g'ishtlar orasidan VI-VII asrga oid turk-sug'd tangalari chiqdi. Devor qurilishi uchun ishlatilgan to'rtburchak g'ishtlar ham shu davrga to'g'ri keladi. Dalvarzintepadagi antik davr istehkomining tashlandiq holatga kelib yemirilish jarayoni, aftidan, IV-V asrlarga to'g'ri keladi. Mamlakat VI-VII asrlarda inqirozdan chiqqach, istehkom qulay, baland manzil sifatida qayta qurilib tiklanadi, shaharning o'zi esa xaroba bo'lib qoladi. Dalvarzintepa aholi maskani sifatida arablar istilosi chog'ida uzil-kesil tugadi, chunki arkda ham, shahristonda ham arablar kelganidan keyingi davrning izi yo'q. Chag'aniyonni 705 yili Qutayba bosib oladi va 737 yilda uning hokimi-Chag'onxudot arablarga o'lpon to'laydigan bo'ladi. Xalq orasida hozirgi Dalvarzintepa juda qadimiy mamlakat poytaxtining qoldiqlaridir, hukmdori afsonaviy qahramon Dol (Zol) bo'lgan. Arablar bu shaharni xalifa xazrat Alining bevosita rahnomoligida egallaganlar, so'ngra bu shaharda hayot butunlay so'ngan, degan naql yuradi. Dalvarzintepaning juda katta joyni egallaganligi, qurilishlar zichligi, arxeologik qatlamlar qalinligi mazkur qadimiy shaharning miloddan oldingi birinchi asrda va milodning dastlabki yillarida barq urib yashnab turgan viloyat markazi bo'lganligidan dalolat beradi.
Chag'oniyon qayd etilgan antik davr ma'lumotlari bizgacha yetib kelmagan. Bu viloyat dastlab arablar istilosidan, oldingi vaqtga oid tarixiy manbalarda eslatiladi. VII asr (Xitoy) solnomasida shunday deyiladi. «Chingan-yen-na - bu mamlakat mashriqdan mag'ribga 400 li va shimoldan janubga 500 li ga yaqin maydonda yastangan. Poytaxti-aylanasi taxminan 10 li. Sharq tomonda Xvo-lo-mo degan joyga borib tutashadi», 10 li taxminan 5 km ga teng. Bu yerda gap Chag'oniyonning an'anaviy markazi Dalvarzintepa to'g'risida borayotgan bo'lsak kerak. Chag'oniyon janubda Termiz viloyatiga tutashgan edi. Shimolda esa VII asr manbalarida Xvo-lo-mo - Xvaramo viloyati joylashgan, arab mualliflari asarlaridan Xorun yoki Oxarun deb qayd etilgan. Ibn Xurdodbeh va Qudama (IX asr) Chag'oniyondan 6 (yoki 3) farsax uzoqlikda Navandak, undan 7 farsax masofada Xamovaron nomli joylar bo'lganligini yozadilar. 
Dalvarzintepa antik davrda davlat ma'muriyati, yirik ibodatxonalar, iqtisodiy aloqa tarmoqlari, harbiy salohiyat mujassamlashgan katta tarixiy-madaniy viloyat markazi, yirik markaziy shaharlar sirasiga kirgan. O'zidan kichik bo'lgan ko'plab aholi qarorgohlari unga bo'ysungan. Shunday bo'ysunuvchi shaharlar sirasiga Xolchayon ham kiradi. 
Ilmiy izlanishlar jarayonida buddaviylik dini va Budda haykaltaroshligi kushon davri Qandahar-Baqtriya an'analariga o'xshab ketsa-da, ba'zan endigina paydo bo'layotgan mahalliy yangi uslub jihatlarini ham o'zida aks ettirishi aniqlandi. Qadimgi Baqtriya haykaltaroshligi masalalarini tadqiq qilishda Kampirtepadan ko'plab topilgan terrokota haykalchalar katta ahamiyatga ega bo'ldi. Ularni boshqa hududlardan topilgan san'at namunalari bilan qiyoslab o'rganish bu haykalchalar ellinizm tarixiy-madaniy doirasida bo'lganligini ko'rsatdi. Keyingi yillarda O'zSE kashfiyotlari natijasida Shimoliy Baqtriya Yunon-Baqtriya, Kushon, Kushon-sosoniylar davrlarida zarb etilgan ko'plab tangalar topilgan, hatto uncha katta bo'lmagan xazinalar ham aniqlangan. Ushbu topilmalar ichida Yunon-Baqtriya tangalari ko'p bo'lib, ular yaqin kunlargacha «Shimoliy Baqtriya hududlariga Yunon-Baqtriya davriga oid ayrim tangalar esa tasodifan kelib qolgan», degan fikrlarni rad etishga asos bo'ldi. 
Kampirtepaning o'rganilishi natijasida yozma manbalarda qayd qilingan Oks bo'yidagi Pardagvi Kampirtepa o'rnida bo'lganligi taxmin qilindi. Bu borada Kampirtepadan Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan iskandar tangasining topilishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Xullas, uzoq yillar fanga noma'lum bo'lgan antik davr, xususan kushon davri tarixi va madaniyati O'zSEning tadqiqotlari tufayli dunyoga mashhur bo'ldi hamda tarix faniga ulkan hissa bo'lib qo'shildi. 
O'sha davrga oid yana bir yodgorlik Xolchayon bo'lib, bu yodgorlik Surxondaryo viloyatining Denov tumanida topildi. 1959 yilning bahorida Xolchayon jamoa xo'jaligining remont-texnika ta'mirlash joyi kengaytirilayotganda buldozer kichik bir tepalikning chetini qirqqanida uchta tosh ustun bo'laklarini sudrab chiqargan, topilgan narsalar to'g'risida arxeologlarga xabar berilgan. 1960 yilda san'atshunoslik institutining professori G. A. Pugachenkova rahbarligidagi San'atshunoslik instituti ekspedisiyasi Xolchayon tepaligini tekshira boshlaydi. Bu yerdan topilgan yodgorliklar olimlarning har qanday tasavvuridan oshib tushdi, fanga yana bir tarixiy boylik - Baqtriya badiiy madaniyatining ajoyib yodgorligi qo'shildi. Xolchayon topilmalarini ilmiy tekshirish jarayonida Xonaqohtepa, qorabog'gepa, Maslahattepa kabi tepaliklar ochib o'rganildi. Xonaqohtepadagi saroy poydevori toshdan, devori esa qalin (1,04-2,30 m) xom g'ishtdan ishlanganligi aniqlandi.
Xolchayondagi tekshirishlar Baqtriya-Kushon zamonining binokorlik texnikasi to'g'risidagi ma'lum tasavvurni yanada kengaytirdi. Xolchayon saroyi arxitektura jihatidan g'oyat muhimdir. Asosiy zalining uch devori 3 m balandlikda oq ganch bilan suvalgan, undan yuqori qismlarda mahobatli haykallar joylashtirilgan. To'rtinchi devorning to'q qizil fonida oq ganchdan barg, gul, bir bosh uzum tasvirlanib, naqsh solingan. Saroyning asosiy zalidan chiqiladigan ayvondagi naqshlarda erkaklar surati ham bor: erkaklardan biri baqtriyalikka, yana biri mo'g'ulga o'xshaydi. Uch metr balandliqsagi panel tepasidagi haykal qizil va qora rang mineral bo'yoq bilan bo'yalgan. Haykalni to'la tiklash mumkin bo'lmadi, chunki uning mayda-mayda bo'laklarigina sakdangan. Haykallarning kattaligi odam bo'yining uchdan ikki qismiga to'g'ri keladi. Arxeologlar bu boshni yerdan ehtiyotlik bilan kovlab olganda ularga kipriklari osilib turgan, salgina g'ilay qora ko'zlar qarab turganday ko'ringan. Topilgan ayol haykali ham diqqatga sazovordir: yuzi keng, oq dubulg'a toshda hurpaygan sochlari aniq ko'rinib turadi. Haykal tanasidan topilgan parchada haykal ustidagi xalat yoki yoping'ich saqlangan, xalat tagida to'q qizil rang ko'ylak ustidan beldan yuqori oq tasma bog'langan. Bu haykal tanasi, vaziyati, qo'llarining turishi, dubulg'a va xalatiga qaraganda ma'buda Afina haykali bo'lsa kerak. Markaziy Osiyoga yunonlar ma'budasining qiyofasini makedoniyalik Iskandar olib kelgan, albatta. Xolchayon haykallari orasida Mitra, Nika va boshqa ma'budalarning qiyofalariga yaqin qiyofali haykallar ham bor.
Haykal parchalari orasida Xolchayon sozandalari haykallarining parchalarini ham uchratish mumkin. Baqtriya-Kushon yodgorliklarining yuksak san'atida ellin haykaltaroshligi bilan Parfiya san'ati an'analari ko'rinadi. Xolchayon haykali hozirgacha noma'lum desa bo'ladigan qadimgi Baqtriya san'atining allaqa-chonlar unutilib ketgan so'qmoq yo'lidagi yorqin izlaridandir. Xolchayonda tadqiqot olib borilgan bir nechta joyda Grek-Baqtriya podshohligi davri (miloddan avvalgi III-I asrlar) arxeologiyasi aks etgan. Demitriy tangasining topilishi hamda Qorabog'tepada mil. av II -I asrlarga oid imoratlar qayd etilgani bunga misol bo'la oladi. Xolchayonda ossuariy sifatida og'ir qopqoqli a'lo darajada tayyorlangan xum tanlangan. Uning ichida bir to'p ko'krak suyagi va shikastlangan bosh suyagi yotardi. Aftidan «ko'mishga tayyorlash» marosimida «Avesto»dagi mazdakchilik qonun-qoidalariga amal qilingan ko'rinadi. Murda dastlab yoritqich qushlar yoki maxsus boqilgan murdaxo'r itlar yeb ketishi uchun qo'yilgan. So'ngra tozalangan suyak qoldiqlari suyakdonga joylashtirilgan.
Baqtriyaliklarning dafn marosimlari to'g'risida qadimiy mualliflarning ma'lumotlari deyarli yo'q. Strabon Onesikritning baqtriyaliklar tirik keksalarni maxsus boqilgan odamxo'r «go'rkov» itlar yemishiga tashlashlari haqidagi xabarini keltiradi. Bu odatni Aleksandr Makedonskiy ta'qiqlaydi, ammo ko'mish marosimi to'la tasvirlanmagan. Ayni paytda parfiyaliklar haqida yozganda, ularning «odatdagi ko'mish marosimi itlar yoki qushlar yeb ketishi»dan iborat, g'ajib tashlangan suyaklarni esa ular yerda saqlaydilar, deyilgan. Strabon yozgan ma'lumotga ko'ra Baqtriyadagi shahar devori orti toza bo'lgan, biroq ichki katta qismi «odam suyagi bilan to'lib-toshib ketgan ekan». Shunday qilib, gap marhumning suyagini qandaydir tashqi qabristoda emas, balki aynan aholi maskani ichida saqlash to'g'risida borayotir. Buni Xolchayondagi xum - ossuariyning qadimiy qo'rg'onning aholi zich yashaydigan qismida saqlanib qolganligi ham tasdiqlaydi. Antik davrda xumga solib ko'mish an'anasi Janubiy Tojikiston hududida (miloddan oldingi I-II asrlar) ham uchraydi. Biroq, u yerlarda yarim qoqlangan murda xumga solib ko'milgan, Xolchayonda esa faqat suyakning o'zi ko'milgan. Bu topilma arxeologik adabiyotlarda xumga solib ko'mish-ossuariy dafnalarga xos, faqat keyingi davrga taalluqli urf-odat emas, balki bu ko'mish marosimining boshqa turi deb qayd etilgan mulohazani to'la tasdiqlaydi. Umuman qadimiy Baqtriya aholisi orasida ko'mish marosimining turli shakllari mavjud bo'lgan.
Agar Yunon-Baqtriya zadagonlari asosan o'z e'tiqodlari va udumlari amal qilgan va Xolchayondagi ossuariy (idish)ga solib ko'mish marosimi bunga yorqin dalildir. Bu masalada Xolchayondan topilgan miloddan oldingi III-II asrlarga oid sanamlar haykalchalari, shuningdek, suyakdan ishlangan yalang'och ma'buda shakli aks etgan taqinchoq qadimda Sharqda mavjud bo'lgan Ona Xudoga sig'inish udumi bilan bog'liqdir. Ayni paytda, Ellin-Yunon badiiy tasvir uslublarining Xolchayonning Baqtriya davri me'morchiligiga ta'sirini aks ettiruvchi topilmalar ham bor. Xolchayon taraqqiyotining yirik qurilish tadbirlari bilan bog'liq navbatdagi bosqichi miloddan oldingi II-I asrlarga taalluqlidir. Bu davr tarixiy jihatdan ulkan siyosiy voqealar bilan bog'langan, miloddan oldingi 140 yillarda Geliokning o'limi bilan Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozi yuz beradi. 
Yunon-Baqtriya podshohligining inqirozga uchrashi, aftidan, baqtriyaga saklarning dastlabki bostirib kelishi va o'zlari egallagan hududlarda o'troq bo'lib qolishi, so'ngra, yuyejiylar bostirib kelib, saklarni Amudaryoning narigi sohiliga uloqtirib yuborishi davriga to'g'ri keladi. Bu zarba Xolchayonning ham taqdiriga o'z ta'sirini kursatgan va mazkur joydan topilgan arxeologik topilmalarda, qatlamlarda o'z aksini topgan. Vaqt o'tishi bilan hayot o'z iziga tusha boshladi, yangi qurilishlar hamda ta'mirlashlar bundan dalolat beradi. Sak-yuyechjiy (yoki «tohar», qadimiy yozma arab manbalarida taxor bitiladi) davri Xolchayon tarixida arxeologik jihatdan aniq aks etgan.
Miloddan avvalgi II-I asrlar uchun xos bo'lgan «badaviy Geliokl» det ataluvchi bronza tangalarning topilishi aynan shu davrdagi gavjum shahar hayotidan darak beradi. Ularning shahristonning turli joylaridan topilganligi bu yerda har xil pullar muomalada bo'lganini va bozorning ehtiyoji keng ko'lamligini anglatadi. O'zining arxeologik-topografik qoldiqlarida miloddan oldingi II-I asrlarda Xolchayon yirik aholi maskani sifatida namoyon bo'ladi. I-II asrlarda, ya'ni Kushonlar davrida Xolchayon rivojlanishda davom etadi. Kadfiz II tangalarining topilishi, Kanishka, Xuvishka, Vasudeva (aksariyati katta va o'rtacha halqali) tangalarining ko'pligi va ularning ko'plari siyqalanib ketgaligi ko'p ko'lamda bozor muomalasida bo'lganligini ko'rsatadi. 
Milodiy II asr oxiri -III asr boshlarida Kushon imperiyasi inqirozga yuz tutadi. Bu jarayon Xolchayonda ayniqsa, yorqin iz qoldirgan. Qorabog'tepa istehkomi darvozasi katta yong'inda qolgan va uning izlari Kushonlar davri qurilishlarida yong'in qatlami tarzida saqlangan. Xonqotepadagi o'rganib chiqilgan uchala imorat ham xarob etilgan yoki qulatilgan. Bu hol ayniqsa, saroyda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bu yerda qimmatbaho ashyolar va ibodat buyumlari talon-taroj qilib ketilganligi bilan birga, taxtxonada tosh tagliklardan biri ag'darib tashlangan, ayvonda esa ustun tagliklari qo'porilgan, ba'zilari uloqtirib yuborilgan. Demak, Xolchayon taqdirida arxeologik muhrlanib qolgan o'limga mahkumlik III asr boshida Kushon shohligini qamrab olgan umumiy voqea bo'lgan. 
Xolchayondan VI asr oxiri-VII asrga oid turk-sug'd turkumiga taalluqli ikkita tanga topildi. Ular Sug'd va Shoshdan topilgan tangalar bilan old tomon tuzilishi ikonografik jihatdan o'xshasa ham, ulardan ma'lum darajada farq qiladi. Bu tangalar Amudaryoning shimoliy qismidagi ayrim feodal viloyatlar turk xoqonligiga mansubligini anglatadi, tamg'alar va boshqa belgilardagi farq esa Chag'onxudotlar zarb qilgan ashyolarning o'ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi. Darvoqe, arablar 719 yili Amudaryo bo'yi viloyatlariga yetib kelgan vaqtda, turkcha «Yabg'u» unvonli Tish ismli Chag'oniyon hukmdori Tohariston qo'shinlariga bosh bo'lib turgan.
Arablar bosib olgan davrdan boshlab Xolchayon uzoq vaqt e'tiborsiz qoladi. XIII asr oxiri XIV asr boshida antik tepaliklardan ba'zilari qabriston sifatida foydalaniladi. XVI asrda Qorabog'tepaning shimoli-sharqiy qismi do'ngligida qandaydir mulk paydo bo'ladi. Shundan so'ng shahriston atrof hududi yanada botqoqlikka aylanib, bizning davrimizgacha o'zlashtirilmay qoladi. Xolchayonni tadqiq etish Baqtriya madaniy hayotiga, ayniqsa, uning badiiy madaniyatiga yangi ma'lumotlar kiritadi. Bu kuzatishlar Markaziy Osiyoning mazkur yirik viloyatida antik davr shahar qurilishining ba'zi jihatlarini qayta ochib beradi. Bu borada tarixiy ma'lumotlar nihoyatda kam. 
Eski Termizning qadimgi madaniyati zamirida ham kushon davriga xos ko'pgina yodgorliklar bor. Ular shu davrning yaqqol namunalaridan, sopol buyumlardan va moddiy madaniyatga doir boshqa narsalardan iborat. Toxariston vohasi Kushon imperiyasining g'oyat katga markaziy viloyatlaridan biri bo'lgan. Toxariston tuprog'idan toxaristonliklarning yuksak madaniyatidan dalolat beruvchi yodgorliklar topildi. Hozirgi Termizdan 10 km keladigan joydagi Qoratepa g'oridan topilgan ajoyib yodgorlik ana shunday dalillardan biridir. Qazish ishlari Kushon davlati madaniyati to'g'risida g'oyat qimmatli ashyoviy dalillar va buyumli materiallar berdi. Yozma manbalardan ma'lumki, buddizm Markaziy Osiyoga azaldan kirib kelgan, arxeologlar o'tkazgan qazishlarda topilgan narsalar ham bundan dalolat beradi. Buddizmning Markaziy Osiyodagi ko'plab o'lkalarning madaniyat va san'at tarixida alohida o'rin tutganligi tarixdan aniq. Lekin bu haqda tasodifan topilgan ba'zi narsalarga qarab taxminiy fikrlar bor edi, xolos. Ko'pgina tekshiruvchilar, garchi buddizm Markaziy Osiyoda tarqalgan bo'lsa-da, jamiyat mafkuraviy hayotida muhim ahamiyat o'ynagan emas, degan fikrda edilar. Ammo Qoratepa yodgorliklari o'rganilgandan keyin bu fikrlar rad etildi: arxeologlar uzil-kesil Qoratepa g'orlari budda dini bilan bog'liq inshootdan boshqa narsa emas degan fikrga keldilar. Bu qanaqa inshoot o'zi? Amudaryo burilib oqadigan joyda Qoratepa tepaligini qazish natijasida mazkur inshootda budda me'morchiligi qonunlariga rioya qilinganligi ma'lum bo'ldi. G'or ichidagi ibodatxona tepasida ochiq yerga diniy marosimlar o'tkaziladigan bino qurilgan. Bu butun boshli inshoot Kushon Termizining katga g'or ichidagi ibodatxonasi bo'lgan, undagi yerto'la, hovli va ikkita g'or ichidagi inshoot yaxshiroq saklangan. Hovlini to'rt burchak deyish mumkin (20x18 m), hovlining g'arb tomoni qumtosh tepalikning uyilgan «tabiiy» devori bilan to'silgan. Xullas, g'arb tomondagi devori tamomila qumtoshdan iborat, hovlining sharq tomonidagi devori xom g'ishtdan iborat, hovlining sharq tomonidagi devori xom g'ishtdan tiklangan. Hovli devorlari bo'ylab usti yopiq, ustunli ayvon kurilgan, devor qoldiqlariga qarab hukm qilganda ayvon qizil buyoqqa bo'yalgan. Inshootning asosiy binosiga kiraverishda janub tomonidagi ayvon devorlari bo'ylab har ikki tomonda turli rangda, o'z kattaligida va tik turgan kishilarning qomatlari tizilib turibdi. Yer tagidagi binoga hovlining janub tomonidan kiriladigan bo'lgan, binoning devorlari xom g'ishtdan terilgan. Bino uncha katta emas, u katga xonadan iborat, unga uch tomondan kiriladigan yo'laklar bo'lgan va yon tomoni bitga kichikroq mergel ohak-toshdan terilgan. Ostonaning har qaysi tomiga qora chiziqlar bilan nilufar surati solingan. U g'or ibodatxonasiga kiradigan darvoza tepaligining qumtosh qatlamida uyib ishlangan, darvoza qubbali bo'lgan bo'lsa kerak.
Qoratepa buddaviylik yodgorligi Eski Termiz majmuasi tarkibiga kirib, maydoni 7,5 ga ni tashkil qiladi. Tadqiqotlar natijasida Qoratepaga milodiy I asr oxirlarida asos solinganligi, yodgorlik janubiy, g'arbiy va shimoliy tepaliklardan tashkil topganligi aniqlandi. Qoratepaning o'rganilishi 1928 yilda A.S.Strelkov tomonidan boshlangan bo'lib, turli tanaffuslar bilan hozirga qadar davom etmoqda, hozirgacha to'qqizta ibodatxona ochib o'rganildi. Qoratepada ganchdan yasalgan haykallarning parchalari topildi, ular ichida g'alati bir vaziyatda buklanib turgan to'rtta barmoq saqlangan qo'l parchasi diqqatni o'ziga tortadi. Bu qo'l parchasi kattaligiga qaraganda kishi bo'yidan ancha baland haykalniki bo'lsa kerak. Budda va unga doir manbalarning haykallari hovli o'rtasida joylashtirilgan bo'lishi mumkin. Oq marmarga o'xshagan mergel ohaktoshdan yasalgan arxitektura bezaklari (odam boshining barelyefi, akanfa bargi va boshqalar) diqqatga sazovordir. Bular Hindiston, Pokiston va Afg'onistondan topilgan arxeologik yodgorliklarga juda o'xshab ketadi. Yo'lak va ayvondagi naqshlarda ham xuddi shunday mushtarakliklar borligi sezilarli darajadadir.
Qoratepa qazilganida undan budda dini marosimlariga oid buyumlar: toshdan yasalgan soyabon, qopqoqlar, nilufar surati va boshqa ko'plab narsalar topildi. Sopol buyumlar va devorlardagi yozuvlarning ham bu boradagi ahamiyati kattadir. Sopol buyumlardagi yozuvlarning ko'p hindcha kaxaroshti va braxma yozuvlaridir, ammo binodan kushon yozuvli popolok ham topildi. Kushon yozuvi mahalliy sharqiy fors tiliga moslashtirilib, yunon alifbosi asosida tuzilgani aniqlandi. Budda ibodatxonasi to'satdan yuz bergan zilziladan yemirilgan bo'lsa ajab emas, chunki uning ko'pgina qismlari shunday ag'nab yotibdi. Bu bilan arxeologlar Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy hayotini o'rganishda g'oyat qimmatli yodgorlikka ega bo'ldilar. Bundan tashqari Qoratepadagi budda yodgorligi Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning Hindiston va Xitoy bilan bo'lgan aloqalarini o'rganishga ham imkon beradi. Axir, Qoratepa hozirgi Afg'oniston va Hindiston, Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Qashqar orqali Xitoyga boradigan karvon yo'lining juda qizg'in, serqatnov joyida bo'lgan.
Kushonlar davrida Markaziy Osiyoga kirib kelgan budda dini bilan birga qadimiy mahalliy an'analar ham davom etavergan. Toxariston tuprog'idagi qadimgi Qayqubodshoh shahrida o'ng qo'lida qandaydir idish tutib o'tirgan xotin tasvirlangan sopol haykalcha topilgan edi. Taxminlarga qaraganda, bu Vaxsh daryosidagi ma'buda bo'lsa kerak, Dushanbe yaqinidan topilgan qadimgi to'pxona qabristoni mahalliy diniy e'tiqod bilan bog'langan. U yerda o'likni qabrga orqasi bilan cho'zib, boshini shimolga, oyog'ini janubga qaratib solganlar. Shunisi qiziqki, o'likning og'ziga yoki ko'kragiga kumush tanga pul qo'yganlar. Qadimgi ellin Yunonistonida va Yaqin Sharqdagi ellin mamlakatlari hududida ayni shunday odat mavjud bo'lgan. Bu odat va udumlar, rasm-rusumlar asta-sekin quldorlik davlatlari bo'lmish Yunon-Baqtriya podsholigi bilan Kushon imperiyasi taraflarga o'tib kela boshlagan. Qadimshunoslar topgan kumush falslar chambaraksimon ramka ichiga olingan do'ng gardishdir. Ichiga fil surati solingan, ustiga to'rt burchak yombi qoplangan, undagi tasvirga ko'ra, bo'ynida maxsus kaltak ushlab fil o'rgatuvchi yoki fil haydovchisi o'tirgan. Fil haydovchining boshida salla, quloqqa isirg'a, fil ustiga o'rnatilgan qulfnamo qandaydir narsa, jang davom etmoqda, jang payti minora tepasida ikkita jangchining kallasi ko'rinib turibdi. Birining boshida dubulg'a, qo'lida nayza, u harbiy boshliq bo'lsa kerak, yana biri bosh yalang, u harbiy askar bo'lsa ehtimol.
Yunon-Baqtriya pullari aksar kumushdan, kamdan-kam hollarda bronzadan zarb qilingan, tanga pullarning bir tomonida podsho surati solingan. Do'ng peshonasi, qirg'iy burni, bo'rtib turgan dag'al iyagi uning kuchli iroda egasi ekanligidan dalolat beradi. Boshqa bir chaqa pulning bir tomonida Hindistonni zabt etgan Dimitriy podshoning lablari bir-biriga qattiq yopishgan, shiddatli muhr tasviri bilan zarb qilingan, ikkinchi tomonida podshoning yunoncha unvoni yozilgan. Keng ko'lamda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar qadimgi davr tarixini davrlashtirish masalasini ilmiy asosda qayta hal qilish imkonini beribgina qolmay, balki quldorlik tuzumini hamda bu davrda savdo va hunarmandchilikning markazi bo'lgan shaharlar madaniyatini o'rganishda ham juda boy manbalar berdi. Arxeologik tadqiqotlar tufayli viloyat hududida quldorlik davriga mansub ajoyib tasviriy san'at obidalari ochildi. Termiz yaqinidagi Ayritomda topilgan toshga o'yilgan bo'rtma suratlar, haykallar va devoriy rasmlar hamda Denovdagi Xolchayon va Dalvarzintepadan topilgan loy va ganchdan yasalgan ko'pdan-ko'p turli haykallar Surxon vohasida qadimda o'ziga xos yuksak tasviriy san'at madaniyati yaratilganligini isbotlaydi. Surxondaryoda topilgan qadimgi san'at obidalari Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati bilan Eron, Hindiston, Yaqin Sharq va Kavkaz xalqlari madaniyatining bir-biriga ta'sir ko'rsatganidan hamda dunyo xalqlari madaniyatining yaratilishida Markaziy Osiyo xalqlari ham faol qatnashganligidan darak beradi. Qoratepadagi budda ibodatxonalaridan chiqqan qimmatbaho haykallar va boshqa tasviriy san'at obidalari, ayniqsa nodir va noyobdir. Bunday tasviriy san'at va haykaltaroshlik yodgorliklari o'z davrining hayotiy, mafkuraviy va diniy e'tiqodlari, madaniy va maishiy hayoti to'g'risida ma'lumot beruvchi qimmatbaho manba hisoblanadi.
Umuman, Qoratepa yodgorligining o'rganilishi Kushon davri Baqtriya tarixi va madaniyatini yoritishda muhim bir bosqich bo'ldi. Ana shu tadqiqotlar Termizning va umuman Baqtriyaning qo'shni davlatlar va o'lkalar bilan iqtisodiy hamda madaniy aloqalari rivoj topganligini yana bir karra isbotladi. Shimoliy Baqtriyaning antik tarixi va madaniyatini o'rganishda 1972 yili tashkil qilngan BAKE ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. V.M.Masson rahbarlik qilgan ushbu ekspedisiya tadqiqotlarida SH.Pidayev, T.Annayev. G.Koshelenko. K.Sobirov, V.Pilipko. V.Zavyalov singari arxeolog olimlar ishtirok qildilar. Baqtriya ekspedisiyasi Kushon va ilk o'rta asrlar davri Baqtriya shahar va qishloqlarining tarixini o'rganishga, Baqtriyada urbanizasiya jarayonlarining shakllanishi va rivojlanishi masalalarini tadqiq qilishga asosiy e'tiborni qaratdi. Ekspedisiya o'z faoliyatini 1990 yillarning boshlariga qadar davom ettirdi, ekspedisiya tadqiqotlari Shimoliy Baqtriyaning Zartepa, Mirzaqultepa, Oqqo'rg'on, Sho'rtepa, Hayrobodtepa, Hayitobodtepa singari shahar va qishloq xarobalarida olib borildi.
Baqtriya ekspedisiyasining samarali kashfiyotlari natijasida ilk bor Kushon davri shahar me'morchiligi xususida nisbatan to'la ma'lumotlar olish imkoni paydo bo'ldi. Kushon davri qishloqlari, ularning jamiyat hayotidagi o'rni va shaharlar bilan o'zaro munosabatlari masalalari yoritib berildi. Qishloq aholisining moddiy madaniyatini shahar aholisining moddiy madaniyatidan farq qilmasligi, shahar va qishloqlar o'rtasidagi tovar ayriboshlash, aksaran tanga pullarga asosalnganligi Oqqo'rg'on, Mirzaqultepa, Sho'rtepa yodgorliklari misolida isbotlab berildi. Me'morchilik va diniy e'tiqodlar masalasida ko'plab savollarga javob olindi. 
Mustaqillik davri arxeologik kashfiyotlari va ularning antik davr tarixi hamda madaniyatini o'rganishdagi ahamiyati masalalari ham atroflicha ko'rib chiqildi. O'zbekiston mustaqillikka erishgach, Shimoliy Baqtriya hududlarida arxeologik qidiruv-tadqiqot ishlarini keng ko'lamda va xalqaro miqyoslarda olib borish uchun yangi imkoniyatlar ochildi. O'zRFA Arxeologiya instituti xodimlari Fransiya va Germaniya olimlari bilan hamkorlikda Ko'hna Termiz, Sherobod vohasi yodgorliklarini hamda O'zbekiston san'atshunoslik instituti bilan Yaponiyaning Tokiodagi Soka universiteti xodimlari hamkorlikda Dalvarzintepa ko'hna shahrini o'rgandilar. Ushbu ishlar natijasida milodning boshlarida O'zbekistonning janubiga buddaviylik e'tiqodi jadal kirib kelganligi isbotlandi. So'nggi tekshirishlar natijasida Dalvarzintepa san'ati, moddiy madaniyati va tarixiga ko'pgina yangliklar kiritildi.
1999 yilda Kushon davri yirik shaharlaridan biri Kampirtepada arxeologik-qidiruv ishlari qayta tikalandi va hozirga qadar davom etmoqda. So'nggi tadqiqotlar Kampirtepaning yoshini aniqlash imkonini berdi., olimlarning taxmin qilishicha Kampirtepa mil. avv. IV asr oxiri-mil. avv. III asr boshlaridan e'tiboran faoliyat ko'rsata boshalgan. Shuningdek, Oksdagi Aleksandr shahri ham Kampirtepa o'rnida bo'lgan degan taxminlar ilgari surilmoqda. Kampirtepadan keyingi paytda topilayotgan metall buyumlar, sopollar, terrakotlar va tangalar Baqtriya tarixi va madaniyatini o'rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1993 yildan boshlab o'zbek-german qo'shma arxeologik ekspeisiyasi xodimlari Jondavlattepa yodgorligida tadqiqot ishlari olib bordilar. Tadqiqotlar jarayonida me'morchilik, san'at, madaniyat, diniy e'tiqodlar hamda tovar-pul munosabatlari masalalari o'rganildi. 
1998 yilda Qoratepadagi budda ibodatxonalari guruhini o'rganish bo'yicha SH.R.Pidayev rahbarligida o'zbek-yapon qo'shma ekspedisiyasi tashkil etilib, hozirga qadar faoliyat ko'rsatmoqda. Mustaqillik yillarida olib borilayotgan hamkorlikdagi tadqiqotlar natijasida antik davrda Surxon vohasida ro'y bergan tarixiy-madaniy jarayonlar aniqlanib, fanga tatbiq etilmoqda.
Kushon davri arxeologik yodgorliklaridan Fayoztepa, Eski Termiz devorlarining shimoli-g'arbida, Qoratepa tekisligining shimoli- g'arbidan janubi-sharqqa yo'naltirilgan holda qurilgan Budda ibodatxonasidir. Bu to'rtburchakli ziyoratgohning ichkari hovlisi ikki tomondan tirgak vazifasini o'tavchi yo'g'on sutunlar bilan ko'tarilgan bo'lib, maxsus ayvon bilan o'ralgan imoratdir. Ushbu Budda obidasining qurilgan payti - uysozlik, binokorlik, haykaltaroshlik, tasviriy san'at, umuman, shaharsozlik va me'morchilik rivojlangan Kushon-Baqtriya davlati davriga, ya'ni eramizning I-II asrlariga to'g'ri keladi. 
So'z yuritilayotgan jamlanma asosan uch qismdan: 1. Kohinlar yotoqxonasi (hind-boxtar me'morchiligi an'analari asosida qurilgan). 2. Markaziy ibodatxona 3. Kohinlar jamoasi uchun zarur bo'lgan narsalar bilan ta'minlaydigan xo'jalik va yordamchi imoratlardan iborat. Inshootning asosiy qismlaridan biri muqaddas, tabarruk va muborak diniy yodgorliklarni saqlaydigan joy- qo'ng'iroqsimon pastki qismi turtib chiqqandek ishlov berilgan hovonchadir. Hovoncha xom g'ishtdan terilgan, uning usti oppoq qorsimon ganch bilan suvalgan. Qizig'i, hovoncha ibodatxonaning boshqa jamlanmalari singari hovli markazida bo'lmay, balki hovlining tashqarisida - «Siymo uyi» budda haykalchasi dargohiga qarama-qarshi o'rnatilgan. «Siymo uyi»dan topilgan ohakgil toshidan mohirlik bilan ishlangan 118 kilogrammlik Budda haykali va uning ikki yonida qo'l qovushtirib, sig'inib o'tirgan ikki rohibning haykalchasi bor. Bu dargohdan havonchagacha g'isht va ohakgil toshlari parchalari yotqizilgan yo'lak o'tkazilgan.
Markaziy ibodatxona atrofida katta-kichik xonalar, ya'ni ziyoratgoh, hujra va jamoa yig'ini xonalari mavjud bo'lgan. Masjid ibodatxona bilan bir eshik orqali tutashtirilgan, eshik ibodatxona hovlisining g'arbiy devorida bo'lib shimoli-g'arbiy tomondadir. Eshikning hovli tarafdagi yonida katta-katta ohakgil toshi bo'laklaridan terib qurilgan hovuzcha bo'lgan. Hovuzchaning bir tomoni ikkinchisidan torroqdir, ayni shu tomonning pastki qismida og'zi ochiq sher boshi tasvirlangan suv jumragi o'rnatilgan. Bu hovuzcha ehtimol diniy marosimlarda yuvinib poklanish uchun qurilgan, ibodatxona tokchalarida esa ganch haykalchalar bo'lib, ularning ichi loy bilan to'lg'azilgan bo'lgan. Ilmiy adabiyotlardan ma'lumki, ana shu xil hovuzchalar hind budda sajdagohlarida tahorat qilish uchun ishlatilgan. Arxeolog olim L.I.Albaumning fikricha, Kushon buddoviylik san'atida sher aksi va tasviri katta ahamiyatga molik bo'lgan, oqibatda aksar kulolchilik idishlarida sher kallasi, goho tog' takasi bosh qismi tasvirining tushirilishi an'anaga aylangan edi. G.A.Pugachenkova tomonidan Eski Termiz shaharchasidan topilgan qulog'i tik arslon gavdali qanotli bahaybat maxluq rasmi tushirilgan ohakgildan ishlangan yaxlit qolipning topilishi yuqoridagi misolga dalil bo'ladi. 
Fayoztepadagi devorlar qurilishiga asosan paxsa va xom g'isht ishlatilgan, tomlar xarilar bilan yopilgan, tomlarning ba'zilari gumbazsimon shaklda bo'lgan. Majmua xonalarining devorlariga turli manzarali suratlar, haykallar bilan bezak berilgan. Har xil tabiiy ofat va jangu muhoraba sinovlariga bardoshi yetgan ko'pgina haykallar tuproq uyumlari ostida saqlanib, ularning shikast topgan siniqlarigina bizning zamonimizgacha yetib kelgan, xolos. Saqlanib qolgan haykal bo'laklari va siniqlarining hajmiga qaraganda ayrim haykallarning bo'yi 4 metrgacha ekanini taxmin qilish mumkin, ular odatan qizil bo'yoqqa bo'yalib, ustidan tilla suvi yuritilgan. Ana shu bo'laklangan va singan haykallar bilan birga topilgan Kanishka va Vasudeva I tangalari zikr etilgan vayrona Budda ibodatxonasi ehtimol Vasudeva I davrida yemirilgan degan xulosaga kelishga imkon beradi. Jamlanmaga tobin uchinchi-xo'jalik qismining devorlari monastr va ibodatxona devorlariga tutashtirib ko'tarilgan. Jamlanma xonalarining birida xom g'ishtdan qilingan eni 0,7 metr keladigan uzun supa bor, bu aftidan ovqatlanish joyi bo'lgan. Barcha xonalarning devorlari somon suvoq qilingan, faqat ikkitasi ganch bilan suvalgan, xonaning yeriga ganch va yirik qum qorishmasi to'shalgan. Qolgan ikki xonada tandir qoldiqlari va bezakli toshtovoqlarning sinig'i, boshqa bir xonada janubga qaratib o'rnatilgan suv quvuri, kulolchilik o'chog'i borligi aniqlandi. Demak ibodatxonaga suv quvurlar vositasida olib kelingan, hatto shunga o'xshash quvurlarning Qoratepa tomon, ya'ni janub tarafga yotqizilganligi (5-6 metrli quvur bo'laklari) kovlash natijasida kuzatilgan.
Ammo shaharga suv quvurlar orqali qaysi tomondan olib kelingani muammosi ancha yillar bahsli bo'lib turdi. Bu masalani 1945 yili o'rgangan olim D.D.Bukinich ham muammoning yechimini topolmay «Termizga suv qaysi tomondan kelganligi savoliga qoniqarli javob olish amri mahol» deyishdan nariga o'tmagan edi. Shu o'rinda V.A.Kozlovsvkiy, V.P.Nimkolayev, L.I.Albaum fikrlarini keltirib o'tish joiz, ular shaharga suv Amudaryodan olingan deyishadi. Lekin tarixiy asarlar buning teskarisini ko'rsatadi, chunonchi XV asr jug'rof olimi Hofizi Abro' «Termiz Chag'oniyon(Surxon)dan suv ichadi», deydi. Nihoyat termizlik yosh qadimshunos olim T.Annayev muammoning yechimini topishga muyassar bo'ldi. Salovotdan ma'lum miqdor yuqori(shimol)da - Tolitog'orada olib borilgan qazilma samarasi o'laroq Kushon davri Termiz va uning atroflarini sug'orish tizimi aniqlandi. Unga ko'ra suv Chag'onruddan Kattaqum orqali amalga oshirilgani, suv olish joyi va uning qo'riqlash istehkomi topildi.
Kushon davri Termizining I-II asrlarda qurilgan yirik Buddoviy jamlanmasi Fayoztepa II asrda budda kohinlari tarafidan tashlab ketilgan, degan aqida mavjud. Balki bu hodisalar tabiiy ofat - yer qimirlashi bilan bog'liq bo'lishi mumkin degan taxminlar yuradi. Ammo dinidorlar muqaddas ziyorotgoh sanalmish havonchani o'z holicha qoldirib, uni e'tiborsiz tashlab ketmadilar. Havonchani saqlash maqsadida uning chor atrofini xom g'ishtli devor bilan o'rab oldilar va havonchaning uzoq saqlanishga imkon yaratdilar. 
Fayoztepa atrofida V asrda Termizda hukmronlik qilgan eftalitlarning qabristoni bo'lgan. Xullas Fayoztepa majmuasidan topilgan haykalcha dunyoning ko'pgina mamlakatlari, jumladan Yaponiya, Skandinaviya mamlakatlari bo'ylab sayohatda bo'ldi. Endilikda u Toshkentda saqlanmoqda, umuman, Fayoztepa sirlarini ochish va tahlil etishda olimlardan L.I.Albaum, B.M.Masson, A.Asqarov, G.A.Pugachenkovalarning ilmiy izlanishlari katta samara berdi. Arxeologlar qiziqqanga qadar bu tepa nomsiz edi, arxeologlarga yaqindan yordam bergani uchun Surxondaryo viloyat o'lkani o'rganish moziygohining shu yillardagi direktori Rahmat Fayozovning otasi sharafiga bu tepa Fayoztepa deb ataladigan bo'ldi va shu nom bilan olamga tanildi.
Eramizning dastlabki asrlarida Hindistondan Markaziy Osiyo janubiga buddizm tarqaladi. Bu yerlarga diniy aqidalar bilan birga budda san'ati ham keladi. Shu davrlarda Kushon Termizida va uning devori atroflarida buddizmning ko'plab ibodatxonalari, sajdagohlari, xonaqohlari va boshqa inshootlari qurildi. Termiz buddizmning muqaddas ziyorotgohlaridan biriga aylandi. Zo'rmo'la Kushon Termizi qo'rg'on devorlari shimoliy sharqida qad ko'tarib turibdi. Qachonlardir shahardan tashqaridagi bu yerlarda buddizmning yuksak me'morchilik uslubidagi qurilmalarining butun majmuasi-Vixara-ibodatxona bo'lganga o'xshaydi. Lekin o'rta asr Termizida bu yerlar ekin maydonlari bo'lganlari ma'lum. Faqat bu yerning bosh qurilmasi muqaddas joy-ulkan havonchaga o'xshash budda muqaddas ashyolari saqlanadigan minora o'z qoplamalari va shaklini yo'qotib, asrlar osha yashab kelmoqda. Olib borilgan qazilma natijasi to'g'ri burchakli supa (tagkursi) ustiga o'rnatilgan silindrsimon minoradek havoncha o'z nihoyasida gumbaz bilan tugallanganligini ko'rsatadi. Bu inshoot asosan xom g'ishtdan terilgan bo'lib, uning tagkursisi (pyedestolli) sirti oq toshtaxtalar bilan qoplangan. Ehtimol, bu toshlar ohakgil bo'lib, Xoja Gulsuvar (Burgut tog'i)dan keltirilgandir. Havonchaning yuza qismi xom g'isht ustidan pishiq g'isht qoplangan va yuz (old) tomoni ochiq qizil rangga bo'yalgan. Hovonchaning diametri 14,5 metr, umumiy balandligi qachondir 16 metrga teng bo'lib, uning bo'yini xoda (tayoq)ga osilgan «Hurmat soyaboni» balandroq ko'rsatardi. Zo'rmo'laning bunyod bo'lishi ulug' Kushonlar davriga, ya'ni eramizning II asriga to'g'ri keladi. Uning qurilish ishlaridagi ko'lami Fayoztepanikidan ortiq va Termizdagi budda inshootlari qurilishida alohida ahamiyatga ega bo'lgan.
Zo'rmo'la minorasi Markaziy Osiyodagi shunday hovonchalardan va arxeologik qatlamlardagi minoralarga o'xshamaydigan yirik me'morchilik obidalaridandir. Zo'rmo'la hovoncha yoki minora ekanligi haqida olimlar orasidagi bahslar yechimi topilgani yo'q. B.N.Kostalskiy («Surxon-Sherobod vodiysi tarixiy-jug'rofik obrazi», Toshkent, «Vestnik irrigasii», 1930, ? 3, 4) bu masalaga shubha bilan qaragan. G.A.Pugachenkova Zo'rmo'lani buddizm minorasi deb atadi. B.V.Lunin Zo'rmo'lani «Kattatepa» deb atadi. Hovoncha ruscha stupaning tarjimasi bo'lib, uni bu yodgorlikka qiyoslash to'g'ri kelmaydi. Zo'rmo'la atamasi ruscha «Zurmula» deb buzib ifodalanib kelinganga o'xshaydi. U asli Zo'rmo'la, ya'ni «Katta mo'la» ma'nosini anglatadi. Mahalliy shevada «mo'la» so'zi loydan baland ko'tarib yasalgan, lekin minoradan kichik va undan farq qiladigan qurilma ma'nosini anglatadi. Dehqonlar oq jo'xori, tariq paykallarini ana shunday mo'lalardan palaxmon otib, hosilni qushlardan qo'riganligi ma'lum. Ana shunday mo'lalardan azonchilar din ixlosmandlarini ibodatga, nomozga chaqirganlar. Qadimda Zo'rmo'laning o'z nomi bo'lganligi ajab emas hozirgi nomi bu ulkan inshoot qoldig'ining mahalliy xalqlar tomonidan atalishidan olingan bo'lishi mumkin.
Taniqli olim A.S.Strelsov (Sbornik kulturi Vostoka, vo'p. 1. Moskva, 1927. Str. 27-30) o'z asarini «Zo'rmo'la yoki Kattatepa» nomlashi bejiz emas. O'rta asr Termiz raboti o'rtasida, uning shimoliy devori yaqinida bir qator inshootlar bor ediki, ularning pishiq g'ishtlari allaqachonlar tashib ketilgan. Bu imoratlar eskidan (Kushonlar davrida) odamlar yashab kelgan joylarda qurilgan, bu yerlar I-IV asrlarda kushonlar tashlab ketgandan keyin bo'sh yotgan. Yuqorida aytib o'tganimizdek, II asrda yer qimirlashi oqibatida ko'pgina inshootlar, uy-joylar vayronaga aylandi., ular qaytadan tiklanmaydi, balki urf-odatga ko'ra irim qilingan yoki tiklashning iloji bo'lmagandir. Shu tufayli, buddizm ibodatxonalari, xonaqohlari va boshqa inshootlar qurilishi Kushon Termizining shimoliy sharqida Zo'rmo'la atrofida rivojlantiriladi. 
Ilk o'rta asrlarda bu yerlar tiklana boshlaydi, VI-VII asrlarda katta bo'lmagan, lekin o'z shakli bo'yicha diqqatga sazovor feodal qasri (qo'rg'oni)-saroyi quriladi. Ko'shkning pastki qismi 25x25 metr bo'lib, paxsa devordan ko'tarilgan, uning bosh o'qi bo'ylab yotgan markaziy dahlizi, uning ikki tomonida beshtadan uzunroq xonalari bo'lgan. Dahliz va xonalar gumbazlar bilan yopilgan., devorlarida teshiksimon derazalar bo'lgan. Ko'shkning ikkinchi qavati yengil materiallardan yopilgan bo'lib, yozda yashashga mo'ljallangan. Termiz qo'rg'oni Markaziy Osiyo qasriga xos ko'shk edi, u ko'p asrlar kishilarga xizmat qildi. Islom dini rivoji davrida uning yaqinida qurilgan masjid va qo'shma xonalar ziyoratga keluvchilar uchun yotoqxona, sayyoh darveshlar uchun xonaqoh vazifasini o'tadi. Ko'shk vayronalari hozirgi Katta O'zbek traktining Eski Termiz hududi ostida qolib yo'q bo'lib ketdi. 
Umuman, kushonlar davrida vohada iqtisodiy-siyosiy va madaniy hayot yuksak darajada rivojlangan. Kushon hukmdorlarining tinimsiz ravishda olib borgan urushlari, ko'chmanchilarning hujumlari hamda bo'ysundirilgan o'lkalarda mustaqillik uchun olib borilgan harakatlar oqibatida kushonlar saltanati inqirozga uchraydi.
IV asr oxirlarida toxar qabilalari kushonlar saltanatiga xotima beradi.




Комментариев нет:

Отправить комментарий