MADANIY HAYOT (SHAHARSOZLIK VA ME'MORCHILIK)
Kushon imperiyasi inqirozidan so'ng Termiz va Chag'oniyondagi madaniy hayotda ham inqiroz alomatlari ko'zga tashlanadi. Eron Sosoniylari qo'shinlarining IV asr oxirida Shimoliy Toxariston yerlariga yurishi oqibatida, dastavval markaziy shaharlar tanazzulli boshlanadi. Termizning Qoratepa va Fayoztepa o'rnidagi diniy markazlar, Angordagi Zartepada hayot tushkunlikka yuz tutadi. Shimoli-G'arbiy Taxoriston ning markaziy shaharlari VI asr boshlariga kelib qayta qaddini rostlab, tiklana boshlaydi. Termiz shahrida 630 yili bo'lgan chinlik sayyoh Xuan Chao shaharda o'nta budda ibodatxonasi mavjudligi haqida xabar berib o'tgan. Yana bir boshqa chinlik jahongashta Syuan'-Szyan' 639-645 yillarda bu zaminlarga tashrif buyurganida Dami (Termiz) haqida, mudofaa devorining uzunligi 10 kilometr (20 li), Chag'oniyonning markaziy shahri devori 5 kilometr (10 li)ga teng bo'lgani xususida diqqatga molik ma'lumotlar beradi.
Manbalarning guvohligicha, Toxaristonning V-VIII asrlardagi shaharlari to'g'ri to'rtburchakli ko'rinishga ega bo'lib, yagona mudofaa inshootlari bilan muhofaza etilgan arki a'lo va shahristonning o'rtasida yoki biron-bir burchagida joylashgan. Arki a'lo va shahriston kushon davri shaharlari mustahkam mudofaa devori va xandaqlar bilan o'ralgan. Butun Movarounnahrda bo'lgani kabi, IX asrdan boshlab, Surxon vohasida ham shaharsozlik jadal rivojlanadi, bu davrda o'lkada uch qismli shaharlar batamom shakllandi. Arab tarixchisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad Jayhaniy yozib qoldirgan ma'lumotlarga ko'ra, Termiz shahriston (ichki shahar), ko'handiz hamda bora (mudofaa devori) va rabot (tashqi shahar)dan iborat bo'lgan. Chag'oniyonning markaziy shahri Chag'oniyonda, ibn Xavqalning ta'rificha, ark-ko'handiz bo'lgan. Al-Muqaddasiy shaharda muhtasham bozorlar bo'lganligini qayd etadi.
Termiz va Chag'oniyonning o'rta asrlar davri shaharsozlik madaniyatini o'rganishda arxeologlar M. Masson, E. Rtveladze, SH. Pidayevlar tomonidan o'tkazilgan qazishma ishlari juda muhimdir. SH. Pidayevning fikriga ko'ra, X-XII asr oralig'ida Termiz shahri-ning umumiy maydoni 500 gektarni tashkil etgan. Chag'oniyonning markaziy shahri Chag'oniyon 6 kvadrat kilometrga teng maydonni egallagan. Shahar X-XI asrning birinchi yarimida Sangardak-Qizilsuvning har ikkala qirg'og'ini egallagan. Arab tarixchisi Istaxriyning ma'lumotiga ko'ra, «Sag'oniyon-Chag'oniyon Termizdan maydoni jihatidan katta, lekin Termiz aholisi soni va boyligi bilan Chag'oniyondan ustun».
Surxon vohasida V-VII asrlar badiiy san'atning, ayniqsa haykaltaroshlik va devor rang-tasvir san'atining yuksaklikka erishgan davridir. Bunga Kuyovqo'rg'on yodgorligi yorqin misol bo'ladi, undagi haykallar ko'shkning yuqori qavatidagi katta xonalardan birini bezab turgan. Bolaliktepa yodgorligi devoriy suratlari V-VI asrlarda yaratilgan bo'lib, ular 1,4 metrga yaqin devor yuzasiga husn berib turibdi, undagi suratlarda zamindor ko'shkidagi bazm marosimi aks etgirilgan.
Me'morchilikda murakkab qurilish uslublari IX asrdan e'tiboran, ya'ni qubbalar, yoysimon arklar, gumbazlar, peshtoqlar va kungurali ustunlar keng qo'llanila boshlaydi. Mazkur davrda yaratilgan qadimiy me'morchilik obidalaridan biri - bu Chorustun masjididir, u Termiz ko'shkidan janubda qurilgan. Chor-ustun bu masjidga qo'yilgan mahalliy nom bo'lib, aslida masjidning 9 ustuni bo'lgan. Har bir ustunning diametri bir metr atrofida bo'lib, u pishiq g'isht va ganch qorishmasidan terilgan. Masjid unchalik katta bo'lmay, ichki o'rkachi 10X10 metr bo'lib, uning sathini to'qqizta gumbaz yopib turgan, ikki tomoni devor bilan yopilgan. Masjidning qolgan ikki tomoni ochiq turgan va nihoyat XI asrga kelib uning devorlari pishiq g'isht bilan qoplanadi. Chor-ustun masjidida shahar va atrofdan to'plangan erkaklar namoz o'qishgan. 1032 yilda Chor-ustun masjidi shimolida qadimiy Termiz minorasi qurilgan. Minora kichik hajmdagi pishiq g'ishtdan terilgan bo'lib, asosan ko'p qirrali silindrga o'xshaydi.
Surxon vohasidagi qadimiy minoralardan yana biri bu - Jarqo'rg'on minorasidir. Jarqo'rg'ondagi Minor qishlog'idagi bu minora peshtoqida saqlanib qolgan yozuvlar inshootning 1108-1109 yillar oralig'ida qurilganligidan dalolat beradi. San'atshunos-me'morlarning ta'kidlashicha, uning umumiy balandligi 50 metrga yaqin bo'lib, hozir minoraning omon qolgan qismi 21,6 metrni tashkil etadi. Jarqo'rg'on minorasi qurilishida oddiy g'isht, ravoqlar va epigrafik hoshiyalar juda ustalik bilan qo'llanilgan, minoraning asosi baland sakkiz qirrali kursiga o'rnatilgan. Har bir qirraning markazida ravoqli taxmonchalar ishlangan, ana shunday taxmonchalardan birida joylashgan eshik orqali minora ichki qismidagi aylanma zinaga chiqilgan. Barcha minoralar kabi Jarqo'rg'on minorasi ham gumbazsimon muazzinxona bilan yakunlangan. Minorada saqlanib qolgan yozuvlar bu inshoot Xuroson hokimi Sulton Sanjar buyrug'i bilan saraxslik usta Ali ibn Muhammad boshchiligida barpo etilganligidan dalolat beradi.
Bu davrda Surxon vohasi o'zining go'zal saroylari bilan haqli suratda faxrlansa arziydi. Termizning XI-XII asrlarga oid eng noyob yodgorliklaridan biri Termizshohlarining shahar chetidagi saroyidir. 1 gektardan ortiq maydonni ishg'ol etgan bu saroy sha-harning sharqiy qismida, yam-yashil bog'lar orasida joylashgan. To'g'ri to'rtburchak shaklda bo'lgan saroy maxsus mudofaa devori bilan o'ralgan, devorlar tashqari tomonidan minoralar bilan mustahkamlangan, xususan, shimoliy devorda 17 minora, sharqiy devorda 7 minora bo'lgan. Devorlarda maxsus shinaklar ham qurilgan, g'arbiy devorda ikkita darvoza bo'lib, u pishiq va xom g'ishtdan terilgan. Bunday darvozalar sharqiy devorda va shimoliy devorda ham bo'lgan. Uchta katta, asosiy bino mazkur maydonning janubiy qismida joylashgan, shu binolardan faqat bittasi arxeologlar tomonidan ochib o'rganilgan. Bu o'rganilgan bino juda boy jihozlangan bo'lib, Termizshohlarning qabulxonasi xisoblangan. Qolganlarida faqat kichik tekshirishlar o'tkazilgan va bu binolarning asosiy qismi keyingi davrlarda paxta ekish uchun yerlarni o'zlashtirish paytida buzib tashlangan.
Qabulxona, asosan, xom g'ishtdan qurilgan bo'lib, uning tashqari va ichki devorlarining ayrim qismlari turli naqshli maxsus pishiq g'ishtlar bilan bezatilgan. Qabulxona to'g'ri to'rtburchak shaklda, uzunligi 13,5 metr, eni esa 11,5 metrga tengdir. Zalda o'n bitta g'ishtdan terilgan ko'ngurali ustun bo'lib, bu ustunlar zalni uch qismga ajratib turgan. Zalning o'rta qismi arklar bilan berkitilgan, shoh taxti zalning to'rida joylashgan, unga faqat g'arbiy devorning o'rtasida qurilgan katta eshik orqali kirilgan. Zalning old qismi ayvon bo'lib, u ustunlar bilan bezatilgan, ay-vonning poli pishiq g'isht bilan turli handasaviy shakldagi naqshlar qilib terilgan. Ayvonga zinapoyalar orqali ko'tarilgan, ayvonning oldida ochiq hovli o'rtasida hovuz bo'lgan, qabul zalidan 40 metr masofada saroyga kiriladigan maxsus baland peshtoq quril-gan, hovlining shimoliy va janubiy devorlari bo'ylab ayvonlar joylashgan, bu ayvonlar qabul zalidagidek bezatilmagan. Qabulxona majmuasining uzunligi 100 metr, eni esa 75 metrga teng, bu raqamlardan ko'rinib turibdiki, qabulxona majmuasi juda katta bo'lgan. Termiz shohlari bu bilan o'zlarining kuch-qudratlarini mehmonlarga namoyish qilmoqchi bo'lganlar. XII asr oxirlari - XIII asr boshlarida qabul zali va yo'lakdagi ayvon qayta ta'mirlanadi. Ayvonning devorlari uyma ganch va turli ranglarda ishlangan rasmlar bilan bezatilgan. Zal, ustunlar va ayvon uyma ganch bilan to'la shuvab chiqilgan, hatgo zalning tomi ham uyma ganch bilan bezatilgan. Natijada bu zal shunday go'zal va sirli qiyofaga kiradiki, uni hatgo hozir ham ta'riflab berish qiyin. Zalning har bir devori o'ziga xos uyma naqsh bilan bezatilgan, naqshlar asosan geometrik xarakterda bo'lgan.
Bu yerda turli shakldagi figuralar bir-biriga juda mahorat va did bilan bog'langan. Ko'pgina joylarda geometrik naqshlar, o'simlik naqshi, ya'ni barg va uzum shodasiga o'xshash naqshlar birgalikda uchraydi hamda bir bugun uzviylikda o'z ta'sirchanligini yanada oshiradi. Har bir naqsh o'zining mukammalligi, pishiq ishlanganligi bilan ajralib turadi va bular termizlik ganchkorlarning yuksak mahoratidan darak beradi. Qabulxonaga tashrif buyurganlarni janubiy devorda tasvirlangan fantastik hayvonlarning rasmi hayratga solgan, chunki bu g'ayritabiiy hayvonlar juda mahorat bilan o'yib ishlangan. Shubhasiz, qabulxonaning o'yma naqshlari mehmonlarga kuchli ruhiy ta'sir ko'rsatgan. Bir tomondan, qabulxonaning go'zalligi, naqshlarning nafisligi mehmonga sirli ta'sir ko'rsatsa, ikkinchi tomondan, fantastik hayvonlarning rasmi bu sirlilikni yanada oshirgan, ta'sirchanlik kuchaygan. Bundan tashqari qabulxonaning tomida joylashgan turli rangdagi shishalar qo'yilgan panjara orqali tushayotgan yorug'lik zalga yanada sirlilik bag'ishlagan. Qabulxonaning ko'rinishi va ichki bezaklari, asrlar davomida katta qismi yemirilganiga qaramasdan o'zining ilk ta'sirchanligini yo'qotmagan. Saroyning uyma naqshlari rang-barangliligi, go'zalligi, nafisligi va badiiyligi bilan Markaziy Osiyoda hozircha ma'lum bo'lgan uyma naqshlardan tamoman ajralib turadi. Hayvonlarning rasmi juda noyobdir, chunki XIV asrgacha bo'lgan-Markaziy Osiyo me'morchiligida hayvonlarni tasvirlash odat bo'lmagan.
O'lkamizning rivojlangan o'rta asrlar davri me'morchilik yodgorliklari sirasiga maqbaralar ham kiradi va ularning tarixiy ahamiyati beqiyosdir. Masalan, Hakim at-Termiziy maqbarasini turli davrlar me'morchilik san'atining guldastasi deb atash mum-kin. Asrlar davomida Xuroson va Movarounnahrning turli viloyatlaridan o'ziga ziyoratchilarni jalb etib kelgan bu maqbara dastavval XI asr oxirlaridan boshlab shakllanadi. 1091-1095 yillar oralig'ida Movarounnahrdagi Qoraxoniylar sulolasining hukmdori Ahmad ibn Xizrning ko'rsatmasiga muvofiq at-Termiziy qabri ustida maqbara bunyod etiladi. Mazkur maqbara devorining past tomonidan tortib, gumbazning yuza qismigacha juda murakkab o'yma ganchli, naqshli lavhalar bilan bezatilgan. Unda murakkab islimiy va girix uslubida bitilgan naqshlar kufiy yozuvlari bilan jonli arzda chatishib ketgan.
Yillar o'tib maqbaraning shimoliy tomonidan uch ustunli ayvon va mehrobdan iborat hovlili masjid quriladi. Bu masjidda ziyoratchilar Hakim at-Termiziyni xotirlab namoz o'qishgan, maqbara yeri (poli) masjid yeridan 1,5 metr balandlikda bo'lib, shu tomondan ochiq turadi. Qabr atrofida yangi inshootlar qurish keyinchalik ham davom etgan, chunonchi, 1389- 1390 yillarda maqbaraning sharqiy tomonida yangi maqbara va unga tutash .bo'lgan chillaxona quriladi. Yer ostida joylashgan bu chillaxonadan keyingi davrlarda ham foydalanishgan, ya'ni unda qo'pincha haj safari oldidan chilla saqlangan. Haj qiluvchilar yoki dinu imon yo'lidagi boshqa odamlar haftalab, oylab, qirq kunlab ushbu tor tuynukli yerto'laga kirib, faqat ozgina suv bilan irodalarini tarbiyalaganlar, suyaklarini mashaqqatlarga toblaganlar. Bu chillaxona O'zbekistondagi qadimiy va so'nggi chillaxonadir.
XV asrga kelib ikki peshtoqli hashamatli gumbazdan iborat mahobatli xonaqoh qurilib at-Termiziy qabri ustiga marmar sog'ona o'rnatiladi. Temuriy shahzodalar tomonidan o'rnatilgan bu sog'ona benihoya yuksak sanggaroshlik asari hisoblanadi. Butun islom dunyosida unga teng keladigan, u bilan bellashadigan marmar yodgorlik yo'q. Uning devoriga o'yib bitilgan jimjimador qur'oniy suralar, yozuvlar kishini hayratga soladi. So'nggi asrlar silsilasida maqbaraning yemirilib tushgan qismlari qaytadan ta'mirlandi va ziyoratgohga aylantirildi. Buyuk alloma Abu Abdulloh Muhammad bin Hasan bin Bashir al-Hakim at-Termiziyning tabarruk maqbarasi ixlosmand ziyoratchilar bilan doim liq to'la, bu yerda ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Navbatdagi bir Termiziy alloma, musulmon olamida buyuk muhaddis Abu Iso at-Termiziy maqbarasi X-XI asrlarda qurilgan, yonida tanasi 35-40 arshin yo'g'onligida, barglari kichrayib qolgan, o'zi esa bir necha asrni ko'rgan, bir keksa tut ham mavjud. Olamda hech narsa egasiz yoki besabab paydo bo'lmaganidek, uning ham dunyoga kelishi tarixida va taqdirida bitilgan sabablari bor. Deydilarki, Hindiston safariga o'tayotgan podshohi a'zamning yo'li shu joydan to'g'ri kelib qolgan. Muhammad alayhissalomning muborak hadislarini rivoyat kilgan ulug' zotning qabri oddiy bir xaroba ahvolda oyoq ostida yotishi podshoga malol kelibdi. Marqadni maqbaraga olishga va yoniga bir tup tut ko'chati o'tqazishga amru farmon berilibdi. Farmon amalga oshiriladi. Maqbara va tut shu xilda bunyod bo'lib, xalqning ziyoratgoh joyiga aylangan ekan. 1989-1990 yillari Iso at-Termiziy tavalludining 1200 yilligi oldidan maqbara qaytadan ta'mirlandi. Hozirgi kunda bu yer juda ko'rkam, fayzli ziyoratgohga aylantirilgan.
Termizning X-XII asrlar me'morchilik turkumiga Zul-Kifl maqbarasi ham kiradi. Afsonaga ko'ra, Zul-Kifl maqbarasida dafn etilgan shaxs Kelifda istiqomat qilgan. Mo''tabar yoshga yetib, o'z kunining oxirlashishini sezgan bu zot muridlariga uni sandiqqa solib, Jayhunga qo'yib yuborishini buyurgan. Shogirdlar ayni shu yo'sinda ish tutganlar, lekin sandiq daryoning oqimga teskari tomonga qarab suzib ketgan. Olomon sandiqni Kelifdan hozirgi «Payg'ambar oroli» joylashgan yergacha kuzatib keladi. Ayni shu yerda sandiqning qopqog'i ochilib, undan pir chiqib: «Olloh taologa shu yer lozim ekan», deb jon beradi. Bir vaqgning o'zida bu joyda Orol paydo bo'lib, pirni muridlari shu yerda dafn etishib, uning xoki ustida maqbara bunyod etishadi. Payg'ambar orolini hazrati Xizr bilan Xoja al-Hakim Termiziyning uchrashuv joyi ham deyishadi. Mavjud tarixiy dalillarga ko'ra, bu maqbarada 992-993 yillarda vafot etgan mashhur arab lashkarboshisi Ishoq ibn Kundaj dafn etilgan. Qabr at-rofidagi imoratlarning qurilishi XI asrda amalga oshirilgan, dastavval qabr yonida peshtoqli gumbazsimon masjid qurilib, sog'ona to'tri burchakli go'rxonaga aylantirilgan.
XII asrda go'rxonaning g'arbiy tomonidan gumbazsimon yopilgan yordamchi xonalar barpo etilgan.
XI-XII asrlar me'morchiligida eng ko'p tarqalgan inshootlardan biri markaziy xonasi gumbazsimon uslubda bunyod etilgan maqbaralardir. Ana shunday me'morchilik inshootlaridan biri Ro'shnoyi maqbarasidir, bu maqbara XI asrda bunyod etilgan. Yodgorlik Angor-Termiz yo'lidan uncha uzoq bo'lmagan yerda joylashgan, obida bir xonali maqbaradan iborat, binoning pastki qismi unchalik to'g'ri bo'lmagan to'rtburchak shaklda, eshigi sharqqa qaragan. Unchalik katta bo'lmagan, ammo chuqur peshtoq yarim gumbaz bilan yakunlanuvchi ark bilan berkitilgan, gumbaz esa sakkiz qirrali ark koshonlari uzra turibdi. Maqbara 26X25X5 sm li xom g'ishtdan tiklangan, zalning kengligi tomonlari bilan qo'shib hisoblaganda 6 m cha keladi. Mehrob uncha yomon saqlanmagan, ammo obidaning tashqy devorlari va gumbazi o'tgan zamonlar mobaynida qattiq zararlangan. Maqbara markazi aholining mustaqil ravishda ta'mirlashlari tufayli qoniqarli holatini saqlab turibdi. Ammo bunday ta'mirlashlar oqibatida u avvalgi aniq shaklini yo'qotib qo'polroq ko'rinishga ega bo'lib qolgan. Yodgorlikning gumbaz qismi pishgan g'ishtdan qayta tiklangan, 1960 yilda maqbarani o'rgangan va o'lchagan V. A. Nilson uning XI asrga oid yodgorlik ekanligini aniqlagan.
Sulton Saodat Termiz sayyidlarining dahma maqbarasi sifatida mashhurdir, bu oilaviy majmua asrlar davomida tashkil topgan butun boshli mukammal bir inshootdir. Majmuaning eng qadimgi qismi uning janubi-g'arbidagi XI asrda qurilgan baland gumbazli ayvon peshtoqi ostidagi go'rlar bilan to'la ikki maqbaradir. Ulardan birinchisining ichki o'lchami 10X10 m, ikkinchisiniki 9X9 m bo'lib, ikkovini birlashtiruvchi gumbaz ostidagi keng maydon masjid xizmatini bajargan. Unda shakli turli-tuman o'yma g'ishtlar juda mohirona va turli uslubda terilgan. Birinchi maqbarada IX asrning ikkinchi yarmida vafot etgan shu atrofdagi yerlarning egasi, obro'li oila boshlig'i, Muhammad payg'ambarning avlodidan hisoblangan Hasan al-Amir ismli sayyidning xoki yotibdi. Bu zal har xil shakldagi g'ishtlar bilan turli-tuman uslubda terilgan.
Ikkinchi zal jihozi birmuncha oddiy, har ikkala maqbara eshigi kungurador ayvonli bo'lib, hovliga qaratib qurilgan, bu uslub ansamblning keyinchalik rivojlanishida reja sifatida xizmat qiladi. Tugallangan Sulton Saodat majmuasi kelishgan ayvonli, yirik gumbazli bosh maqbara (Hasan al-Amir maqbarasi) atrofida guruhlangan imoratlardan iboratdir. Sulton Saodat qariyb yetti asr (X-XVII) davomida shakllandi, u yigirmaga yaqin maqbarani o'z ichiga oladi, XIV-XV asrlarda Sulton Saodat majmuasida ham yangi maqbaralar qurilgan.
Albatta, vohadagi mo'g'ul istilosidan keyingi me'morchilik rivoji Temur va temuriylar nomi bilan chambarchas bog'lanadi. Bu davrda musulmon olamida mashhur bo'lgan avliyo Hakim at-Termiziy qabri ziyoratgoh joy sifatida XIV asrning 50-yillari oxirida Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida tilga olinadi. Shuningdek, Abu Bakr Varroq mozori ham tarixiy manbalarda XIV asrdan boshlab uchraydi.
Termiz va Chag'oniyonning o'rta asrlar davri maqbaralarining aksariyat qismida qayta ta'mirlash ishlari XIV-XV asrlarda amalga oshirilgan. Payg'ambar orolidagi «Zil-Kifl», Telpakchinordagi «Oq ostona bobo» shular jumlasidandir. 1389-1390 yillarda Hakim at-Termiziy maqbarasining sharqiy qismidagi inshootlar barpo etilgan. XV asrda esa ikki peshtoqli hashamatli gumbazdan iborat mahobatli xonaqoh qurilib, shayx qabri ustiga musulmon dunyosidagi eng katta marmar sog'ona o'rnatilgan.
XIV-XV asrlar me'morchiligida Qirqqiz alohida o'rin tutadi, bino tarxi to'rtburchak - 53,8X54,8 shaklida bo'lib, o'rtasida kvadrat (11,5X11,5 metr) shaklidagi hovlisi va uning 50 ga yaqin umumiy xonalari bo'lgan. Binoga to'rt tomondan ravoq ayvonli darvoza-lardan kirilgan, hovli o'rtasida hashamatli gumbazli ayvon bo'lgan. To'rt darvozadan kelgan yo'laklar ana shu ayvonda hochsimon kesishadi, shularning ikkitasi (shimoli-g'arbiy va shimoli-sharqiy) tarhi simmetrik shaklda. Binoning qolgan ikki qismi bir-biriga o'xshamaydi, ular har xil shayt va o'lchamlarda, janubi-sharqiy qismida katta to'rtburchak xonasi bo'lgan. Imorat to'rt bo'limdan iborat bo'lib, har bo'limida ikki qavatli to'g'ri burchakli xonalari va daxlizlari, o'rtada mehmonxonasi bo'lgan. Har bino oldida ayvon va burchaklarida 4 ta minora binoni bezagan, binoning umumiy balandligi bir xil. Xonalarning tepasi, asosan, ravoqpar (gumbazli) bilan ayrim xonalarning tepalari qubbalar yodamiga bekitilgan. Imorat, asosan xom g'ishtdan (30x30x5,4 sm) terilgan bo'lib, ustidan loy suvoq qilingan, naqqoshlik va me'morchilik uslubida bezalgan sarg'ish rangli bo'lgan, binoning ichki qismi bezaksiz. Imoratning old tomonidagi devori naqshsiz, silliq qilib ishlangan, imorat mohirona qurilishi bilan go'zallikka va hashamdorlikka erishilgan.
Комментариев нет:
Отправить комментарий