Surxondaryo tarixi kitobidan:TASVIRIY SAN'ATNING PAYDO BO'LISHI. ZARAUTSOY SIRLARI
Kishilik
jamiyatining ilk bosqichi bo'lgan tosh asriga oid tosh manbalar, matnlar,
bitiklar, turli tasvirlar, rasmlar va ayni chog'da toshdan yasalgan mehnat
qurollarining dastlabki namunalari odamlar ijodkorligining natijasidir. Inson
tabiat mo''jizalarini va uning sir-asrorlarini tasavvur etish tufayli tirik
jonzotlarga taqlid etishgan, ularning qiyofalarini yaratishgan. Inson rasmlar
chizish orqali tabiatdagi narsa va hodisalarga o'z ta'sirini o'tkazish yoki
undagi asov holatlarni bo'ysundirishga xayolan harakat qilgan. Ana shu
tasavvurlar ta'sirida shakllangan va o'zlarining ilk ibtidoiy tajribalarini
to'play boshlagan dastlabki insonlar mo''jizakor tabiatdagi asri-atiqalarning
rasmini chizish uchun tabiiy tayyor g'orlardan, qoyalardan foydalangan. Ana
shunday manzilgohlardan biri Zarautsoy bo'lib, O'zbekiston hududining Hisor
tog' tizmasining janubiy-g'arbidagi Ko'hitang tog'ining yon bag'rida joylashgan
daradagi ungir va kamar toshlariga ishlangan ibtidoiy san'atning nodir
namunalari bo'lmish madaniyat maskanidir. Qadimiy ajdodlar yaratib qoldirgan bu
osori-atiqalarni o'z bag'rida ming yillardan buyon asrab kelayotgan maskan
Zaraut, Zarautsoy va Zarautkamar nomlari bilan yuritiladi. Zaraut - qishloqning
nomi, turli buloq suvlaridan yig'ilib paydo bo'lgan va Zaraut qishlog'i ichidan
oqayotgan soyni Zarautsoy deydilar. Olimu muxlislarni lol qoldirgan Zaraut
rasmlari chizilgan g'orlarni mahalliy tilda kamar deb atashadi, shundan
Zarautkamar nomi paydo bo'lgan. Zarautsoy oqib-oqib Qizilolma soyga qo'shiladi,
ana shu ikki soy borib-borib Qorabog'soyga, undan o'tib Maydonsoyga va nihoyat
Loyliqsoyga birlashib, Turkondaryo(Sheroboddaryo)ga quyiladi, u esa yo'lini
Amudaryogacha davom ettiradi.
Sherobod tumani Qizilolma (bu qishloq ham bir paytlar Zaraut deb atalgan) va Zaraut
qishlog'i yaqinidagi Zarautsoy bo'yida toshga qizil kesak (bo'yoq) bilan
solingan suratlar topilgan va bu tasviriy san'at yodgorliklari mezolit davriga
oiddir. Unda chodir yopinib, o'ziga dum bog'lagan va o'q-yoy ko'targan ovchilar
it hamda yovvoyi hayvonlar bilan birga tasvirlangan. Aftidan, qadimgi ovchilar
ov qilinishi lozim bo'lgan hayvonlarni cho'chitmaslik uchun orqalariga dum
bog'lab, chodir yopinib olgan bo'lsalar ajab emas. Bu dara Surxondaryoning
o'tish va borish eng qiyin, eng mushkul bo'lgan Ko'hitang tog'lari etaklarida
joylashgan bo'lib, qadimgi san'atning ajoyib hamda noyob yodgorliklaridandir.
Shunday qaltis joyni, chiqish qiyin dara tepasidagi g'orni zarautlik Rauf ismli
o'n yashar bola ko'y boqib yurganida tasodif kashf etadi. Bu 1939 yilning
bahori edi, bir oylar chamasi o'tgach, topilma haqida xonadon a'zolari oilaning
qadrdon do'sti bo'lib qolgan Ivan Fyodorovich Lomayevga aytib berishadi.
Dovyurak izchi-ovchi, to'g'rirog'i ovchi-o'lkashunos, ayni paytda giyohshunos,
tabiatning cheksiz havasmandi I. F. Lomayev do'sti Vahob Davlatov va uning
o'g'li Rauf bilan birgalikda kamarga borishadi. O'z navbatida I.F.Lomayev
ko'rganlari xususida o'sha paytlari Termizdagi Surxondaryo okrug muzeyi
direktori G.V.Parfyonovga xabar beradi. Qizig'i, G.F.Parfyonov 1931 yili ilk
bor Surxondaryoga ish bilan kelganida Xataklik qariyalardan tog'ning qaysidir
g'orlarida hayvonlar, odamlar surati chizilganligi va noma'lum bitiklar borligi
haqidagi ma'lumotlarni yozib olgan edi, ammo o'shanda bu sirli g'orlarning
qayerdaligini hech kim aytib berolmagan edi. Qolaversa, I.F Lomayevdan ilgari
ham kamar rasmlari bilan qiziquvchilar bo'lgan, shulardan biri 1912 yili
suratlardan nusxa olishga harakat qilgan harbiy topograf Fyodorov bo'lgan.
Yuqoridagilardan shu narsa ayonki, ilgarilari ham bu noyob rasmlar bilan
qiziquvchilarning bor bo'lganligi ehtimoliga zarracha shubha yo'q.
Zarautsoy suratlari dastlab I.F.Lomayev tomonidan o'rganiladi, keyinchalik
G.V.Parfyonov rahbarligidagi ekspedisiya ish boshladi va ochiq qoyatoshning
antiqa qizil rangli rasmlarini suratga tushirdi, ko'chirmalar oldi, muhimi
yangi suratli joylar aniqlandi. Zarautsoy ni tadqiq etishda G. V. Parfyonov, A.
YU.Roginskaya, A.S. Kirillov, I.F.Lomayev, A.P.Ivanova, V.K.Sandul va
SH.Ismoilovlar katta ishlarni amalga oshirdilar. Hatto ekspedisiya
ishtirokchisi asli kasbi rassom A.YU.Roginskaya «Zarautsoy» nomli risolasini
rus tilida 1950 yili e'lon qildirdi. Roginskaya A.YU. 1942 yili Moskvadan
Surxondaryo viloyat teatriga rassom sifatida ishga jo'natilgan bo'lib,
G.V.Parfyonov tomonidan ekspedisiyaga jalb etilgan edi. Ayniqsa, keyingi
yillarda Zarautsoy koya rasmlari taniqli olim A.A.Formozov tomonidan puxta
tahlil qilindi. Yaqinda vohadoshimiz, o'lkamizning fidoyi bir insoni Abdulla
Xolmirzayev (1947) «Zarautsoy tilsimlari» (2003) nomli ilmiy-ommabop risolasini
nashr ettirdi. Abdulla Xolmirzayevning bolaligi, yoshligi Zaraut qishlog'ida
o'tgan, u bu tilsimli rasmlar haqida ko'plab afsona va rivoyatlar eshitib katta
bo'lgan. «Zarautsoy tilsimlari»ni varaqlaymiz: «Zarautsoy rang tasvirini
tushunish uchun G.V.Parfyonov ushbu asarlarni yaratgan odamlarni xayolan ko'z
oldida namoyon etishga harakat qilib ko'rdi. U ba'zan kuni bo'yi tog'larda
qolib ketardi. Kamar va o'yiq-kamgaklar qidirib barcha joylarni kezib chiqdi,
uzoq cho'qqilarga borib keldi. U Zarautsoydagi ibtidoiy odam hayotining barcha
tafsilotlarini o'rgandi.
...Qayerlardandir shu joyga uzoq ajdodlarimiz- kroman'on(Fransiyadagi joy
nomi)lar kelishdi. Zarautsoy san'at obidasi turgan joydan 80-100 chaqirimlar
chamasi masofadagi Teshiktosh g'oridan neandertal bola skeleti topilganligini
barchamiz yaxshi bilamiz. Neandertallar kroman'onlarga nisbatan 50-30 ming
yillar ilgari yashab o'tganlar. Zaraut hududiga kelib san'at yaratgan
kroman'onlar, ehtimol, teshiktoshlik ota-bobolarning avlodlaridan
bo'lgandirlar. Lekin neandertallar hali san'atni bilmaganlar. Shu bilan birga,
aytish joizki, toshlarga tasvirlash odati har qanday kroman'on odam to'dasiga
ham xos bo'lavermagan.» Muallif Zarautsoyda olib borilgan kuzatish ishlari
natijasida pichoq vazifasini bajargan yassi chaqmoqtosh topilgani, Duldul ota
g'oridagi madaniy qatlamlar tekshirilganda tosh davri ibtidoiy odamining
istiqomat joyi bo'lganligini ko'rsatuvchi ashyoviy belgilar aniqlanganini
to'lqinlanib yozadi. Quyidagi satrlar ham shu kitobdan olindi: «Zarautsoydagi
kabi qadimiy ibtidoiy san'at endi hech qachon qayta yaratilmaydi, U xuddi epos
va ertakchilik kabi o'z imkoniyatini ishlatib bo'lgan. O'z holicha go'zal,
nafis va shu bilan birga yovvoyi ibtidoiy san'at eng qadimgi o'tmish
merosimizning oliy namunasi sifatida doimo sizu bizni ohanrabodek o'ziga jalb
etaveradi.» Shuningdek, muallif Zaraut nomi etimologiyasi xususida bahs
yuritadi, aftidan Zaraut nomini bizningcha, «zar», «zara», «zarang» so'zlaridan
qidirgan maqbulroq tuyuladi. Boisi, «zar» so'zida oltin va o't ma'nolari
mavjudligi hech kimga sir emas, yana unda tovlanish mazmuni ham borligi aniq.
Qolaversa, Zarautning talaffuzda Zaravut tarzida ekanini ham unutmasligimiz
lozim, bu esa uning tarkibida rabot so'zi borligini ma'lum ma'noda isbotlaydi.
Shundan uning Zar rabot ekani aniqlanadi, uning esa Zaravut bo'lib ketishi hech
gap emas, sababi «b» tovushining «v»ga o'tish hodisasi tilda mavjud hodisadir.
Chunki, muallifning o'zi ta'kidlaganidek, Zarautning qator buloqlari nomi bilan
bog'liq mavzelarida qizil, sariq, oq, malla rangli toshlar va yana bir xil
toshlar quyosh nurida zar kabi tovlanar ekan.
Zarautsoy suratlari orasida yovvoyi buqalarni ovlash manzarasi tasvir etilgan
suratlar ayniqsa muhimdir. Zarautsoy darasidagi 200 dan ortiq rasmlarda
odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan.
Hayvonlar: yovvoiy buqa, it, tulki, yovvoyi cho'chqa, burama shoxli echki,
jayron, tog' echkisi, hashorat, turli ov buyumlari: o'q-yoy, nayza, o'roqsimon
qurollar, niqoblangan odamlar va boshqa o'ziga xos tarzda hayotiy qilib
chizilgan rasmlar. Suratlarda tasvirini topgan o'q-yoy va xonaki itlar
ko'magida ov qilish sahnalari ularning mezolit davriga oidligini bildiradi, degan
xulosaga keladi. A.A.Formozov, zero o'q-yoy va uy iti mezolit davrigacha
noma'lum ekanini fan allaqachon tasdiqlagandir. Akademik B.G'afurov bo'lsa
Zaraut suratlarini neolit-eneolit davriga oidligi haqida fikr bayonini beradi.
Zarautsoy darasi ibtidoiy san'atning noyob yodgorligi sifatida uning
obidalarini muhofaza qilish «qizil kitob»ga kiritilgan. G.V.Parfyonov Zarautsoy
suratlarining yuqori paleolit davriga oid deb belgiladi. Eng so'nggi namunalar
esa temir bronza davriga to'g'ri keladi. Zarautsoy kamaridagi rasmlar bir necha
asrlar davomida chizilib, ajdodlarimizning ov bilan bog'liq urf-odatlari,
an'analarini o'zida aks ettirgan ezgu niyatlari, tabiatga hurmati, vatanga
muhabbat his - tuyg'ulari aks ettirilgan edi.
Vatanimiz tasviriy san'atining ilk durdonasi bo'lgan Zarautsoy qoya toshlari
suratlari rasmlar, tasvirlar millatimizning moddiy-ma'naviy madaniyatining
bebaho xazinasi va bu tarixiy obida yuksak san'at yodgorligi hisoblanadi. Eng
muhimi ushbu tasviriy san'at namunalari ajdodlarimizning ilk yozuvini vujudga
kelishiga asos solishiga yo'l ochib bergan ma'naviy yutuqdir. Akademik
A.P.Okladnikovning fikricha, ushbu noyob yodgorlik o'sha davrda chizilgan
suratlarni qaysi usulda yaratilganligini, bu san'at asarlarining ilmiy tarixiy
ahamiyatini aniqlash masalasida tarixchi-arxeolog olimlarning jiddiy e'tiborini
qaratdi. Natijada bu borada ma'lum ilmiy-amaliy natijalarga erishildi, jiddiy
ilmiy xulosalar yasaldi, o'z ahamiyati jihatidan e'tiborga molik fikrlar
o'rtaga tashlandi.
Ovchilar kamon va nayzalari bilan qurollangan, buqaning ko'kragiga nayza
sanchilgan, kamondagi o'q unga qaratilgan. Odamlarning ba'zilari teri yopingan
va dumlari bor, bizga noma'lum bo'lgan qandaydir afsonaviy, ehtimol, sehriy
tasavvurlar bilan bog'liq hayvonlar surati ham o'yilgan. Zarautsoy suratlari
asosida Sherobodda insoniyatning ilk bosqichi yashab o'tganligi to'g'risida
ko'plab qimmatli materiallar ilmiy-arxeologik jihatdan to'la asoslab berildi.
Zarautsoy manzilgohida yashovchi ibtidoiy odamlar tasviriy san'atni bo'lajak
ovning baroridan kelishiga yordam beradi deb tushunganlar, insonga
bo'ysunmaydigan kuchlarga ta'sir etuvchi vosita deb bilganlar va tasviri
tushirilgan hayvon yuragiga nayza sanchib, hayotda ham ovni g'olibona yakunlash
mumkin deb ishonganlar. Zarautsoy qoyasining tekis joylarida qalpoq kiygan
kishilarning shakli ko'zga aniq tashlanadi, ular yovvoyi buqa yoniga yashirinib
borib unga nayza otadilar. Ovchilarning qandaydir sehrli kiyimlari va
marosimlari bo'lgan, ular o'zlariga dum yopishtirib olganlar, qo'llarini keng
yozib kiyimlarining etaklarini qanot singari silkitganlar. Qoyalardagi
hayvonlarning tasviri juda jonli chiqqan, masalan ov sahnalarining birida
yovvoyi ho'kizni 19 ovchi kurshovga olib turibdi, boshqa ov harakatlari
ifodasini topgan ikkita manzarada esa qochayotgan hayvonlar va ularni ta'qib
etayotgan nayzachilar tasvirlangan. Boshqa bir tasvirda bo'lsa, jon holatda
qochayotgan ho'kizlar bilan birga jayronlar chopmoqda, hatto jayronlardan
birining tanasiga qadalgan nayzani aniq ko'rish mumkin. Xulosa shuki, ibtidoiy
rassomning diqqat-e'tibori birgina ho'kizga qaratilmasdan, balki tog' echkisi,
sayg'oq, jayron, burama shoxli echki va boshqa hayvonlarga ham qaratilgan ekan.
Zarautsoy qoyalarida chizilgan 246 dan ortiq ibtidoiy rasmlarning hammasi bir
vaqtda chizilmagan. Ba'zi tasvirlarning bir-birining ustiga qalashib ketganligi
ham buni tasdiqlaydi. Zarautsoydagi dastlabki tasvirlar mezolit (o'rta tosh)
davrining oxirlariga oid bo'lib, taxminan bundan 10 ming yillar muqaddam
chizilgan. Qoyalardagi keyingi tasvirlar bronza davriga oid bo'lib, miloddan
avvalgi III-II ming yilliklarning mahsulidir. Zarautsoyda topilgan tasvirlar
mamlakatimizdagi eng qadimiy rasmlar majmuasidir. Odamlar va hayvonlarning ana
shu rasmlarida badiiy tasvir inson mehnati bilan, uning yashash uchun kurashi
bilan bog'langan. Bu san'at ibtidoiy odam ongida vujudga kelgan qiyofalarni
o'zining ibtidoiy tasviriga, qonunlariga ega bo'lgan asarga aylantirish
mahoratiga asoslangan. Zarautsoy mamlakatimizda birinchi marta san'atshunoslik
qo'riqxonasiga aylantirilgan noyob manba sifatida ham juda ardoqlidir. Ammo
yuqoridagilarga qaramasdan, Zarautsoy osori atiqalarini saqlash sohasidagi
ishlarni ko'ngildagidek deb bo'lmaydi. Hatto «Zarautsoy-95» va «Zarautsoy-98»
ilmiy-amaliy xalqaro anjumanlarida suratlarni kelgusi avlodlar uchun asrab
qolish haqida fikrlar yuritilganiga qaramasdan, to hozirgacha mutlaqo qarovsiz
va himoyasiz qolayotgan Zarautsoy qoya rangli tasvirlarini amalda muhofaza
etish lozim ko'rinadi.
Ibtidoiy odam tomonidan misning o'zlashtirilishi natijasida misdan yasalgan
mehnat va ov qurollarining takomillashuviga yo'l ochildi. Dastlabki
o'troqchilikka asoslangan qishloqlarning, yerto'la va chaylali uylarning paydo
bo'lishiga imkon tug'ildi. Juft nikohli oilalarning tarkib topishi tufayli
avlod-ajdodlar ruhini pok tutish, ruhlarga sig'inish, dehqonchilik va
chorvachilikning alohida xo'jalik bo'lib rivojlanishiga yo'l ochib berildi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий