понедельник, 30 мая 2016 г.

Surxondaryo tarixi kitobidan: JEZ DAVRI YUTUQLARI

Inson aql-zakovatining o'sib borishi tabiatga bo'lgan qiziqishni oshirdi. Odamlar endilikda tabiatning sir-asrorlarini o'rgandi, natijada asta-sekin tabiatni o'zlashtirishga kirishib katta mehnat muvaffaqiyatlariga erishdi.Chin (Xitoy), Misr, Hindiston, Bobil (Vavil-Vaviloniya) davlatlari kabi qulay tabiiy iqlimga ega bo'lgan Surxon vohasida ham dehqonchilikni rivojlantirish uchun nihoyatda yaxshi imkoniyatlar mavjud edi. Shu tufayli, tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, miloddan avvalgi III ming yillik oxiri va II ming yillik boshlarida bronza asriga doir mexnat qurollarining takomillashib borishi tufayli Surxondaryoning deyarli hamma joylarida ziroatchilik va chorvachilik yaxshi rivojlangan.


Sherobod, Sho'rchi, Bandixon tumanlari hududlarida o'tkazilgan arxeologik qazish ishlari tufayli Sopollitepa, Mullali, Jarqo'ton kabi yodgorliklarda urug' jamoasi makonlari topildi. Sopollitepa madaniyati Janubiy O'zbekistonda shakllangan va sun'iy sug'o-rishga asoslangan ilk makon bo'lib, qadimshunos olimlar bu yerdan ziroatchilikka oid bug'doy, arpa, suli, paxta urug'lari qoldiqlarini, kulolchilik, charxni ishlatish, xunarmandchilik turmushiga doir ashyolar va san'at namunalari qoldiqlarini topdilar. Eng muhimi qabilani tashqi dushman hamlasidan himoya qilish maqsadida qurilgan qo'rg'on uch qatorli mudofaa devori bilan o'rab olingan. Qo'rg'onning umumiy maydoni bir gektarga yaqin bo'lib, unda sakkizta mahalla istiqomat qilgan uylarda mo'rili o'choq, ayrim xonalarda sandal o'rni, ganch suvoq qoldiqlari topildi. Kulolchilikka oid 20 dan ziyod xumdonlar, sifatli nafis qadah, ko'za, xum, choynak, lagan, mudofaa qurollari, idishlar, ko'zgu, to'qimachilik, ip va ipak mato qoldiklari topib o'rganildi.
Sopollitepada istiqomat qilgan ajdodlarimiz bronza davridayoq qo'shni xalqlar bilan bevosita yaqindan aloqada bo'lganlar. Xususan, bu yerdan topib o'rganilgan ko'pgina buyumlar Janubiy Turkmanistonda to-pilgan buyumlarga juda o'xshashdir. Miloddan avvalgi XVIII-XV asrlar oralig'ida Sopollitepa manzilgohida qizg'in hayot mavjud bo'lgan, ammo miloddan avvalgi XV asrda O'lanbuloqsoy suvlarining qurishi oqibati-da sopollitepaliklar bu manzilgoxni tark etib, Sherobod daryosining qadimiy irmog'i hisoblangan Bo'stonsoy qirg'oqlariga ko'chib o'tib, bu yerda Jarqo'ton nomi bilan ma'lum va mashhur bo'lgan ilk shahar madaniyatini shakllantirganlar.
Jarqo'tonliklar ruhiy va ma'naviy kamolot borasida ham ajdodlariga nisbatan ancha yuksaklikka erishganlar. Bu yerda olib borilgan arxeologik izlanishlar jarayonida qabrlardan topilgan turli xil hayvonlar va parrandalarning tasvirlari tushirilgan muhrlar va belgilar jarqo'tonliklar diniy e'tiqodida tote-mistik tasavvurlarning bir qadar ildiz otganligi, shuningdek, mug'onalik odatlarining mavjud ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu yerdan olov ibodatxonasi ham topib o'rganildi. Ushbu ibodatxona shahar maydonining eng baland joyida barpo etilgan, bu esa Jarqo'tonning nafaqat siyosiy va iqtisodiy markaz, balki uning ayni shu mintaqada o'sha zamon odamlari uchun ruhiy va ma'naviy markaz bo'lganligining ham birdan-bir isbotidir. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, jarqo'tonlik ajdodlarimiz o'zlarining shahar, qabila, urug' oqsoqoliga taalluqli muhr va tamg'alariga ega bo'lib, unda burgutning qanot qoqib uchayotgan tasviri, to'rt xil ilonning harakatlanib turishi, har xil parranda va hayvonlarning, to'qay mushugi, tog' echkisi, sher, cho'chqalarning surati tasvirlangan.
Arxeologlar miloddan avvalgi II ming yilliklarga oid zardushtiylik dinining paydo bo'lishini ham Jarqo'ton misolida taxmin qildilar. Zardushtiylik dini odatlariga ko'ra to'rt narsa muqaddas hisoblangan: 1. Suv. 2. Tuproq. 3. Havo. 4. Olov. Zardushtiylik dini an'analariga ko'ra o'lgan kishini dafn qilishda ana shu to'rt narsaga qattiq amal qilganlar:

1. Suvga tashlash mumkin emas, chunki suv muqaddas.
2. Tuproqqa ko'mish mumkin emas, chunki tuproq muqaddas.
3. Havoga tashlash mumkin emas, chunki havo muqaddas.
4. Olovga tashlash mumkin emas, chunki olov muqaddas.


Shuning uchun bu davrda o'lganlarni tog'u toshlarga, odam yashamaydigan joylarga olib borib maxsus daxmalar ustiga qo'yib, murdaning go'shtini yirtqichlar, qarg'a-quzg'unlarga yedirganlar, murdaning suyaklarini esa maxsus idishlarga, ya'ni ostadonlarga solib qo'yganlar.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto»ni arxeologlar miloddan avvalgi I ming yilliklarning o'rtalarida paydo bo'lgan deb hisoblaydilar. Bu dinning haqiqiy vatani qayerdaligini belgilash to'g'risida tortishuvlar, bahsu munozaralar va noaniqliklar bor edi. Arxeologlarning 1982 yildan Sherobod tumanidagi qadimgi yodgorliklarda olib borgan ilmiy tadqiqot ishlari bu fikrlarga ancha aniqlik va tuzatishlar kiritdi. Ba'zi olimlar bu dinning vatani Xorazm deb hisoblasa, ikkinchi bir guruhi Eron deb da'vo qilar, uchinchilari esa Baqtriya, to'rtinchi-lari So'g'd deb hisoblar edi. Xullas, Jarqo'ton yodgorliklaridan topilgan topilmalar zardushtiylik dinining dastlab Baqtriya, ya'ni Baqtriyaning shimoliy qismida, hozirgi Surxondaryo viloyati hududida bronza davrida paydo bo'lganligini isbotlab berdi. Bu zardushtiylik dini paydo bo'lishi tarixini 500-600 yil, ya'ni bundan 2500-2600 yilga qadimiylashtirish imkonini berdi. Humo deb atalgan qush qiyofasidagi idishlar, ostadon deb atalgan suyakdonlar, zardushtiylik dini an'analariga muvofiq ko'mish usulining paydo bo'lishi ham ushbu fikrlar isbotidir.
Arxeolog olim, akademik A. A. Asqarov Sopollitepa va Jarqo'ton qishloq xarobasi va qabristonini to'liq o'rganib, ushbu yodgorliklar ko'hna Baqtriya hududidagi qadimgi Sharq sivilizasiyasi va madaniyatining bir bosqichi ekanligini ilmiy jihatdan asosladi. A. Asqarov va uning shogirdlari butun manbalarni uch bosqichga bo'lib, Sopollitepaning ustki qatlamlaridan chiqqan ashyolarni «Sopolli bosqichi», Sopollitepaning ustki qatlamlaridan va Jarqo'tonning ostki qatlamlaridan chiqqan ashyolarni «Jarqo'ton bosqichi», Jar-qo'tonning yuqori qatlamidagi manbalarni «Mullali bosqichi» deb yuritdi. Arxeolog olim B. Abdullayev Jarqo'ton qabristoni manbalarini sinchiklab o'rganib, «Mullali bosqichi»ning ikki davrdan: «Ko'zali» va «Mullali» davrlaridan iboratligini ilmiy asosladi. Shunday qilib, Sopolli madaniyati to'rtta bosqichga bo'linib, uning birinchi bosqichi: «Sopolli bosqichi»- miloddan avvalgi XVII-XV asrlar, ikkinchi bosqich - «Jarqo'ton bosqichi» miloddan avvalgi XV- XIV asrlar, uchinchi bosqich - «Ko'zali bosqichi» miloddan avvalgi XIV asr o'rtalari va XIII asr, to'rtinchi bosqich - «Mullali bosqichi» miloddan avvalgi XII- XI asrlarga oid deb belgilandi.
Sopolli madaniyati davrida kulolchilik charxida tayyorlangan idishlar shaklining yetukligi va jarangdorligiga hech qaysi boshqa sopol idish tenglasha olmaydi. Sopolli madaniyatining barcha bosqichlarida sopollar, garchi bir-biriga o'xshasada, sinchiklab qaralsa, ularning bir-biridan farqi seziladi. O'zining nozikligi va shaklining yetukligi jihatidan «Sopolli bosqichi»ning sopollari boshqa barcha bosqich sopollaridan o'zining uslubi bilan ustun turadi. Jarqo'ton bosqichi sopollari «Sopolli bosqichi» sopollariga qaraganda og'ir va ancha qo'pol ishlangan. O'zbekistonning janubida bunday yuqori sifatli kulolchilik buyumlari tayyorlanishining sababi, avvalo yuksak dehqonchilik madaniyatining rivojlanganligi natijasidir. Sopollitepada kulolchilik hamda hunarmandchilikning ushbu turi ancha yuksalganligini mavjud ustaxonalar bilan birga boshqa yirik inshootlar, ya'ni qal'alar, ibodatxonalar, mahallalar ham tasdiqlaydi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo shaharlarining ilk namunasi deb tan olinayotgan Jarqo'ton turar joy makonida butun bir ilk shaharning barcha unsurlari topib o'rganildi. 
Qadimshunos olim A.Asqarovning qayd etishicha, Jarqo'ton ikki qismdan iborat bo'lgan, ya'ni «Arki a'lo» va «Shahriston»dan, «Arki a'lo»da shahar hokimining qarorgohi-hukmdor saroyi joylashib, umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etgan. Uning atrofi qalin mudofaa devori bilan o'ralib, sharqiy va janubiy tomoniga-shaharning asosiy aholisi-dehqon va hunarmandlar yashagan «Shahriston» joylashgan. Olib borilgan tadqiqotlar natijasida 20 gektar maydonni egallagan nekropol, yangi shahar qabristoni joylashib, 20 ga yaqin aholi turarjoy dahalari hamda dehqon-hunarmandlarning patriarxal jamoa qo'rg'onlari aniqlandi. 
Akademik A.Asqarovning alohida ta'kidlashicha, shaharlarning tashkil topishida, asosan aholining o'troq xo'jalik hayoti va u bilan bog'liq yana uch omil mavjudligi tarixan zarur hisoblanadi. Birinchisi-qulay tabiiy sharoit, yangi unumdor tuproq, suv va boshqa geografik omillar, ikkinchisi hosildor sug'orma dehqonchilik va uni ta'minlovchi agrotexnikaning vujudga kelishidir. Bular shaharlarning paydo bo'lishidagi iqtisodiy omillar asosida vujudga kelgan tabaqalashgan jamiyatning diniy, harbiy va siyosiy jihatdan boshqaruv tizimi tug'ilishiga sharoit yetilgan bo'lishi bilan bog'liqdir. Iqtisodiy hayotda yuz bergan tub o'zgarishlar dehqonchilikda sun'iy sug'orish tizimining kashf etilishi, daryolardan magistral kanallar orqali yangi yerlarga suv chiqarishni ta'minladi. Yerni ishlashda omoch va hayvon kuchidan foydalanish, hunarmandchilikning to'qimachilik sohasida yigiruv va to'quv dastgohining, kulolchilikda charxning va murakkab xumdonning, metall eritish va quyish texnologiyasining kashf etilishi, uy hayvonlaridan transport sifatida foydalanishga, qurilishda reja asosida uy-joy va monumental binolar qurishga o'tish, atrof-muhit haqida to'plangan bilimlar asosida astronomiya, astrologiya, quyosh soati, taqvim, murakkab hisoblash tizimini ixtiro etish va boshqalar tufayli ijtimoiy hayotda tabaqalanish yuz berdi. Olimning tinimsiz mehnati tufayli uch gektarni tashkil etgan Arki a'lodan somon qo'shilgan xom g'ishtdan ishlangan qalin ichi 3 metr, balandligi 5-6 metr mudofaa devori hamda uchta turar joy dahalari, maxsus chilangarlik ustaxonasi, kengligi 70 sm, uzunligi 2,5 m, balandligi 1 m keladigan supa ustida beshta o'choq topildi. Akademik A.Asqarov shogirdlari bilan hamkorlikda Ark maydonidan butun bir metall eritish sexi ochilib, «Metallurgiya zavodi» bir-biriga yaqin qilib qurilgan ikkita ikki yarusli doirasimon metall eritish pechkalari ochildi. Arxeologik tadqiqotchilar erishgan eng katta yutuqlardan biri Shahriston qismidan keng poydevor- supa ustiga qurilgan uy-joy majmualarini qazish jarayonida xonalarning biridan qabila oqsoqolining qabri topildi. Qabr topilgan xona to'rt xonali uyning eng kattasi bo'lib (maydoni 39 kv.m), uning g'arbiy devori ichiga mo'rili o'choq joylashtirilgan. Qabrdan topilgan ashyoviy manbalar asosida oqsoqolning nafaqat jamoa sardori, balki hayotlik davridagi kasbi-korini ham aniqlab berish mumkin. Sardor qabrida 50 dan ortiq ashyolar bo'lib, shundan 17 tasi oqsoqolning kasbiga aloqador buyumlardir. Oqsoqolning qabiladoshlari tomonidan marhumga uning ruhi narigi «dunyoga» toliqmay, dadil yetib borishi uchun har xil ovqatlar qo'yilgan. Marhumning oyoq tomoniga 30 dan ortiq turli xil sopol idishlar, 2 ta bronzadan ishlangan kosalar, surmadon va 2 ta to'g'nag'ichlar qo'yilgan buyumlar qabr egasini usta zargar va ohangar bo'lganligini isbotlaydi.
Akademik A.Asqarovning buyuk xizmatlaridan yana biri otashparastlar ibodatxonasining topilishi bo'ldi. Bu majmua Arki a'lodan 350 metrlar chamasi Janubiy Sharqda ya'ni Jarqo'tonning eng baland qismida qad ko'targan. Jarqo'ton ibodatxonasi to'g'ri to'rtburchak shaklda (44,5X60 m) tomonlari yorug'likka moslashtirilib qurilgan hamda chor atrofi xom g'ishtli qalin (4,5 metr) mudofa devorlari bilan o'rab olingan. Jarqo'ton ibodatxonasi ikki qismdan ya'ni muqaddas sajdagoh va uning qoshidagi xo'jalik xizmat qismidan iborat maskandir. Shahar devorlari somonli loydan tayyorlangan g'ishtdan qurilgan. Qabrlar asosan uy ichiga joylashtirilgan. Chunki aholi marhumlar u dunyoda ham yashaydilar degan tushunchada bo'lgan. Qabrlarda erkaklar o'ng biqini (tomoni) ayollar chap biqini bilan xuddi bola ona qornida yotgan paytdagidek g'ujanak holda yotqizilib dafn etilgan. Har bir qatorda 10 dan 50 tagacha sopol va bronzadan yasalgan idishlar, oziq-ovqat qo'yilgan. Bu sopol idishlar turlicha bo'lib, ular xum va xurmacha, vaza, choynak, kosalar, ko'zacha va laganlardan iborat. Idishlar shunchalik nafis va jarangdor qilib yasalganki, bu o'sha davrda kulolchilik juda taraqqiy etganligidan nishona beradi. Qabristonni qazish vaqtida xumlardan uzum va jiyda urug'lari topilib, ular bog'dorchilikning ham ancha rivojlanganligidan dalolat beradi.
Miloddan avvalgi X asrga kelib bir qator tabiiy va ijtimoiy sabablar oqibatida Jarqo'tonda hayot to'xtadi va bronza davrining ilk shahri hisoblangan Jarqo'ton siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan markaz sifatidagi o'rindan judo bo'ldi hamda ko'p yillar mobaynida bu yerda qaynab turgan hayot izlari so'ndi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий