среда, 18 мая 2016 г.

CHAG'ONIYON ADABIYOTI (X-XI asrlar)

Chag'oniyon tarixiga chizgilar. Ko'hna Surxon vohasi qadim Baqtriya davlati tarkibidagi viloyatlar sirasiga kirgan, bu eramizdan avvalgi IX-VIII asrlarga to'g'ri keladi. Keyingi asrlarda qadim Baqtriya sarhadlarida yangi davlatlar barpo bo'lib, Baqtriya shu yangi davlatlarning tarkibiy qismlariga aylana boshlaydi. Bular: Ahamoniy (miloddan avvalgi VII-IVasr)lar, Iskandar Zulqarnayn yurish (mil. av. IV asr)lari, Salavkiy (Mil. av. IV-III asr)lar hukumati, Yunon-Baqtriya (mil.av. III-II asrlar) davlati, Saklar (mil. av. II) xuruji, Parfiya davlati (mil. av. I asr), Yuyechje qabila (mil.av. I va milodning I asri)larining kirib kelishi, Kushon saltanati (milodiy I-III asrlar), Eron Sosoniy (III-IV asr)lari shahonshohligi bilan bog'liqlar kasb etadi. Surxondaryo viloyati hududlari ilk o'rta V-VIII asrlarda Taxoriston atamasi bilan yirik tarixiy-madaniy mintaqa tarkibiga tobe edi, ushbu atama dastlab eramizning 383 yilidagi matnlarda paydo bo'la boshlagan. Taxoriston hududlari VI asrga kelib kengaydi va u qator viloyatlarga ega bo'ldi, shunday viloyatlardan Da-mi (Termiz) hamda Chi-o-yan-na (Chag'aniyon)lar hozirgi Surxondaryo zaminida joylashgan edi. 
Qadim Baqtriya bag'rida paydo bo'lgan Toxariston zaminiga IV asrga kelib xioniy (xionit) nomi bilan yuritiladigan qabilalar kirib keldi va bu zaminni Sosoniylardan tortib oldi. Chunki Toxariston tuprog'i kushonlar saltanati inqirozidan so'ng Eron Sosoniylari tasarrufida edi, endilikda bu tuproqqa xionit va eftaliy (eftalit) qabilalari harakati boshlanadi. Avvalgi Toxariston yerlariga Sosoniy (III-V asr)lar, so'ngroq Xioniylar va Eftaliy (eftalit, V asr)lar kirib keldi, shu tariqa Toxariston yerlari V-VII asrlar mobaynida Sosoniylar, Xioniylar, Kidariy (ikkinchi bir nomi taxor)lar hamda Eftaliylar o'rtasida talash maydoniga aylandi. Bu voqealar ushbu yurtlarda topilgan Sosoniylar va Eftaliylarning tangalari bilan o'z isbotini topgan. VII asr oxirlari va VIII asr boshlarida bu zaminda Chochdagi turkiy hukmronlar tangalariga taqlidan tangalar zarb etiladi, demak, VIII asrdan e'tiboran bu yurtga Turkiy xoqonlik hukmronligi kirib kela boshlagan ekan. 
Endi Chag'oniyon atamasiga kelsak, bu nom yozma manbalarda VI asrdan boshlab uchraydi va solnomavis ad-Dinovariy (vafoti 952)ning «Kitob al axbor»da bitishicha, sosoniy Xusrav I Anushervon (hukmronligi 531-579) qo'shinlari Eftalit (tarixiy manbalarda eftal, xaftal, xaytal, goho eftalon shaklida ham bitiladi) davlatining Toxariston, Kobuliston va Chag'oniyon viloyatlarini bosib oladi. Tarixiy voqealarga murojaat qilsak, 563-567 yillarda Eftaliylar bilan Turkiy xoqonliklar o'rtasida Buxoro o'rtasida to'qnashuv ro'y beradi va ularning birinchisi qattiq shikast topadi. Shikast topgan Eftaliylarning qolgan-qutgan qismi Chag'oniyonga chekinadi va asli Eftaliylardan bo'lgan Chag'oniyon hokimi Fag'onishni o'zlariga yo'lboshchi qilib ko'taradilar. 571 yili Chag'oniyon Xusrav I Anushervon ixtiyoriga o'tadi, bu hodisa ikki xil izohlanadi: Fag'onish go'yo turkiy xoqonlarga qarshi kurashda Anushervonga tayanmoqchi bo'lgan yoki turk xoqoni Istamiy bilan Anushervon shartnomasiga binoan Chag'oniyon Sosoniylarga tegadi. Chag'oniyon Eftaliylar davlati tarkibida yetmish yil turdi, hatto, Chag'oniyon hokimi Eftaliylar uyushmasining rahnamosiga aylandi, ko'rinadiki, Chag'oniyon Sosoniylar va Eftaliylar davlati tarkibida ko'p jihatdan mustaqil bo'lgan. Chag'oniyonda VII asrga kelib sulola almashuvi ro'y beradi, Eftaliylar o'rniga turk xoqonligi sulolasi ustuvorligi kuchaydi. Chag'oniyonni idora qilgan eski Chag'onxudotlar sulolasi o'z mavqeini saqlab qolgan holda Turk xoqonlariga suyandilar, turkiy qabilalarning Chag'oniyonga kirib kelishi 589 yildan boshlanadi.
Turk xoqoni (qoon, qog'on, xoqon, xon) Tun Yabg'u (Yabu-jabu, hukmdor, bak, bek, biy 618-680 yillar) davrida Toxaristonni boshqarish uning o'g'li Tardu Shodi zimmasiga yuklatiladi. Chag'oniyonda turkiy qabilalar sulolasi mustahkamlanib bordi, Chag'oniyon hukmroni Tish Uzoq Sharq mansha (718-719) larida Toxariston yabg'usi, ya'ni bosh hukmroni tarzida tilga olinishining o'zi jiddiy voqeadir. Ana shu Tish-Chag'oniyonning chag'onxudoti o'z qo'shnilari Shuman va Axarun hukmron (Qoratog' daryosi va Hisor vohasi o'lka)larini bo'ysundirish uchun Qutayba lashkarlarini madadga chaqiradi. Movarounnahr yerlariga onda-sonda hujum qilib, talon-tarojlik yurishlarini amalga oshirib turgan arablar uchun bu qulay hodisa edi. Shu munosabat bilan arab qo'shinlari Surxon vohasiga kirib keldi va Chag'oniyonni egallab oldi. Arablarning Chag'oniyonga ilk hujumi 667 yilda ro'y bergan edi, 651 yili arab qo'shin boshlig'i bilan Chag'oniyon shohi yakkama-yakka jang qilganini yaxshi bilamiz. Bu hodisa va voqealardan shu narsa aniqki, Chag'oniyon shohi, demak, butun boshli arab bosqiniga qarshi harakatning rahnamosi bo'lgan. Qolaversa, 650 yillarda Chag'oniyon o'lkasining hokimi Turontosh edi, uning ismi turkiy tilli aholi vakili ekanini ochiq ko'rsatib turibdi. Binobarin, ilk o'rta asrlarda Toxaristonda turkiy xalqlarning alohida siyosiy va ijtimoiy mavqeini ilmiy tadqiqotlar aniq isbotlab turibdi.
Qutaybaning Chag'oniyonga kirib kelishi bilan umum Chag'oniyon yangi islom dini ta'siriga berilib ketdi deb bo'lmaydi, balki asl boshqaruv hali-hanuz chag'onxudotlar ixtiyorida edi va ular hukumati oz emas, ko'p emas yuz yilga yaqin turgan. G'alati tomoni shundaki, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga yurish qilgan arab qo'shinlariga birinchi galda Chag'oniyon xudotlari (Movaraunnahr viloyatlarini arab istilosigacha bo'lgan davrda turli nomlarda ataluvchi mahalliy hukmronlar boshqarganlar, ya'ni Termizni shoh, Buxoro va Chag'oniyonni xudot, So'g'dni ishxid, Farg'onani afshin, Xo'jandni dehqon, Xorazmni podshoh) harbiy ko'mak berar edi. Chunonchi 706 yilgi Qutayba binni Muslimning Buxoro va Paykandga hamda 737 yilgi Asad binni Abdullohning Xuttal (Xaptal-Eftal) hamda turk qog'onligiga qarshi yurishlarida Chag'onxudot shaxsan hamroq bo'lgan edi. Xuttalning Xutlon (hozirda Xatlon) shaklini shoir Munjik Termiziy bir baytida tilga olib o'tadi:

Birodaron maro z-in sipas siyah makuned,
Ba madhi xojai xutlon ba jashnho xoma.

mazmuni:

Bayramda Xutlon xojasi madhiga qo'limga qalam olsam,
Og'aynilar, bundan buyon meni qoralamang.

Qolaversa, VII asrning 70-yillarida boshlangan Muqanna rahnamoligidagi oq kiyimlilar harakatiga chag'onxudotlar ro'yxushlik bildirishmadi, balki ularga qarshi siyosat yuritishdi.
Chag'oniyon mulki Toxariston(bu nom hozirgi Afg'oniston islom davlatidagi Taxor viloyati nomida saqlanib qolgan) tarkibidagi eng yirik va eng kuchli o'lka edi, boisi bu o'lkaning o'ziga xos an'analari hamda ajoyib sulolaviy tarixi mavjuddir. Bu hududda katta-katta qishloqlar va ulkan shaharlar qad ko'tara boshladi, bu yurt o'zida zarb qilingan xususiy tangalariga ega edi. Chag'oniyon hukmronlari boshqa uzoq va yaqin hukumatlar bilan diniy, iqtisodiy hamda sulolaviy aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ydi, oqibatda, savdo-sotiq ishlari ancha rivoj topdi. Ayniqsa, Afrosiyob saroyi xarobalari topilib ochilgandan keyin Samarqand shohi Varxuman saroyi devorlarida bitilgan bitiklar o'qilgach, shu narsa aniqlandiki, VII asrning 2-yarmida Samarqandga (650-670 yillar) Chag'oniyon davlati elchilariga devonxona boshlig'i, ya'ni dapirat (dabir-yozuvchi-kotib) rahbarlik qilgan ekan va Samarqand shohi Varxumanga sovg'a-salomlar bilan birgalikda kelin ham olib kelgan ekan. Yana ham qizig'i shundaki, Chag'onxudotlarning hukmronligi kezlarida 719 yilda Chag'onxudot Tish (Tishtriya-Sirius, avestacha, eng ravshan yulduz) tarafidan Chin (Xitoy)ga moniylik dini peshvosi Mo-Jo boshchiligidagi elchilar jo'natilganini ham bilamiz. Qarang, Surxon vohasi Zardushtiylik va Buddaviylik dinlarining maskani bo'lishi barobarida bu yerda demak, Moniylik dini ham rivoj topgan va rasm bo'lgan ekan.
Endi umumiy xulosalarga kelsak, Chag'oniyonda VI-VII asrlar chog'i shohlar saltanati (bu hodisa sosoniylar bilan bog'liq) hukm surgan, so'ngra VII asrning 2-choragidagi turkiy xoqonlikka tobin Yabg'u hamda Shodilar ustuvorligi ro'y bergan. VIII asrdan boshlab Chag'onxudotlar hukmronligi o'z faoliyatini boshlaydi va bu qancha davom etganligi ma'lum emas. Har holda Chag'onxudotlarning hukmronligi arab istilosidan so'ng barham topgan ko'rinadi. Ana shu zaylda arab istilosining yemirilishi bilan, bizningcha, Termiz va Chag'oniyon asta-sekin Tohariylar hamda Somoniylar davlati tasarrufiga o'ta boshlaydi. 1X asrning 2-yarmidan boshlab Chaoniyonda bizga noma'lum bo'lgan amirlar sulolasi hukmronlik qilgan, ammo X asrdan e'tiboran bu zaminda Muhtojiylar sulolasi ustuvorligi sezilarli darajada oshib boradi. Bu yurt X-XII asrlar mobaynida Qoraxoniylar, G'aznaviylar va Saljuqiylar qaramog'iga kirganligi tarixdan ma'lum.
Chag'oniyon amirligi sarhadlari keng bo'lib, uning hududlariga Boysunu Darband, shimoldan Hisoru Dushanbe, janubdan Jarqo'rg'ondan yuqori tumanlar, sharqdan Bobotog' etaklarigacha cho'zilgan zaminlar kirgan. Umumvoha Chag'oniyon nomi bilan yuritilgan, qadimda Surxon daryosi esa Chag'onrud deyilgan, Chag'oniyon va Chag'onrud ko'hna Sak elati nomi ila hamohangliklar kasb etadi, ya'ni daryo atamasi Sakonrud-Shakonrudning talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Bu esa Chag'oniyon (Sakoniyon-Shakoniyon yoxud Chag'on-Sakon-Shakon-Chakon)ga ham to'kis taalluqlidir. Zero, bu nom ayrimlar aytganidek Chag'ona so'zi (qizil yoki musiqa asbobi)ga mutlaqo aloqador emas. Saklarning Baqtriya bilan aloqasi qadimdan mavjud ekanligi ma'lum, chunonchi Ahamoniylar davridayoq, balkim undan ham ilgari Sak va Boxtarlarning qo'shinlari yagona lashkarga biriktirilib Eron-Yunon urushlarida qatnashganini yaxshi bilamiz. Chag'oniyonning qadimgi markazi hozirgi Qizilsuv (Sangardak)ning Surxonga quyiladigan chap sohilida xarobaga aylangan Budrachtepa o'rnida bo'lgan, keyinroq bu markaz hozirgi Denovga ko'chgan. Voha ham va uning markazi ham Chag'oniyon deyilgan, arab manbalarida Chag'oniyon Sag'oniyon tarzida bitilgan. Bu esa arab tilida «ch» tovushning yo'qligi tufayli ro'y bergan hodisadir.
Chag'oniyon shahri haqida ilk bor xitoy tarixchi sayyohi Syuan Szyan xabar beradi, bu 630 yillar atrofiga to'g'ri keladi. Syuan o'z kundaligida ushbularni bitib qoldirgan: «Chag'oniyon shahri 10li (bu 3 km.ga to'g'ri keladi) masofada o'rab olingan va Termiz shahridan ikki marta kichik, lekin Qabodiyon markaziy shahri bilan teng». X asrga kelib muarrix al-Istaxriy (849-934) ma'lumotlari shuni ko'rsatadiki, endilikda, Chag'oniyon shahri o'z maydoni jihatidan Termizdan katta, biroq Termiz o'z aholisi va boyligiga ko'ra Chag'oniyondan ustunroq ekan. Qisqasi, Chag'oniyon shahri oxirgi uch yuz yil ichida shimoliy Toxaristonning madaniyati eng yuksak rivojlangan, ilm-fan ravnaq topgan markaziy shaharlaridan biri sifatida barcha sarchashmalarda ulug'lanadi. 
Tarixchilardan al-Istaxriy («Kitob al masolik val mamolik»-«Mamlakatlar masalasi kitobi», 933 yil) va al-Muqaddasiy (946-1000. «Ahsan at taqosim fi ma'rifat al iqlim»-«Iqlimlarning to'g'ri va ilmiy taqsimoti» 985 yil)larning yozishicha: «Chag'oniyon shahrida qo'rg'on bo'lib, unda chiroyli va katta bozor bor, bozor o'rtasida xushbichim masjid qad ko'tarib turadi, masjidda maxsus pishiq g'ishtli xonalar mavjud. Shahardagi har bir xonadon suv bilan ta'minlangan, sug'orish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilganidan shahar atrofi qalin ko'kalamzor bilan qoplangan, turli anvoyi o'simliklar bilan o'ralgan, o'tning balandligidan otlar ko'rinmaydi, qishda bu yerda qush ovlanadi. Shahar ahli asli musulmon bo'lib, ular o'ta mehmondo'st xalqdir...». Manbalarda goho daryo nomini Chag'oniyon ham deyishgan, chunonchi ?qut Hamaviy (1179-1229) «Mo''jam al-buldon» («Shaharlar lug'ati»)da Termiz haqida gapirar ekan: «Termiz-Amudaryoning sharqiy tomoniga joylashgan katta shahar. Uning hokimi turadigan joy as-Sag'oniyonga yopishgan». Matnda keltirilgan as Sag'oniyon aslida Chag'oniyon bo'lib, demak qadimda Surxon (Chag'onrud-Sag'onrud) ba'zan voha nomi kabi Chag'oniyon deb yuritilgan ekan. Buni Hofizi Abru (1362-1431) ham tasdiqlaydi: «Termiz-Jayhun kanori bo'yida shahar... Ekinzorlari Chag'oniyon (Surxon) suvidan ichadi». Ammo daryo aksar holda Chag'onrud nomi ila atalishini «Hudud al olam» kitobi isbotlaydi: «Chag'onrud Chag'oniyondan oqadi va Termiz yonida Jayhunga quyiladi».
Chag'oniyon ko'hna zamin, u turli zamonlarda turfa nomlarda ataladi, chunonchi, Baqtriya, Yunon-Baqtriya, Kushon, Toxariston, Chag'oniyon va nihoyat hozirgi atamasi Surxondaryo nomini olgan. Baqtriya degan yurtda Bubaken, Gaboz, Pareytaken nomli viloyatlar borligi tarixda raqam etilgan va Rustam hamda Alpomish turkum dostonlarning yaratilishi, tarqalishi holatlari ham Surxon zamini bilan bog'liq ekanligi ancha muhimdir.
Chag'onrud - pahlavonlar yurti. «Alpomish» dostoni Surxon vohasi zamini ila bog'liq va u shu o'lka bag'rida yo'g'rilgan, dostonda ta'riflangan Boysun qo'ng'irot eli va Boboxon tog'i atamalarining o'zi bunga aniq dalil. Yunon muarrixlaridan Aristobul, Klitarx, Ptolemey Lag va qisman Kallisfen solnomalarida (ularning barchasi Iskandar harbiy yurishlarining ishtirokchilari va lashkarboshilari) qadim Baqtriyaning saxovali, serunum, go'zal go'shalaridan sanalmish Pareytaken (ba'zan Paretaka-Paritaka), Gabaza (goho Gaboz)-Gazaba(Gaza-tepalik, tog' bilan bog'liq B.M.), Bubakena (farazan Babaken-Abaken, ob-suv, sersuv o'lka B.M.) singari viloyatlari haqida xabarlar beriladi. Paraytaken-Sherobod vohasi, Gaboz-Boysun vohasi, Bubaken esa Bobotog' (Boboxon-Bobokon-Boboken) etaklarida joylashgan so'lim voha ekanligi allaqachon o'z isbotini topgan. Pareytaken tog'li o'lka ma'nosiga ega, boisi pourata, parvata ko'hna sankritchada tog' demakdir, chunonchi, Ko'hitang etaklaridagi qishloqlarning bir turkum nomda yaqin-yaqinlargacha Dahparkent (goho Dahparikent) deb atalishi buning jonli guvohidir. Zero, Pareytaken va Dahparkent tarkibida «par» birikmasi mavjudligi buning to'kis isboti (Parkana-Farg'ona va Parkent ham shundan)dir. «Bu yurtda miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zardushtiylik dinining ilk makonidir».
Boysun nomli maskan Qoraqalpoq zaminida ham mavjud, boisi chorvador ellar tinim va qo'nim bilmay ko'chib yurishgan, zero chorvador uchun yaylov-yashash manbai, hayotiy zarurat. Ko'chmanchi chorvadorlar qaysi maskanga kelib qo'nmasinlar, odatan, o'zlarining ilk maskanlari nomini tabiiy ravishda yangi maskanga olib kelishgan. Endi Boysun nomining shimoldan janubgami yoki janubdan shimolgami borib qolishiga kelsak, aynan, shimoldan janubga ko'chish bilan bog'liq farazlarga yopishib olish masalaning tub mohiyati yechimini aks ettira olmaydi. Chunki ko'chmanchi chorvador elat faqat janubga emas, balki janubdan shimolga ham siljib turgan va bu jarayon uzluksiz davom etgan, ya'ni aks ta'sirlar hodisasi ham zinhor e'tibordan soqit qilinmasligi lozim.
Bizning voha Surxondaryo deb ataladi, joy nomlarining aksari daryo nomi ila atalishi ko'hna tarixdan ma'lum, chunonchi Surxondaryo, Qashqadaryo, Murg'ob (Marg'iyona) va hakozo. Qadimgi Surxon daryoni Chag'onrud, umumvohani esa Chag'oniyon deb yuritishgan, ushbu atama G.A Pugachenkovaning fikricha ko'chmanchi Saklar nomi ila chambarchaslik kasb etadi. Chag'onrud asli Sakonrud yoki Shakonrudning, Chag'oniyon bo'lsa, Sakoniyon va Shakoniyon atamalarining talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Ingliz olmi I.Markvart esa Chag'on so'zi mo'g'ulcha Sagan (oq) so'zidan kelib chiqqan degan farazni ilgari suradi. Chunonchi vohamizning yurtsevar va elparvar shoiri Nizomjon Parda Amudaryoning Oqdaryo deb atalgan manbaga duch kelganini hikoya qiladi. Akademik E.V.Rtveladzening gumonicha, Chag'on so'ziga ko'plik «on» ko'shimchasi keyingi asrlarda ilova etilgan. Basharti Chag'on so'zining o'zagi Chag' bulsa, u holda Chag'oniyon atamasiga birato'la ikkita ko'plik «on» ko'shimchasi tirkalgan bo'lib chiqadi. Adabiyotshunos olim M.Azimov «Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z» («Surxon tongi» gazetasi, 3 dek. 2003 y.) maqolasida Chag'onrudning Sakonrud yoki Shakonrud shakllariga qarshi chiqib, «ch» «s» «sh» tovushlarining biri ikkinchisiga o'tmaydi degan g'ayri ilmiy aqidani ilgari surishdan oldin, loaqal poyitaxtimiz Toshkentning qadimda Choch-Shosh deyilganiga e'tibor qilsa kifoya edi. Yuqoridagilar yetmaganday, bu olimimiz Chag'oniyon nomini fors-tojikcha chag'andar (lavlagi, chag'-cho'g') so'zidan izlab o'zicha folbinlik qiladi. Nazarimizda Chag'oniyon atamasini ushbu xilda hal etib bo'lmaydi, buning uchun birgina Surxon vohasi geografik muhiti bilan o'ralashib qolmasdan, balki kuhna Chag'oniyonning ajralmas ikkinchi bo'lagi Hisor vodiysi va shu hudud bog'liq joy nomlarini ham bahs doirasiga tortish kerak. Ayni zamonda Vaxsh vodiysi va Panj vohasi joy nomlarini ham hatto qarab chiqishga to'g'ri kelar, zotan ma'lum bir joy nomi tarixini aniqlash oson ish emas. Yuqorida zikr eitilgani kabi bu so'z tarkibida «Sag'» yoki «Chag'» o'zak bo'lishi ehtimoli bor, G.A.Pugachenkovaning ta'kidicha, Eron Sakistonini boshqargan sosoniy podshozodalar «Sag'onshoh» deb atalar ekan. Keyin taxorlarning yana bir nomi Sak-yuyejiy ekanini ham zinhor unutmasligimiz lozimga o'xshaydi. Akademik E.V.Rtveladze bu nomning ildizlarini Chag'oni so'zidan izlashga harakat qiladi va bu nom viloyat nomining mahalliy atamasi bo'lsa kerak degan xulosaga keladi. «Hudud ul olam»da Hindistondan ibtido topib, Josht (balki Chosh-Chochdir) hududlariga borib tugayotgan ulkan tog' tizmasi haqida ma'lumot beriladi va uning Shaknon (ehtimol Shug'nondir), Vaxon va Josht hududida behisob tarmoqlarga bo'linib ketishi hikoya qilinadi. Nazarimizda Shaknon atamasiga e'tibor qaratishga to'g'ri keladi, boisi Shaknonning Saknondan yoki Chaknondan paydo bo'lganini kim inkor eta oladi? 
Saklar nomi bilan ataluvchi jo'g'rofik nomlar O'zbekiston Respublikasi zaminida Surxon vohasida, Eron zaminida Seyiston (goho Sijiston ham deyiladi) viloyati va ushbu viloyatdagi Seyiston daryosi nomida saqlanib qolgan. Zero, akademik V.V.Bartold ta'kidlaganidek, Sakiston-Sahiston-Sayiston atamasi, nihoyat, Seyiston shaklini olgunga qadar uzoq bir davrni bosib o'tganligi sir emas. Ha, aytganday M.Azimov daryolarga elat nomi mutlaqo qo'yilmaydi degan da'voni ilgari surib, o'zicha yangi qonun chiqaradi. Ana shu saklar Rustami doston turkumiga oid rivoyatu naqllarning dastlabki ijodkorlaridir. So'ngroq bu naqllarni ulardan so'g'diylar o'zlashtirib olganligini bilamiz. Saklarning qadim Baqtriya hududlariga kelishi miloddan avvalgi II asrlarga borib taqaladi, ular Yunon-Baqtriya davlatini mahv etganlar. Biroq bu zaminga Kushonlarning kelishi munosabati bilan saklar Seyistonga borib joylashadi. Saklarning kattagina guruhi hisoblanmish amyurgiylar Baqtriya zamini bilan bundan burun ham aloqador va bog'liq bo'lganligi tarixdan ma'lum. Seyistonning tub aholisi jangari bo'lmagan va «Rustami doston» rivoyatlarini faqatgina jangovar ruhdagi elat yaratishi mumkin edi.
«Avesto»da ana shu saklar Tur deb bitiladi va ular ko'chmanchi bo'lgani aytiladi, Turning Turk so'ziga aloqasi bor-yo'qligi hozircha bahsli. Ayrim farazlarga ko'ra Turk so'zidagi «k»-tovushi, ehtimolki, avestacha yoki baqtarcha-«lar» ko'plik qo'shimchasini ifoda etgan. Bu xil hodisani tojik (tazi-tozi-tozik) so'zidagi «k» tovushi misolida ham yaqqol ko'rsa bo'ladi. Eng qadimgi zamonlarda saklarni tarixchi Polibiy (208-271 yillar)ning yozishicha «Aspasiak» deyishgan. Ular Oks (Amudaryo) va Tanais (Don) daryolari oralig'ida yashagan, lekin ko'pchilik Tanaisni Iskandar yurishlarigacha Sirdaryo deb tushungan, Sirdaryo esa Aristobul ta'kidlaganidek Yaksart deb atalgan. Aspasiak tarkibida aspa-asp-ot, saik-saak-sak-chavandoz ma'nosini anglatadi, xuddi shu chavandoz turlarni Gerodot (484-425)ning xabaricha, eroniylar sak, yunonlar skif deb atashar ekan. Sak so'zi shu kabi qudratli, epchil, chaqqon, jasur, azamat, mard ma'nolariga ega ekanligi ko'plab manbalarda o'z ta'kidigi topgan. Goho ularni Ispaka-Spaka-Sabaka-Sak tarzida sharhlab, nechundir o'ta g'ayri ilmiy farazlar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, «Avesta»da Spaa birikmasi uchraydi. Bu esa aspa-otning buzilgan shakli, chunki keyingi so'zda old- «a» unlisining tushishi (prokopa hodisasi) ro'y bergan.
Chag'onrud va Chag'oniyonning «Alpomish»ga daxli bo'lganidek, Rustam rivoyatlarining sarchashmalari ham aynan shu zamin bilan bog'liqligi yanada maroqlidir. Firdavsiy «Shohnomasi»da Rustamning Barzu bilan jangi hikoya qilinadi, nihoyat Rustam raqibi Barzuning o'z nevarasi ekanini biladi. Demak Barzu pahlavon Suhrobning o'g'li ekan, Barzu nomi Alp Banzi Buyra (Alpomish)ga ancha uyqash. Barzu-Banzining (Barzu-nomi ayrim joy nomlarida saqlanib qolgan, Samarqand atrofidagi Talli Barzuni-barzutepani eslash kifoya) Sheruya ismli onasi bo'lib, bu ayol asli Boysun elatidan ekan.
Demak, nafaqat «Alpomish» turkum dostonalarining, balki «Rustam» dostoni silsilasining paydo bo'lishi va shakllanishi Surxon vohasi zamini ila uzviy bog'liqliklar kasb etadi. To'g'ri Rustamning vatani Seyiston va uning yana bir so'lim go'shasi Zobuliston deyilsa-da, u haqdagi rivoyat-afsonalarning ilk kurtaklari Surxon zaminida yo'g'rilgan ekan. Xalqda shunday rivoyat yuradi, Rustam va uning o'g'li Suhrob o'rtasidagi jang, aynan, Surxon sohillarida ro'y beradi. Ota-bola bir-birini tanimaydi, Rustam kurashda bexosdan o'g'li Suhrobni qattiq yarador qilib o'ldirib qo'yadi. Ota o'z o'g'lini tanib qolgach, uning ohu fig'oniga, alamiga na olam, na odam bardosh berolmaydi, ammo vaqt o'tgan edi. Suhrobning qonlari daryoga quyiladi va shundan buyon daryo Suhrob-Qizil suv (qon suv) deb atalib ketgan ekan. Bu bir rivoyat, biroq har bir rivoyat zamirida haqiqat bor. 
«Bahr al asror» («Sirlar dengizi») asarining muallifi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Chag'oniyon haqida ajoyib fikrlar bayon etadi: «Sag'oniyon-Movarounnahrning katta viloyatlaridan... Termizning shimolida, Kesh va Samarqandning janubida joylashgan. Jayhunga quyiladigan ko'pchilik daryolar shu viloyat ichidan oqadi, uni Chag'oniyon ham deyishadi. Hozirda u Hisor nomi bilan mashhur, chunki uning markazi Hisori Shodmon shahridir. Hisori Shodmon shunday bir mustahkam qal'aki, u tog'ning eng balandida qurilgan, uni Taxmuras bino qilgan ekan».
Taxmuras-eroniy peshdodiylar sulolasidan chiqqan ikkinchi shoh, «Avesta»da Taxmurapay tarzida uchraydi, keyinchalik Taxmuras, Taxmrus, Taxmras, Taxmtan shaklini oladi. Biz yuqorida «Rustami doston», Rustam va uning o'g'li Suhrob bilan bog'liq fikrlar aytdik, Rustam nomi «Avesta»da yo'q, farazlarga ko'ra Taxmuras shu Rustam emish. Taxmuras ismi tarkibidagi Taxm qismi qadimiy pahlaviychada: katta-ulkan-ulug'-kuchli-quvvatli, Ras yoki Rus (Taxmras-Taxmrus) qismi: qad-qomat-tan-jussa ma'nolarini anglatadi. Taxmras-Taxmrus asta-sekin parfiyon va so'g'diy tillarida Rastaxm-Rustaxm bo'lib ketgan, bu «Bahman yasht»dagi Rotastaxmning aynan o'zidir (Mallayev N.M. O'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent. «O'qituvchi», 1976-B. 53). Demak Taxmrus-ulkan qomatli, alp qomatli, Rotastaxm-Rustaxm (eng so'nggi shakli Rustam) qomati alp degani ekan. Ko'rinadiki, Taxmrus (qomati ulkan) va uning teskarisi Rustaxm (ulkan qomat)da ham xuddi Obi surx (suv qizil)-Surxob (Surxon-qizil suv) singari talaffuz o'zgarishlari sodir bo'lgan.
Chag'oniyon amirlari. Chag'oniyonda X asrning oxiri X1 asrning birinchi choragida amirlar sulolasi hukmronlik qiladi hamda bu sulolaga Amir al Muhtoj degan shaxs asos solganligi bois sulola uning nomi bilan Muhtojiylar sulolasi deb yuritiladi. Al-Muhtojning ismi sharifini bilmaymiz, yozma manbalarda uning nomi nari borsa, Amir al-Muhtoj Chag'oniy shaklida bitilgani uchrab turadi, xolos. Aftidan, Muhtojiylar sulolasi somoniylarga oilaviy yaqin bo'lgan, Ismoil Somoniy (hukmronronligi 892-907 yillar)ning o'zi ham Muhtojiylar xonadonini qo'llab-quvvatlagan. Chunki Ismoil Somoniy manblarining guvohlik berishicha, Termiz atrofidagi Somon qishlog'idan ekan va hatto Termiz shahri ma'lum muddat bekorga shahri Somon deb nomlanmagan bo'lsa kerak. Qolaversa, mamlakat hukmroni Ismoil Somoniy (tavalludi 849 yil) tez-tez Termiz va Chag'oniyonga tashrif buyurib turgan va uning Mahsuma (asli Mohisiymo) ismli qiziga Termiz sayyidlarining asoschisi Hasan al Amir (865 yildan Termizda yashay boshlagan)ning o'g'li Sayyid Amir Abdulla uylanadi. Hasan al Amir hazrat Ali va Bibi Fotima avlodlaridan bo'lib, uning otasi Amir Husayn, bobosi esa Jaf'ar al-Hujjat Madina hokimi lavozimida faoliyat ko'rsatgan. Jaf'ar al-Hujjatning otasi Amir Ubaydulla hatto xalifa al-Mansur (754-755) davrida xalifa deb e'lon qilinadi. Amir Ubaydullaning otasi Husayn al-Asqar, bobosi esa Ali nomida yuritilgan, Alining otasi hazrat Ali va Bibi Fotimalarning farzandi Husayndir. Husayn so'nggi Sosoniy shohi Yazdigurdning qiziga uylanadi va bosh farzandlariga hazrat Ali ibn Abu Tolib sharafiga Ali deb ism qo'yadilar. Termizlik sayyidlarning shajarasi Hasan al-Amirdan ibtido topadi va bu shajara avlodlari hazrat Ali hamda Bibi Fotimaning davomchilaridir. Demak Hasan al-Amir ibn Amir Husayn ibn Jaf'ar al-Hujjat ibn amir Ubaydulla ibn Husayn al-Asqar ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Termiz sayyidlari shajarasining bosh ajdodlari qatorida turadi. Qisqasi, Ismoil ibn Ahmad ibn Asad ibn Somon (hukmronligi 892-907 yillar) va Hasan al-Amir quda-andachiligi hamda Sayyid Amir Abdulla va Mahsumadan tarqalgan avlodlar endilikda sayyid emas, balki xudovanzoda laqabi bilan atala boshlaydi.
Chag'oniyon amirligining Somoniylar saltanati (875-999 yillar)dagi nufuzi g'oyatda katta bo'lib, bu suloladan chiqqan amirlar aksar Xuroson noibligini bajargan. Chunonchi, Chag'oniylar sulolasining ajoyib bir vakili Abu Bakr 930-939 yillar Chag'oniyonni boshqargan va ayni zamonda u 933 yildan e'tiboran Xuroson noibi ham edi. Bu degani, Somoniylar saltanatining teng yarmi uning tasarrufida ekanini anglatadi va katta huquq, ulkan imtiyoz noib ixtiyorida bo'lgan. Chag'oniylar sulolasining asoschisi Muhtoj Chag'oniy hisoblanadi, biroq u amirlik qilgan davr sanalari hozirga qadar noaniq qolib kelmoqda. Xuddi shu sulolaga mansub Tohir Chag'oniyning ismi-sharifi «Ash'ori hamasroni Rudaky»da to'liq keltiriladi: Amir Abu Yahyo Tohir ibn Abul Abbos Fazl ibn Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy. Ana shu orqali Abu Bakrning ismi Muhammad ekani va Abu Said Muzaffar uning padari buzrukvori ekanini bilib olamiz. Ayni paytda sulola asoschisi Muhtoj Chag'oniy biz so'z yuritayotgan Amir Abu Bakr Muhammadning bobosidir. Abu Bakr Muhammad 930 yili Chag'oniyonda hukmronlikni boshlagan bo'lsa, tabiiyki, ungacha Chag'oniyonni uning otasi Abu Said Muzaffar hamda bobosi Muhtoj Chag'oniy boshqargan va ular hukmronligi sanalarini 900 va 930 yillar orasidan izlagan ma'qul. Demak sulolaning ibtidosi 900 yillar bilan bog'liq va bu sulola hukmronligi X1 asrning 30-yillarigacha davom etgan. Zero, Chag'oniylar sulolasining biz bilgan oxirgi vakillaridan biri Faxr ud-Davla 1010-1018 yillar Chag'oniyonda amirlik qilgan
Abu Bakr Muhammaddan so'ng Chag'oniyon amirligi mashhur Abu Ali Chag'oniyga tegadi, u Abul Abbos, ya'ni Tohir Chag'oniyning otasi bilan aka-uka. Xulosa, Abu Ali va Abul Abboslar Abu Bakrning o'g'lonlari va Chag'oniyon amirligi Abu Aliga ota meros ekan. Abu Ali Chag'oniyonni 939-952 yillar davomida boshqaradi va 945 yilgacha Xuroson noibligini bajaradi, boisi 945 yilga kelib Amir Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) uni Xuroson noibligidan chetlatadi. Oqibatda 947 yilgi mash'um voqea, ya'ni Nuh ibn Nasrning Buxorodan Samarqandga quvilishi sodir bo'ladi, Abu Ali bo'lsa ma'lum muddat Buxoroni Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad qo'lida saqlanishini ta'minlab turgan. Abu Alining Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'tarishi ko'p jihatlari bilan uning Xuroson noibligidan chetlatilishiga borib taqaladi. Nuh ibn Nasr, nihoyat 952 yilga kelib Abu Ali Chag'oniyni qayta Xuroson noibligiga tayinlashga majbur bo'ladi. Abu Ali o'z navbatida Chag'oniyon amirligini o'g'li Abu Mansur Nasrga topshiradi va o'zi, asosan, Xuroson noibligi yumushlari bilan mashg'ul bo'ladi, Abu Ali 955 yili Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan vafot etadi.
Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr mojarolariga mabodo yana qaytadigan bo'lsak, shu narsa oydinlashadiki: Nuh ibn Nasr davriga kelib mamlakatda alg'ov-dalg'ov hodisalar, ziddiyatli voqealar kuchayib ketadi. Nuh ibn Nasrdan norozi bo'lgan qo'shin va lashkar, ayniqsa qo'shin boshliqlari o'rtasida pala-partishlik sezilarli tus oladi, shu kezlarda Chag'oniyon amiri va Xuroson noibi Abu Ali nechundir Amir Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'taradi. Ana shu isyondan foydalangan Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad Buxoroni egallagan va Abu Ali qo'shinlari yordamida Somoniylar taxtiga ega bo'ladi. Ammo Ibrohim ibn Ahmad taxtda uzoq turolmaydi, sababi Abu Ali qo'shinlari shahar ahlining ma'lum noroziliklari tufayli Buxoroni tashlab chiqib ketadilar. Shundan so'ng Nuh ibn Nasr Buxoroga qaytadi, (bungacha Nuh Samarqandda bir oz turgan edi), taxtni qayta qo'lga kiritib, birinchi galda isyonchi qarindosh-urug'larini jazolashga hukmi oliy beradi. Abu Ali Chag'oniyning markaziy hokimiyat bilan kurashi va nizolari davom etaveradi, ikki o'rtada tuzilgan bitim va shartnomalarda Nuh ibn Nasr hatto Chag'oniyon hokimi Abu Aliga ko'p masalalarda yon bosishga majbur bo'lgan edi. Bu kelishmovchiliklar Nuh ibn Nasr vafotidan so'ng uning o'g'li Abdumalik (954-961) zamonida ham o'z asoratini yo'qotmagan edi. 
Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr oralaridagi janjal hamda jangu jadal o'z vaqtida o'sha davr tarixchilari tomonidan tarix sahifalariga bitilgan edi. Jumladan, X asrning birinchi yarmida yashab o'tgan iste'dodli tarixchi an-Narshaxiy o'zi(899-960 yil)ning «Tarixi Buxoro» (943-944 yillar arab tilida yozilgan, bizgacha asarning fors tilidagi tarjimasi yetib kelgan) nomli asarida xuddi shu voqealarni ushbu tarzda bayon etadi: «Amir Hamid (ya'ni Nuh Nasr) uch yuz o'ttiz birinchi (331-943) yili sha'bon oyining avvalida (10 aprel kuni) podshohlik taxtiga o'tirdi. Amiri Sa'id (baxtli) vafot etgach, (ya'ni Nuh ibn Nasrning otasi Nasr ibn Ahmad hukmronligi 914-943 yillar) podshohlikni talab etuvchilardan har bir kishi bir joyda qaror topdi. Amiri Hamid (maqtalgan) Buxorodan chiqib Nishopurga keldi. Abu Ali Isfahoniy Nishopurga amir edi. Amiri Hamid Nuh ibn Nasr lashkar yuborib, uni qo'lga oldirdi, o'ziga qarshi kishilarni tarqatib yuborib viloyatlarni tozaladi, Nishopurni Ibrohim Simjurga berdi. Abu Ali Isfahoniy o'ziga: «Men uning podsholigini barqaror qildim, u esa viloyatni boshqa kishiga berdi»,-deb o'yladi va Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyga: «Buxoroga borib podsholikni ol! Men sen bilan bo'lsam, amir (demak Nuh ibn Nasr) senga qarshi tura olmaydi»-dedi. Abu Ishoq lashkar tortib Amiri Hamid (Nuh ibn Nasr)ga qarshilik oshkor qildi. Amiri Hamid Nishopurdan qaytayotganda Abu Ishoq unga hujum qildi. Ular o'rtasida jang bo'ldi va Amiri Hamid yengilib Buxoroga keldi. Uning ketidan amakisi Abu Ishoq ham Buxoroga keldi va u uch yuz o'ttiz beshinchi yil jumod ul oxir oyida (yanvar 947 yil) butun Buxoro aholisi unga bay'at qil-(hukmdorni o'zlarining ustidan hokim deb tan ol)dilar. Buxoroning hamma minbarlarida Abu Ishoq nomiga xutba o'qidilar. Bir oz vaqt o'tgandan keyin Abu Ishoq o'z lashkari uning o'ziga qarshi yomon niyatda ekanini, uni o'ldirishga qasd qilganini va Amiri Hamidga sadoqat qilganini bilib qoldi va Buxorodan qaytib Chag'oniyonga ketdi».
Narshaxiy matnini sharhlashga o'tsak, axborotda g'alizlik bor, masalan, Abu Ali Isfahoniy emas, balki Chag'oniydir, uning Nishopur amiri bo'lgani aniq emas, lekin u Xuroson noibi edi. To'g'ri Xuroson noiblarini Nishopur amiri deyilishiga bois, o'sha kezlarda Xuroson mintaqasining ma'muriy markazi Nishopur edi hamda Xuroson noibi va Nishopur amiri atamalari sinonim sifatida ishtlatilgan. Abu Ali Chag'oniy hatto Nasr ibn Ahmad hukmronligi (914-943 yillar)ning oxirgi yillari ham Xuroson noibi bo'lgan ko'rinadi. Darhaqiqat, Abu Ali bilan Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) yoki Abdumalik (954-961 yillar) o'rtasidagi ziddiyatlar undan ham oldinroq boshlanganini taxmin etish mumkin. Chunki Abu Alining otasi Abu Bakr 939 yili olamdan o'tadi, u 930-939 yillar oralig'ida Chag'oniyon hokimi edi. Abu Bakr 933 yildan boshlab Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) ning xohish-irodasi bilan Xuroson noibi vazifasini ham bajara boshlaydi. Abu Bakr vafoti (939 yil)dan so'ng Chag'oniyon hokimligi va Xuroson noibligi uning o'g'li Abu Ali Chag'oniy zimmasiga yuklandi. Xuddi shu voqealar Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) davrida ro'y bergan va Abu Ali Chag'oniy 945 yilga kelib, ya'ni Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) zamonida Xuroson noibligidan chetlatildi. Demak, Abu Alining isyoni, noroziliklari, asosan, Nuh ibn Nasr zamoniga to'g'ri kelar ekan. Ana shu o'zaro kelishmovchiliklar 945 yildan 952 yilgacha va hatto undan keyin ham davom etganini gumon qilish mumkin. Abu Ali Chag'oniy 952 yili qayta Xuroson noibligiga tayinlanadi, bu Abu Alining Somoniylar saltanati siyosiy maydonida ustuvor maqomga egaligini namoyish etadi. Bundan tashqari, Abu Alining siyosiy maydondagi obro'yi Abdumalik amirligi (954-961) yillari ham davom etganligi muqarrar haqiqatdir. 
Abu Ali Chag'oniy 945 yilda Xuroson noibligidan chetlatilgani haqida aytib o'tdik, ana shu kezlar Abu Ali o'z inisi Abul Abbos Fazlni Jabal viloyati (Tus, Ray, Shirvon tomonlar)ga hokim etib tayinlaydi. Jabal arabcha tog' demakdir, bu mintaqalar hozirda Kuh(tog')iston (Dog'istonni eslang) deyiladi. Gerodotning guvohligicha, qadimda bu zaminda paretaken (parata-paurat-par-sanskritchada tog'dir) qabilalari yashagan. Shunday qilib yana Abul Abbosga qaytsak, u o'z og'asi Abu Ali hukmiga teskari Jabalga bormay, Buxoroga borgani va Nuh ibn Nasr unga Shosh hokimligini berganidan xabardormiz. Aftidan Nuh ibn Nasr og'a-inilarning o'zaro ixtiloflaridan o'z manfaati yo'lida foydalanishga harakat kilgan. Bu voqealardan so'ng Nuh ibn Nasr va Abu Ali ixtiloflari g'oyat jiddiylashadi, Abu Ali 946 yili Nasrga qarshi jangga kiradi, birinchi galda Xuroson noibligiga yangi tayinlangan Nishopurdan Ibrohim binni Simjurni haydab yuboradi. Keyin katta qo'shin bilan Amudaryodan o'tib Buxoroni bosadi, Nasr Samarqandga qochadi, Abu Ali esa Amir Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad nomiga xutba o'qitadi. Abu Ali 946 yilning dekabridan 947 yilning martigacha Buxoroda turadi, ammo Buxoro aholisining noroziligi sabab u Chag'oniyonga qaytishga majbur bo'ladi. Nihoyasi ko'rinmagan bu kurashlar 948 yilning dekabr oyida sulh tuzish bilan to'xtaydi, sulhga ko'ra Chag'oniyon hokimligi Abu Aliga qoladi. Buning evaziga Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abul Muzaffar Abdulloh ibn Ahmad garovga olinadi, Buxoroda Abul Muzaffar hurmat bilan qarshilanadi. Bu orada Abu Ali va Amir Nuh ibn Nasr (943-954) munosabatlari ancha iliqlashadi. Ana shu voqealar aloqador xabarlar Gardiziyning «Zaynul axbor» asari(1050yil)da ham keltiriladi, aytilishicha, garovga olingan Abulmuzaffar Buxoroda baxtsiz tasodif tufayli otdan yiqilib o'ladi. Bu baxtsiz hodisa munosabatlarga sovuqlik solmagan ko'rinadi, Abul Muzaffarning jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi va dafn etiladi. Abulmuzaffar vafotidan ikki oy muhlat o'tgach, Xuroson sipohsolorligi qayta Abu Aliga tegadi, Chag'oniyon va Termiz amirligi Abu Alining o'g'li Abu Mansur Nasr ibn Ahmadga beriladi, ushbu hodisalar 952 yilda sodir bo'ladi. 
Voqealardan ayonki, Nuh ibn Nasr ilojsiz Abu Alini takror Xuroson noibligiga tiklaydi, Abu Ali Xuroson mulkida tartib-intizom o'rnatadi. Abu Ali tufayli Somoniylar davlatiga qarshi harakatlar qilayotgan Buvayhiylar bilan tinchlik bitimi amalga oshiriladi. Negadir bitim yangi hukmron Abdumalikni (954-961) qoniqtirmaydi va u Abu Alini Xuroson noibligidan oladi, natijada Abu Ali g'azablanib Buvayhiylar ko'magida Abdumalikka qarshi g'alayon ko'taradi va o'z nomini xutbaga qo'shtiradi. Abdumalik 954 yili Abu Aliga qarshi yirik qo'shin yuboradi, lashkarga Xuroson noibligiga endi tayinlangan Bakr binni Malik bosh edi. Bu orada Abu Ali Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan 955 yili o'ladi, Somoniylar va Buvayhiylar o'rtasida sulh tuzilgach, Abu Ali jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi hamda dafn etiladi. Buvayhiylar sulolasiga Eron shohlari naslidan bo'lgan Buvayh ismli kimsa asos solgan, u 930 yili Somoniylarga bo'ysunishdan bo'yin tovlab ularga qarshi janglar olib boradi.
Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abu Mansur Nasr Chag'oniyonni 952 yildan 976 yilgacha boshqaradi, keyin Chag'oniyonda Abul Qosim al Hasan ibn Ahmad hukmronligi boshlanadi. Abul Qosim al Hasan asli Abu Mansur Nasrning inisidir, u taxminan 976 yildan 986 yilgacha Chag'oniyonda amirlik qilgan. 986-987 yillar Chag'oniyonni Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Abul Xoris boshqaradi, shundan so'ng Chag'oniyon amirlari taxtiga Tohir Chag'oniy keladi va u 987-992 yillar hukmron bo'ladi. Shu tariqa 992-1010 yillar Abul Muzaffar Chag'oniy va 1010-1018 yillar Faxr ad Davla Ahmad binni Muhammad hukmronligi yuz beradi. 
Adabiyot va she'riyat. Chag'oniyonda X-XI asrlarda ilm-fan ancha yuksaladi, bu davrda yetishib chiqqan olimu fozillar yurtimiz ilmi rivojiga hamda fan ravnaqiga cheksiz ulush qo'shganlar. Ular nafaqat o'z ona zaminida, balki dunyoning turli chekkalarida ham ilm rivoji yo'lida xizmat qiladilar. Abu Bakr as-Sag'oniy (IX asr), Ahmad as-Sag'oniy (X asr), Abu Hamid as-Sag'oniy (X asr) va boshqalar ayni Chag'oniyon ilmiy muhitida nash'u namo topgan olimlar sirasiga kiradi.
Abu Bakr as-Sag'oniy. Bu allomai zamon haqida ma'lumotlar juda kam, taxallusidan uning Chag'oniyondan ekanini bilamiz, xolos. Manbalarda Abu Bakr as-Sag'oniy xususida bildirilgan fikrlar ko'proq buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymon (817-888) bilan bog'liq holda bayon etiladi. Chunki Abu Bakr as-Sag'oniy buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymonning «Sunan» kitobi haqida so'z yuritib, ushbularni naql qilgan ekan: «Dovud alayhissalom uchun temir Olloh taolo tomonidan mumday yumshatilgan bo'lsa, hadis ham Abu Dovud Su: laymon uchun xuddi shu xilda qulay holga keltirilgan emish». Afsuski, bu fikrlar as-Sag'oniyning qaysi asaridan olingani noaniq, ammo shuning o'zi allomaning IX-X asrlarda yashab o'tgani va yetuk olim, ayniqsa, muhaddisshunos ekanini anglashga kifoya qiladi.
Ahmad ibn Muhammad as-Sag'oniy asli chag'oniyonlik, shu yerda tavallud topib, ilk bilimini o'z ona yurti Chag'oniyonda oladi. So'ngra u o'qishini o'sha davrning ulkan maskanlari hisoblanmish yirik shaharlar Buxoro va Samarqandda davom ettiradi. Ahmad as-Sag'oniy 998 yildan boshlab o'z ilmiy faoliyatini Abu Saxl Kuhiy rahbarligidagi Bag'dod observatoriyasi bilan bog'laydi. U yirik munajjim va jo'g'rofiy olim bo'lishi barobarida, Beruniyning aytishicha, o'z ustozi Abu Saxldan keyin buyuk yulduzshunos sifatida e'tirof topgan ekan.
Abu Hamid Usturlobiy as-Sagoniy - yetuk munajjim, falakiyot ilmida betaqqos olim, usturlob (osmonni kuzatadigan) asbobi ixtirochisi. Abu Hamid as-Sag'oniy 980-900 yillarda olamdan o'tgan, demak, allomaning tug'ilgan zamoni X asr boshlari bilan bel-galanadi. Beruniy o'zining «Al osor al-boqiya» asarida Ahmad Sag'oniy va Hamid Sag'oniylar haqida iliq fikrlar izhor etadi.
Sag'oniy (Chag'oniy) - lug'atshunos olim, tarjimai holi aniq emas, ismi-sharifi Raziuddin (ba'zan Raziyiddin) Abul Fazl al-Hasan ibn Muhammad ibn al-Hasan al Chag'oniy ekanligi ma'lum. Manbalarda olimning 1181 yili Lohurda tug'ilgani va 1252 yili Makkada vafot etganligi qayd etilgan. U ko'p yillar Lohurda Bag'dod xalifalarining yalovochi sifatida faoliyat yuritadi, umrining oxirgi yillari Bag'dodga qaytadi, nihoyat Makkaga haj safarida bo'ladi va o'sha yerda olamdan o'tadi. Taxallusidan ota-bobolari asli chag'oniyonlik ekani muqarrar bo'lgan bu olim fors-tojik lug'atshunosligining asoschilaridan, u arab leksikogorafiyasi rivojiga munosib hissa ko'shgan olimlardan. Keyingi asr fors-tojik lug'atshunosligidagi yangi yo'nalishlar ko'p jihatlari bilan Sag'oniy ilmiy faoliyati an'nalariga borib taqaladi. Sag'oniyning o'n ikki jildlik «Majma' al-bahrayn» («Ikki dengiz majui») va yigirma jildlik «Al ubob uz-zohir va-l lubob ul-foxir» («Yuksak to'lqin va ochiq o'zaklar») hamda bir necha jildni o'z ichiga oluvchi «At-takmila va-z-zayl va-s-sila» («To'ldiruvchi, qo'shimcha va izohlar») nomli lug'atga doir ilmiy kitoblari mavjud. Sag'oniy asarlaridan Firuzobodiy (XIV asr) o'zining «Al qomus» lug'atini yaratishda samarali istifoda etgan bo'lsa, Yusuf Mag'ribiy va boshqa qator olimlarning lug'atshunoslik faoliyati Sag'oniy ilmiy merosi ta'sirining natijasi o'laroq rivoj topdi.
«Hudud al-olam» asari haqida. Akademik E. V. Rtveladze o'zi tuzgan Chag'oniyon amirlari sulolasining tadrijiy silsilasi tarkibida Abu Xoris Muhammad ibn Ahmad ibn Farig'unning nomini ham ilova qiladi va uning Chag'oniyonda 987-990 yillarda hukmronlik qilganligini ko'rsatadi. Asli Guzgon (Juzjon) amiri bo'lgan Abul Xoris Chag'oniyon taxtiga Abul Qosim al-Hasan ibn Ahmad (976-988 yillar)dan so'ng chiqqan va bu 988-989 yillarga to'g'ri keladi. Abul Xoris ilm ahli va nazm sohiblariga ko'p e'tibor bergan ko'rinadi. Masalan, muallifi noma'lum «Kitob hudud al-olam milal Mashriq ilal Mag'rib» («Sharq va Rarb mamlakatlari chegaralari haqida kitob») asari uning nomiga atab (983 yili fors tilida) yozilgan.
«Hudud al-olam» Yaqin va O'rta Sharq xalqlarining durdona yodgorliklaridan biridir. Xususan, unda bizning vohamiz bilan bog'liq jug'rofiy hududlardan Amudaryo, Chag'onrud, Chag'oniyon, Termiz va Balx, Toxariston, Xatlon, Vaxsh, Qabodiyon haqida qiziq ma'lu-motlar beriladi. «Hudud al-olam»da Chag'oniyon xususida ushbular bitilgan: «Chag'oniyon - qishloq xo'jaligi uchun qulay va keng joy. Iqlimi muloyim, zamini durust, suvlari ovqatni tez hazm qildiradi. Bu yerda otlar boqiladi, yung gazlama, gilam, sholcha ishlanadi. Bu viloyatning poytaxti Chag'oniyon shahridir, tog' etagida bino bo'libdir. Oqar suvlari bor».
Abu Ali Husayn ibn Ahmad as-Sallomiy. U taxminan X asrda yashab ijod etgan, umuman X asr allomasi. Chag'oniyon amirlari saroyida mulozimlik qilgan shoirlardan biri, u yirik olim hamdir. As-Sallomiy dastlab faoliyatini Abu Bakr Muhammad Chag'oniy (930- 939)ga xizmat qilishdan boshlaydi, so'ngra xizmatni Abu Ali Ahmad Chag'oniy (939-952) qoshida davom ettiradi. Ham shoir va ham olim Sallomiy haqida manbalarda bitilgan mavjud xabar va ma'lumotlar ancha uzuq-yuluq va ziddiyatli jihatlarga ega. As-Saolibiy (961-1038)ning axboroticha, as-Sallomiy Nishopurdan bir oz narida joylashgan Bayhaq viloyatidan. As-Sallomiy mashhur olim va iste'dodli shoirgina bo'lib kolmay, balki o'z davrining yetuk kotibi ham edi. O'tmishda kotiblik san'ati keng rivoj topgan bo'lib, kotiblik juda ulkan qadrlanardi. Ayni zamonda kotib va xattot davrining so'z san'atkori ham hisoblangan, chunki shohlarning shohlarga maktublarini ular amalga oshirganlar. Bu o'ta mas'uliyatli ish bo'lib, maktubda e'tiborsizlik bilan ishlatilgan har qanday so'z yomon oqibatlarga olib kelishi muqarrar bo'lganidek, har qanday yaxshi so'z, yaxshi ibora, yaxshi ifoda munosabatlardagi g'uborlarni tarqatishga yordam ham berar edi.
As-Sallomiy Chag'oniyon amirlari Abu Bakr (930- 939) va Abu Ali (939-952) saroyida maktublar devonini boshqargan. Abu Ali uning tarixdan yaxshigina xabardorligini sezgach, unga Xuroson tarixini raqam qilishni topshiradi. Bu asar «Kitob at-tarix fi-axbor vulot Xuroson» («Xuroson hukmronlari tarixi haqida kitob») deb atalib, 955 yilda yozib tugallangan, taassufki, asar bizning zamongacha yetib kelmagan. Ammo as-Sallomiyning zikr etilgan asari keyingi asr tarixchilarining ko'plari uchun muhim manba sifatida xizmat qilgan. Bular ichida as-Saolibiyning «Yatimat ad dahr» («Zamona yagonalari», 1017), Gardiziyning «Zaynul axbor» («Xabarlar ziynati», 1050), Ibn Asirning (1160-1234) «Al komil fit torix» («Mukammal tarix») va yana ko'plab boshqa tarixiy asarlar as-Sallomiy asaridan foydalanib yaratilgan. 
Yetuk bilim sohibi as-Sallomiy yana qator ajoyib asarlarning muallifidir, jumladan «Kitob va natf va az-zarf» («Hikmatli so'zlardan namunalar»), «Kitob al misboh» («Chiroq haqida kitob») va «Kitob as-sor» («Tasdiq haqida kitob») shular jumlasidandir, lekin bu asarlar ham bizning zamongacha yetib kelmagan. As-Sallomiydek davrining yetuk tarixchisi, mashhur xushnavisi, iqtidorli shoiri Chag'oniyon amirlari saroyida tarbiya topganligi muhim jihatlarga ega.
Abul Qosim Ali ibn Muhammad al-Iskofiy. Yetuk xattot, yirik xushnavis va tengi yo'q so'z ustasi al-Iskofiy aslida Nishopur shahridan. U ijodiy faoliyatini Abu Ali Chag'oniy xizmatida boshlaydi. Al-Iskofiy shoir va o'z davrining fozil kishisi edi, uning haqida tarix kitoblari sahifasida ko'plab latifanamo voqealar hikoya qilinadi. Al-Iskofiy chiroyli yozish san'atini mukammal egallagani sababli Abu Ali Chag'oniyning maktublar devonida rahbarlik qiladi. O'zaro munosabatlardagi ma'lum beqarorliklar tufayli Abu Ali Chag'oniy va Buxoro amiri Nuh ibn Nasr Somoniy qo'shinlari 947 yili Jurjon (asli Gurgon)da to'qnashadilar. Jangda Abu Ali Chag'oniy yengiladi, bunga sabab Abu Ali tomonida turgan ayrim lashkarboshilarning sotqinligi va beqarorligi oqibatida bu mash'um voqea ro'y beradi. Abu Alining ko'p odamlari asirga olinadi, shular orasida al-Iskofiy ham bor edi. Shundan e'tiboran buyuk xattot Iskofiy faoliyati Nuh ibn Nasr (943-954) va Abdumalik (954- 961) bilan bog'lanadi va u Buxoroda yashay boshlaydi. Buyuk xushnavis, iste'dodli shoir va bemonand so'z san'atkori al-Iskofiy 955-956 yillarda vafot etadi.
Al-Iskofiy haqida «Yatimat ad-dahr»da ushbular bitilgan: «U Xurosonning tili, g'ururi, ko'zi va yagona kishisi edi. U kotiblik va balog'at (so'z ilmi)da Xurosonda birdan-bir kishi bo'lib, ilm va san'atda tengi yo'q edi». Muhimi, Iskofiy o'z qobiliyatini Chag'oniyonda kamolga yetkazadi va dovrug'i chor atrofga yoyiladi. Al-Iskofiy bitgan maktublarda ishlatgan so'zlar va iboralar xikmatlarga aylanib el orasiga tarqalgan. Mana, ulardan namunalar: «Zamon beqaror, u doimo o'zgaruvchan, undagi ishlar ham aylanib turadi»; «Yaxshi axloqni harakat voyaga yetkazadi, mevani esa daraxt yetishtiradi»; «Minnatdorlik rohatni ko'paytiradi, vafodorlik yaxshi mukofot garovidir»; «Yoshlik g'ururi shavq uyg'otmasin va soxta ishonchlar seni rag'batlantirmasin»; «Kimning yo'ldoshi kibru havo bo'lsa, u qush singari tuxum tug'ishi va chinqirishi mumkin»; «Kimning oldida sher ojiz bo'lsa, u sakraydi va yuqori ko'tariladi».
Iskofiy shoirlikda ham iqtidorini namoyon etgan va bu borada Buxoroning talabchan she'riyat muxlislari diqqatini tortgan edi. «Yatimat ad-dahr»da Iskofiydan yigirma bir bayt she'r berilgan. Iskofiy arab tilida she'rlar yozgan. Uning arab tilidagi bir she'rida atir idishi xususida gap yuritiladi va shoirning benihoya nozik tavsiflar hamda ta'riflarni topishdagi san'atiga qoyil qolasiz:

Sirtimda zebolik urar barq,
Ichkarida xushbo'y hid etar g'arq.
Yarmim tanam nasibasin tatir,
Yarmim to'kis va tugal atir.

Biz yuqorida as-Sallomiy zikridagi xabar va axborotlar uzuq-yuluqligini aytdik, bu holat Iskofiy tarjimai holiga ham taalluqli. Masalan, Nizomiy Aruziy Samarqandiy «Chahor maqola» (1156)da al-Iskofiyning Nuh ibn Mansur (976-997) xizmatida bo'lganini aytadi, vaholanki, al-Iskofiy 956 yilda, ya'ni Nuh ibn Mansur taxtga chiqish (976 yil)dan yigirma yil burun olamdan o'tgan edi. Nuh ibn Mansur aslida Nuh ibn Nasr (943-954)ga chevaradir. Samarqandiyning chalg'ishi masalasiga kelsak, «Chahor maqola» asari al-Iskofiy vafoti (956 yil)dan ikki yuz (1156) yil so'ng yaratilganiga e'tibor berishga to'g'ri keladi.
Iskofiy vafoti Buxoroda katta motamga aylanadi, uning o'limi munosabati bilan ko'plab marsiyalar bitiladi. Shunday marsiyalardan biri shoir Abu Nasr al-Xuzaymiy al-Abivardiy qalamiga mansub. Quyida uning arabcha mazmunidan parcha keltiramiz:

Risolalar devoniga qara, u yo'q endi,
Devondagi qalam va daftar egasiz qoldi.
Bu hodisa chegara shahrini tashlab 
Ketgan qo'riqchi yoki davosiz dardga o'xshaydi.
Unga o'z xati va notiqligi qayg'uda yig'lasin,
Boisi xatni bezagan o'ldi-
Notiqlik sehrgari dunyodan o'tdi.

Demak, Iskofiy o'z davrining eng ulug' kishilari safida turgan, u o'zining mehnati, zahmati tufayli katta obro'-e'tibor qozongan.
Chag'oniyon adabiy muhiti ko'p jihatlari bilan ajralib turadi. Fors-tojik adabiyotining peshqadam shoirlaridan Daqiqiy va Farruxiylar o'z ijodiy yo'llarini Chag'oniyon bag'rida, ayni shu tuproqda boshlaganlar. Chag'oniyon amirlari adabiyotga juda qiziqishgan, ular shoirni, she'riyatni, she'rni g'oyat qadrlaganlari bois bu yurtga ko'plab shoirlar tashrif buyurgan. quyida ana shunday shoirlardan ayrimlarining ijodi bilan tanishamiz.
Taxoriy. Shoir X asr boshlarida yashagan, u Chag'oniyon shoirlarining sardaftari hisoblanadi, uning taxallusi qadimgi Taxoriston (hozirgi Surxon va Hisor vohalari) nomidan olingan. Ammo ayrim manbalarda shoir taxallusi Taxoviy shaklida ham uchraydi. Aksar olimlar shoir taxallusining Taxoriy shaklini to'g'ri deyishib, ayni shu shaklni maqbul bilishadi, «Farhangi Surury»da ham shu xildadir. Biz shoir nomini imlo va talaffuz qoidalariga amal qilgan holda berishni ma'qul topdik, zero arab alifbosida uning nomi ayni Taxoriy tarzida bitiladi. Shoirdan bizgacha atigi to'rt misra she'r yetib kelgan:

Lab-t go'y, ki nimkafga gul ast, -
Mai no'sh andar o' nuhuftasty. 
Zulf go'y zi lab nihozida,
Ba gila so'i chashm raftasty.

Mazmuni:

Labing yarim ochilgan guldir, 
Unda xush may yashirindir.
Zulfing labdan lab burib,
Ko'z tomon og'ishga shaylangandir.

Misol keltirilgan bu she'rni goho Tayyon Marg'aziyga ham nisbat berishadi. Xullas, manbalarda Taxoriy haqida keltirilgan xabar va ma'lumotlar o'ta darajada bir-biriga qarama-qarshi hamda ziddiyatlidir. Har holda Taxoriy Chag'oniyonda ekanida yurtni Muh-toj Chag'oniy (taxminan 900-920 yillar) boshqarganini faraz qilish mumkin.
Ma'rufiy. Chag'oniyonda yashab ijod etgan navbatdagi shoirlardan biri, uning to'liq ismi sharifi ushbu xilda: Abu Abdulla Muhammad binni Hasan Ma'rufiy Balxiy. Shoirning taxallusi Ma'rufiy, uning Balxiy deyilishiga sabab, u asli balxlik. Adib o'z she'rlaridan birida buyuk Rudakiy (858-941)ning muborak suhbatidan bahra olganini aytadi:

Az Ro'daky shunidam, sultoni shoiron,
K: «andar jahon ba kas magarav, juz ba Fotimy».

Mazmuni:

Shoirlar sultoni Rudakiydan eshitganim bor: 
O'zingni Fotimiylardan o'zgaga garovga qo'yma.

Fotimiylar ijtimoiy tenglik g'oyalarini ilgari surgan bir oqim va ularning tarafdorlari ko'p bo'lgan. Ammo ular qattiq jazolarga mustahiq etilgan, shu harakatning vakili sifatida Rudakiyning ko'zlariga mil tortilgan. Shundan Ma'rufiyning Buxoroga tashrifini 935-940 yillar oralig'idan izlash lozim, zero, Rudakiy va Ma'rufiy uchrashuvi ayni Rudakiyning alamli yillariga to'g'ri kelishi haqiqatga yaqin turadi. Ma'rufiy amir Nuh ibn Nasr (943-954) davrida va hatto Abdumalik (954-961) zamonida ham Buxoroda bo'lgan ko'rinadi. Ma'rufiy ma'lum fursat Seyistonda ham bo'lgan, uning Chag'oniyondalik kezlari, albatta, Buxoroga tashrifidan oldin ro'y bergan. Uning Chag'oniyonda bo'lishi 925-935 yillarga to'g'ri kelishini taxmin etish mumkin. Ana shu 925-935 yillar Chag'oniyon taxtida Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy (farazan 920- 930 yillar) va Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar (930-939 yil)lar hukmron edilar. Ma'rufiyning tavallud va vafoti sanalari noaniq, undan 92 misra she'r saqlanib qolgan. Shoir she'rlaridan ayrim parchalar Umar ur Roduyoniy (XI asr)ning «Tarjimonul balog'a», Shamsi Qaysning «Al-Mo''jam» (1233) asarlaridan va boshqa tazkira hamda bayozlardan joy olgan. Xulosa shuki, Ma'rufiy keyingi umri va ijodini batamom Buxoro bilan bog'laganligi ayon bo'ladi. U X asr boshlarida tug'ilib, shu asrning 70-yillari olamdan o'tgan bo'lishi ehtimol.
Ma'rufiyning ayrim she'rlari o'z vaqtida arab tiliga ham tarjima qilingan. Bu birinchi galda Ma'rufiyning shoir sifatidagi e'tirofini isbotlasa, boshqa bir tomondan uning Buxoro adabiy muhitidagi nufuzini tayin etishda qo'l keladi. Ma'rufiydan arabchaga tarjima qilingan she'rlar Saolibiyning «Yatimat ad-dahr» asariga kiritilishining o'zi katta gapdir, chunki har qanday shoirning she'ri ham tarjima qilinavermaganidek, «Yatimat ad-dahr» singari to'plamlarga ham kiritilavermagan. Shunday tarjimalardan biri Ibn al-Muammal degan shoir tomonidan amalga oshirilgan. Uning mazmuni quyidagicha:

Bo'lmasa menga sendan saxovat, 
Tuhfang umidi qalbda qabohat.
Sen ham menga o'xshash odamsan, 
Bil: Odam zotiga bosh egmasman.

Qizig'i shundaki, Ma'rufiyning boshqa yana ikkita forsiy ruboiysi bira to'la Abul Hasan Balxiy (vaf. 937) va noma'lum shoir tarafidan arabchaga tarjima etilgan. Bu hodisalar Buxoro adabiy muhitida badiiy tarjima sohasida shoirlar o'rtasida ma'lum o'zaro musobaqa va bahs mavjudligini ko'rsatuvchi holatdir.
Shoir va ijodkorlar zikrida gap ketar ekan, shuni taassuf ila aytish joizki, biz shu kungacha Muhtoj Chag'oniy (farazan 900-920), Abu Said Muzaffar (taxminan 920-930), Abu Bakr Muhammad (930-939) hukmronligi kezlari Chag'oniyonda yashab ijod etgan shoirlardan kimlar borligini bilmaymiz, buning uchun esa ko'plab qadimiy manba va sarchashmalarni erinmay o'rganib chiqish zarur. Ammo Abu Ali Chag'oniy davrida Chag'oniyonda yashab ijod etgan shoirlardan ayrimlarini bilamiz. Quyida shunday shoirlardan bir nechtasining hayot yo'li haqida fikr yuritiladi.
Abul Husayn Muhammad binni Muhammad al Murodiy Buxoriy. «Yatimat ad-dahr» muallifi as-Saolibiyning yozishicha, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan qasidalari bor ekan. Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni zabt etganda ko'plab shoirlar unga bag'ishlab qasidalar bitgan, shular qatorida Murodiy qasidalari ham mavjud. Biroq Murodiyning vafoti taxminan 940 yillar ro'y bergan va u Rudakiyning eng sevimli shogirdlaridan biri edi. Rudakiy hatto Murodiy vafoti munosabati bilan dillarni larzaga soluvchi, ko'ngillarni achchiq g'ulg'ulaga cho'lg'ovchi marsiya ham bitadi. Marsiya shunday boshlanadi:

Murd Murody na hamono, ki murd, 
Margi chunon xoja na korest xurd.

Mazmuni:

Murodiy o'ldi, o'ldi emas so'ldi,
Shunday xojaning o'limi, shunchaki ish emas.

Demak, Murodiyning Abu Aliga bag'ishlab yozgan qasidasi 938-940 yillarda bitilgan bo'lib chiqadi va bu davr Amir Nasr (914-943) hukmronligi davri edi. O'z-o'zidan ma'lumki, shoir Murodiy Buxoroda turib, Chag'oniyon amiri Abu Aliga qasida bag'ishlay olmas edi. Xulosa shuki, Murodiy taxminan bir oz davr Chag'oniyonda bo'lgan, bu Abu Bakr hukmronligi (930- 939)ning oxirgi yillari va Abu Ali hukmronligi (939-952)ning boshlang'ich yillari bo'lishini faraz qilish mumkin. Lekin voqealarning bundan ham ilgariroq sodir bo'lganini taxmin etish mumkin, buning uchun Rudakiy marsiyasining yozilgan sanasini tayin etish lozim. Rudakiy umrining oxirgi yillarini o'z yurti jonajon qishlog'i Panjrudda o'tkazadi, uning marsiyasi esa Buxoroda yozilgan. Aftidan ushbu voqealar 935-937 yillar oralig'ida ro'y bergan ko'rinadi, u holda yuqoridagi sanalar va adabiyotshunos M.Azimov («Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z», Surxon tongi. 2003. 3 dek.)ning shoir Murodiy amir Abu Aliga atab yozgan qasidasini Xuroson amiri qarorgohi Nishopurga yuborgan degan aqidalari ham o'z-o'zidan inkorini topadi. Abu Ali hali na Chag'oniyon amiri va na Xuroson noibi bo'lmasidan burun ham otasi Abu Bakrga dastyor bo'lib, davlat-idora ishlarida faol qatnashib turgan. Shoir Murodiy bo'lsa Abu Alini u Chag'oniyon amiri bo'lmasdan oldin ham tanigan va bilgan, shoir va amirning do'stligi Chag'oniyonda boshlanib Buxoroda davom etgan. Chunki chuqur falsafiy mushohada tizimida qurilgan, fikran teran, mantiqan mazmunli qasidada bir kun-ikki kun tanish odam tasviri emas, balki uzoq yillik qadrdon ta'rifi ifoda etilgan. 
Qasida (arab tilida yozilgan)ning mazmunini adabiyotshunos olim M. Azimov (Abu Ali Chag'oniy kim bo'lgan? Surxon tongi. 1997. 4 apr.) matniga suyangan holda keltiramiz:

Ilmni ko'p sarflab odamlarni o'rgandim, 
Lekin sendayini zinhor uchrata olmadim.
Senga o'xshaganlar jahonda kam topiladi, 
Qiliching zarbini, uning dushmanlarga-
Sanchilishini aniq ko'rib turibman. 
Sen tirik ekansan, yo'ldan hech kim adashmaydi, 
Adashgan tayanchini qilich zarbi yemiradi, 
Ko'lingdan saxovat va halokat ?g'iladi.
Senga bo'ysunmagan omonlik topmaydi, 
Senga ergashgan esa farovonlik topadi.

E'tibor berilsa, qasidada Abu Alining o'z davri uchun nechog'lik ulkan nufuzga ega tarixiy shaxs ekanligi ro'y-rost tavsiflanmoqda. Tarixdan ma'lumki, Somoniylarga barcha amirlar to'da-to'da xiroj to'lasa, Abu Ali Buxoroga Chag'oniyon amirligi nomidan atigi ramziy tuhfalar jo'natib turgan.
Murodiy arab va fors-tojik tilida ijod etgan, shoirning she'rlar devoni elaro mashhuru manzur bo'lgan. Murodiy ijod bisotiga taalluqli fors-tojik tilidagi she'rlardan bizning davrimizgacha ayrim namunalargina yetib kelgan. Shoir o'z she'rlarida axloqiy-ta'limiy, ma'rifiy-ma'naviy g'oyalarni tajassum etadi:

Az hashamu ganj chy faryodu sud, 
Marg kunad bar sari tu toxtan.

Mazmuni:

Boshing uzra o'lim charx urib turganda, 
Hasham va xazinadan foyda nechun.

Basharti, baytning ichki ma'nosiga chuqurroq qarasak, undagi mantiq quyidagicha oydinlashadi: hashamatli hayotdan, erishilgan baxtdan shodlanish befoyda, chunki o'lim haq, o'lim muqarrar.
Yuqorida zikr etilgani kabi Abu Ali Chag'oniy 947 yili Buxoroni ishg'ol etganda buxorolik qalam ahlining aksari unga bag'ishlab qasidalar bitgan edi. Shoirlardan Abu Tayyib at-Tohiriy va Abu Ahmad Muhammad ibn Abdulaziz an-Nasafiy qasidalari alohida e'tiborga molik. At-Tohiriy qasidasi mazmunidan 947 yil voqealari bahor (Narshaxiyning xabaricha, voqealar qishda)da ro'y berganini bilib olsak, an-Nasafiy qasidasidan Abu Ali Chag'oniyning siyosiy maydondagi obro'yining naqadar ustuvorligini anglab olish u qadar qiyin emas. Al-Murodiy, at-Tohiriy, an-Nasafiy qasidalarining barchasi arab tilida bitilgani hamda bu qasidalar as-Saolibiyning «Yatimat ad-dahr» asarida keltirilgani muhimdir.
Daqiqiy (930-977). Abu Mansur Muhammad ibni Ahmad Daqiqiy nufuzi jihatidan fors-tojik adabiyotida buyuk Rudakiydan keyin ikkinchi o'rinda turadi va bu fanda allaqachon o'z isbotini topgan. Daqiqiy haqida Beruniy (973-1048) «Al-osor al-boqiya» (1000), Muhammad Avfiy (1170-1233) «Lubob ul-albob» (1221), Abduraxmon Jomiy (1414-1492) «Bahoriston», Lutf Alibek Ozar «Otashkada» (XVIII asr) asarlarida va boshqalarning kitoblarida ma'lumotlar bitib qoldirilgan. Beruniy shoirni balxlik, Avfiy tuslik, Lutf Alibek samarqandlik deydi va bu bahslar keyingi asrlarda ham davom etadi hamda shoir goh Buxorodan, goh Marvdan, goh Hirotdan deyiladi. Beruniy boshqalarga nisbatan Daqiqiy zamoniga yaqin yashagan, shuning uchun shoirning asli balxlik ekaniga shubha qilmasa ham bo'ladi. Avfiyning «Lubob ul-albob» tazkirasi Daqiqiy davridan 250 yil keyin yaratilganiga e'tiborni jalb etmoq lozim.
Beruniy shoirni Abu Ali Muhammad ibn Ahmad Balxiy tarzida, Avfiy esa Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy shaklida tilga olib o'tadi. Har ikki holatda ham Muhammad ibn Ahmad, ya'ni ismi-sharif bir xil, faqat kunya (Abu Ali va Abu Mansur)lar va taxallus (Balxiy va Daqiqiy)lar turlicha. Beruniy tilga olgan shoir Daqiqiy ekani V. V. Bartold, N. O. Osmonov, I. V. Braginskiy, B. F. Livshis, E. V. Rtveladzelar tarafidan tasdiqlangan. Zero, «Shohnoma»ni ilk bor nazm injusiga aylantirgan shoir Daqiqiyligi hammaga ma'lum, demak, Beruniy eslatgan ash-shoir Daqiqiydan bo'lak hech kim emas.
Endi Daqiqiyning Abu Ali va Abu Mansur kunyalariga kelsak. Shoir taxminan 950 yillarda Chag'oniyonga keladi va Abu Ali vafotidan so'ng ham shu yerda bo'lib xizmatni davom ettiradi. Agar Daqiqiyning 970 yilgacha Chag'oniyonda bo'lgani taxmin etilsa, u holda shoir qariyb 20 yil Chag'oniylar xizmatida bo'lgan. Ana shu uzoq yillik qadrdonlik evaziga Daqiqiy o'z homiylari Abu Ali Ahmad Chag'oniy va Abu Mansur Nasr Chag'oniy (ota-bola)larning kunyasini o'ziga kunya tariqasida qabul qiladi.
Qadimiy manbalarda Daqiqiyning Abu Ali Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad tarzida atalganini faraz qilsak, birinchi kunya asta-sekin tushib qola boshlagan va shoirni Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad deb atash odatga aylanadi. Kunya so'zi arablardan kelgan, ularda otani to'ng'ich o'gil farzand ismi bilan atashgan. Chunonchi, hazrat Ali akasining ismi Tolib edi, shundan Alining otalarini Abu Tolib (Tolibning otasi) deyishgan. Ammo keyingi davrlarga kelib, kunya tanlash, kunya olish, kunya qo'yish an'anasi boshqacharoq tus oladi, ya'ni erkinlik vujudga keladi, kunyani kishilarga aksar piru murshidlar tanlab beradigan bo'lib qoladi.
Avfiy negadir Abu Said Muzaffar Chag'oniy (929- 930) va Abu Bakr Muhammad Chag'oniy (930-939)ni bir kishi deb hisoblaydi hamda Daqiqiy qasidalari Chayuniyon amiri Abu Said Muhammad Muzaffarga bag'ishlangan, deydi. Vaholanki, Abu Saidning ismi Muzaffar, Abu Bakrning ismi Muhammaddir, Daqiqiy qasidalari bo'lsa Abu Ali va Abu Mansurga bag'ishlangan. To'g'ri, qasidalarda goho Abu Said va Abu Bakr ismlari uchraydi. Daqiqiy qasidalarida Abu Ali va Abu Mansurni madh etar ekan, kezi-kezida ularning buyuk ajdodlari Abu Said va Abu Bakrlarga ham ishora qilib o'tadi. Bu esa qasidanavislik qoidasiga binoan o'ziga xos lirik chekinish bo'lib, tabiiyki, bu hol Abu Ali va Abu Mansurlarga xush ?qar edi. Boisi Abu Aliga Abu Bakr ota bo'lsa, Abu Said bobo edi, Abu Mansur esa Abu Bakrga' nevara va Abu Saidga chevara edi.
Daqiqiy uzoq yillar Chag'oniyondek go'zal voha bag'rida yashadi, shu zaminda ijodi kamol topdi, dovrug'i elga yoyildi, muxlislari ko'paydi. Shoir turli shaharlarni kezdi, qadimiy ajdodlar tarixini o'rgandi, u Tus, Hirot, Samarqand kabi shaharlarda bo'ladi, tasavvurini boyitadi, katta taassurotlar oladi. Nihoyat, Buxoroga boradi, bu taxminan 970 yilga mos tushadi, o'lkada bu paytlar Somoniy Mansur ibn Nuh (962-976) hukmron edi. Ana shu tariqa Daqiqiy o'z taqdirini endilikda mamlakat poytaxti Buxoro bilan bog'laydi va bu yerdagi fozilu fuzalolar, olimu donishmandlar, shoiru adiblar ila tanishadi, saroy ahli orasida obro'-e'tibor qozonadi. Daqiqiyning shoirlikdagi iste'dodi, qadimiy tarixni yaxshi bilishi tez orada uning adabiy doiradagi nufuzini oshiradi. Mansur ibn Nuh vafotidan so'ng taxt tepasiga uning o'g'li Nuh ibn Mansur (976-997) keladi. Nuh ibn Mansur shoir Daqiqiyni ilgaridan yaxshi bilar edi, shuning uchun hech ikkilanmay shoirga nasriy «Shohnoma»ni she'rga solishdek mas'uliyatli vazifani bajarishga farmoni oliy beradi. Bu Daqiqiy iste'dodiga, uning bilim va saviyasiga yuksak ishonch bo'lishi barobarida, shoir g'animlarining alamiga sabab ham bo'ladi. Daqiqiy bir she'rxonlik bazmi kechasi o'z uyida nokas quli tomonidan pichoqlab o'ddiriladi, bu paytga kelib u «Shohnoma»ning bir ming uch baytini yozgan edi. Shu bir ming uch bayt «Shohnoma» turkumiga kiruvchi «Gushtospnoma»ning nazmi bo'lib, uni Firdavsiy (934-1026) mutlaq o'zgarishsiz o'z «Shohnoma»si tarkibiga ilova etadi. Oqibatda Daqiqiy qalamiga mansub bir ming uch baytli «Gushtospnoma» bizning davrimizgacha bezavol yetib kelgan. Daqiqiy mabodo tu-gallanmay qolgan «Gushtopsnoma»ni 976 yili yoza boshlagan bo'lsa, unga shu bir ming uch baytni yozish uchun ko'p fursat shart emas edi. Demak, shoir vafoti 977 yilga to'g'ri keladi, buni Firdavsiy «Shohnoma»sining 980 yilda yozila boshlagani va uning debocha qis-mida Daqiqiyning marhum sifatida eslatilishi ham to'kis isbotlaydi. Shu munosabat bilan Daqiqiyning tavallud sanasi ham ancha ravshanlashib qoladi, basharti, u yigirma yoshlari (ya'ni 950 yil)da Chag'oniyonga tashrif buyurgan bo'lsa, shoir 929 yil yoki 930 yilda dunyoga kelgan bo'ladi.
Daqiqiy she'riyati o'zining oshiqona mazmuni, hikmatona talqini va ma'naviy mohiyati bilan kishilar qalbini hanuz zabt etib keladi. Shoir she'rlarida payg'ambar Zardusht nomi ko'p uchraydi. Biroq otashparastlik aqidalari mavzuiga murojaat etishlar shoirni zardushtiy mazhab yoki otashparast deyishga asos bo'la olmaydi. Ammo Daqiqiy komil bir musulmon sifatida o'tmishni anglashga intilgan shoirdir, xolos. Daqiqiy she'riyatida faylasufona g'oyalar, hikmatga aylanib ketgan ta'birlar juda ko'p:

Go'yand sabr kun, ki turo sabr bardihad,
Ore, dihad, valek ba xuni jigar dihad.
Man umri xeshro ba sabury guzoshtam,
Umri digar biboyad, to sabr bar dihad.

Mazmuni:

Derlar: sabr qil, sabrdan murod hosil, 
Bu rost, lek u jigarni aylar sil. 
O'tdi sabrda umrim, boshqa umr ber,
Shoyad o'shanda sabr bersa hosil.

Daqiqiyning «Gushtospnoma» dostoni Balxda Luhrosp shohning taxtni o'g'li Gushtospga topshirish voqealari bilan boshlanadi. Doston debochasida, shuningdek, Gushtospning Rum qaysari qizi Nohidga uylanishi, undan Isfandiyor va Bashutan ismli o'g'illarning tug'ilishi gapiriladi. Shundan so'ng Balxga Zardushtning kelishi va uning dinini shoh Gushtosp qabul qilishi xikoya qilinadi. Shu tariqa, shoh Gushtosp va shoh Arjosp o'rtasida mazhab borasida nifoqning paydo bo'lishi, ikki o'rtada ro'y bergan jang va bu jang oqibatida begunoh kishilarning halokati tasvirlanadi. Eron va Turon jangining oxiri ko'rinmaydi, jang maydoni majruh va o'liklar bilan limmo -lim, atrof rutubatli. Chang-to'zon, gard-gurd borliqni o'ragan, dashtu cho'l batamom lola rangli qonga bezangan:

Zaminho pur az kushtavu xasta bud,
Rahi bodro gard barbasta bud.
Daru dashtho shud hama lolagun, 
Ba dashtu biyobon hama raft xun.

Daqiqiy «Gushtospnoma»si 24 bobdan iborat va uning tugallanmay qolganini aytdik. Shoirning bexos o'limi bu xayrli ishni to'xtatib qo'ygan edi. Firdavsiy salafi Daqiqiy «Gushtospnoma»siga to'qqiz bob qo'shib dostonni oxiriga yetkazadi va uni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, «Shohnoma» tarkibiga ilova qila-di. Daqiqiy badiiy ijodning turli janrlarida ijod etadi. Uning ijod bisotiga taalluqli qasidalaridan parchalar, oshiqona g'azallaridan namunalar, qitalaradan ayrim baytlar, she'rlaridan ba'zi parokanda misralar, tugamay qolgan «Gushtospnoma» va boshqalar bizgacha yetib kelgan.
Daqiqiy ijodiyoti haqida gapirganda Fardavsiyning Daqiqiyga bahosi, alalxusus, Daqiqiy «Gushtospnoma»siga Firdavsiy bahosi va Firdavsiy tomonidan Daqiqiyning tanqid etilishi hamda Daqiqiy va Beruniy bilan bog'liq masalalar ancha muhim qutblarga ega. Bu masalalar bilan bog'liq fikr-o'ylar yoki tadqiqotlar kelajak ishlar zimmasiga yuklanadi.
Tohir Chag'oniy (vafoti 992 yil). Chag'oniyon amiri va o'z davrining ko'zga ko'ringan davlat arbobi, iste'dodli shoir Tohir Chag'oniy hayotini, ijodini o'rganish, avvalo, Chag'oniyon adabiy muhiti bilan borliq X asr oxirlariga oid ko'plab jumboqlarni hal etishda qo'l kelishi bilan g'oyat muhim. Tohir Chag'oniyning tavallud yili aniq emas, vafot yili bir qadar aniqlangan, ammo bu borada ayrim bahsu munozaralar mavjud. Chunonchi, Muhammad Qazviniy (1877-1949) aniq sanani aytmay, manbaga ishora qilmay, Tohir o'z amakivachchasi Abu Mansur Nasr (952-976) o'rniga amir bo'lganini ta'kidlaydi va Tohirning vafoti sanasini 987-988 yillar deydi. YE. E. Bertels ham aynan shu fikrda, faqat uning aytishicha, Tohirdan so'ng Chag'oniyon taxtiga Faxr ad-Davla Muzaffar Ahmad binni Muhammad chiqqan. Afg'on olimi Muhammad Muhsin bo'lsa Tohirni 992 yidda halok bo'lgan va bu halokat amakivachchasi Abul Muzaffar binni Muhammad bilan Chag'oniyon taxti uchun jangda sodir etilgan degan aqidani ilgari suradi. Bizningcha, Muhsin bu aqidani 3. Safo kitobi(«Torixi adabiyot dar Eron».-Tehron,1388) dan olgan ko'rinadi. Endi tarixiy manbalarga murojaat qilsak aslida unday emasligi ayon bo'ladi. Jumladan, muarrix Abu Nasr Muhammad al-Utbiy (961-1036)ning «Sharhi Yaminiy»da (bu asar Mahmud G'aznaviy haqida) yozishicha, Amir Abu Yahyo Tohir 991-992 yillari Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Foiqqa qarshi jangda Balx qamali payti halok bo'ladi.
Akademik E. V. Rtveladzening ta'kidicha, Tohir Chag'oniy Guzgon amiri Abul Xoris Muhammad binni Ahmad (hukmronligi 987-989) o'rniga amir bo'lgan. Chag'oniyon amiri Qosim al-Hasan binni Ahmad nomi bilan 987-988 yillarda zarb etilgan mis tangalar hisobga olinsa, unda Guzgon amiri Abul Xoris 986-989 yillari qanday hukmronlik qiladi? Har holda Tohir Chag'oniy amakivvachasi Abul Qosimdan so'ng hukmronlik qilgani haqiqatga yaqin va bu hodisalar 988-992 yillarda ro'y bergan. Shunday qilib Tohir Chag'oniyning vafoti va hukmronligi sanalari aniq bo'lgan holda uning tavalludi sanasi hozircha ochiq qoladi. Bundan tashqari adabiyotshunos Muhsinning 3ebuhillo Safo fikrlariga tayanib Tohir taxt talash kurashlarida Abul Muzaffar tarafidan mahv etilgani talqini esa inkor etiladi. Masalan, amir Abul Muzaffarga shoir Munjik Termiziy bag'ishlagan qasidada Tohir Chag'oniy marhum sifatida ehtirom ila eslatiladi. Bu esa ikki amir o'rtasida taxt bilan bog'liq mojaro yoki siyosiy muxoliflik mutlaqo yo'qligini isbotlovchi aniq dalildir.
Tohir Chag'oniy hukmronligi davrida Chag'oniyonda adabiy muhit uchun ma'lum imkoniyatlar yaratilgani tarixiy manbalarda e'tirof etiladi. Misol uchun «Ash'ori hamasroni Ro'daky»da Tohir zamoni adabiy muhiti doirasi namoyandalari sifatida Ma'rufiy, Daqiqiy, Munjik, Labibiy singarilar eslatiladi. Yuqorida eslatilgani kabi Ma'rufiy va Daqiqiylar Tohir Chag'oniy davridan ancha ilgari Chag'oniyonda bo'lgan, chunonchi, Ma'rufiy 925-935 yillari, Daqiqiy 950-970 yillari Chag'oniyonda edilar. Bu Tohir davridan qariyb 40-60 yil ilgari sodir bo'lgan voqealardir. Endi Munjik va Labibiyga kelsak, Munjik, darhaqiqat, Tohir zamonida Chag'oniyonda edi va u bilan Bade'iy birga bo'lgan hamda har ikkisining Tohirga bag'ishlangan qasidalari bor, Labibiy bo'lsa Abul Muzaffar davrida Chag'oniyonda bo'lgan.
Yuqorida ta'kidlangani kabi Abul Abbos Fazl, ya'ni Abu Ali Chag'oniyning inisi Tohirning otasidir. Abul Abbosni Abu Ali 945 yilda Jabal viloyati (Tus, Ray va Shirvon tomonlar)ga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Abul Abbos akasi Abu Alining xohish-irodasiga qarshi o'laroq Buxoroga, Amir Nuh ibn Nasr (943-954) qoshiga ketib qoladi va unga xizmat qila boshlaydi. Nuh ibn Nasr Chag'oniyon amirzodasini yaxshi qabul qiladi va hatto Abul Abbosni Shosh (Toshkent) viloyati hokimi etib tayinlaydi.
Tohir Chag'oniy shoirparvar va she'rdo'st amir bo'libgina qolmay, o'zi ham durustgina shoir bo'lgan, arab tilidan forschaga she'rlar tarjima qilgan. Hatto uning she'rlaridan namunalar Umar ar-Roduyoniyning «Tarjimonul balog'a» asarida keltiriladi:

Bar mamlakat savor nagashty tu az guzof,
V-ozodagont banda nagashtand xer-xer.
Edun ba mavqey ba madoroi ro'zgor,
K-az nesh no'sh makki v-az boda shiri sher.

Mazmuni:

Sen davlatda qilichsiz ham sarvar, sardor,
Oqsuyaklar senga jabr-sitam ila tobe emas,
Hayotda sen haqiqiy mavqega egasan, 
Sening qahringdan chaqqan ilon zahri ham
Beta'sir va sherni bemalol sog'a olasan.

Bade'iy Balxiy. Abu Muhammad Bade' binni Mahmud Balxiyning tavallud va vafoti sanalari aniq emas. U Tohir Chag'oniy mulozimlaridan bo'lgan, bu X asrning so'nggi choragiga to'g'ri keladi. Buni shoirning bir qasidasidagi quyidagi misralar to'liq tasdiqlaydi:

Ba yodi sayidi xurroni olam,
Abulyahyo-l-lazy yuhyo bixi-l-iz.

Mazmuni:

Abulyahyo, ya'ni Tohir Chag'oniy tufayli,
Olamda sayyidlikka sazovorlar yodi qayta tiklandi.

E'tibor berilsa, Bade'iy qasidasi Tohir Chag'oniy, ya'ni Abulyahyoga bag'ishlanganini bilib olish qiyin emas, zero, Abulyahyo amir Tohir Chag'oniyning kunyasi, Tohir esa ismi, Chag'oniy bo'lsa taxallusidir.
«Majma' ul fusaho» muallifi Rizoqulixon Hidoyat (XIX asr) «Rohat ul inson» nomli asarni Bade'iyga nisbat beradi. Ammo ana shu muallifi bahsli «Rohatul inson» asari Said Nasifiy (1896-1966) isbotlaganidek, X asrda yaratilgan emas, balki uning til xususiyatlari XI asr mahsuli sifatida qaralmog'ini taqozo etadi. Rizoqulixon Hidoyat bir xato bilan cheklanib qolmaydi, balki Bade'iy qalamiga mansub she'riy parchalar «Lubob ul-albob»da keltirilishiga qaramay, ularni boshqa shoir Badoyoniyniki deydi. Yuqoridagi chalkashliklar bekorga kelib chiqmagan, chunonchi, Bade'iy ijod bisotiga tobin she'riy namunalar bayoz, lug'at va tazkiralarda keltirilar ekan, goho g'alat ravishda Munjik Termiziyniki ham deyiladi.
Shoir Bade'iydan yetib kelgan ozgina she'riy parchalar bilan tanishuv uning iqtidorli san'atkor adib ekanini tasdiqlaydi. Uning she'rlarida davr voqealariga, zamon hodisalariga ishoralar barobarida tabiat ko'rki, ma'shuqa zeboligi tarannum etiladi:

Havo ro'i zaminro shud mutarriz, 
Ba sofy obi daryo ne ba qirmiz.
Nafiri abri farvardin baromad.
Fitad andar sipohi gul hazohiz, 
Zi rangi rog' rangi hulla hayron,
Zi bongi murg' bongi rud ojiz.

Mazmuni:

Havo zamin yuzini qirmizi rang bilan emas,
Balki daryoning sof suvi bilan bezadi.
Farvardin bulutlari na'ra tortmoqda,
Osmondan yerga gul sipohlarin tashladi, 
O'tloq rangidan libos rangi hayron,
Qush ovozidan rud ovozi ojizdir.

Labibiy. Shoirning to'liq nomi manbalarda uchramaydi, uning nomi Avfiyning «Lubob ul-albob»ida ham xuddi shu xilda beriladi. Qolaversa, shoirning qayerlik ekani ham ma'lum emas, faqat uning G'aznada G'aznaviylar saroyida uzoq yillar xizmatda bo'lganligi va G'aznaviy sultonlarga bag'ishlab qasidalar yozgani ma'lum. Ammo, eng muhimi, Labibiy o'z ijodiy faoliyatini aynan Chag'oniyon amirlari saroyida boshlagan, bu hodisa to'liq dalillar bilan isbotlangan. Darhaqiqat, Labibiy ham boshqa qator mashhur shoirlar singari Chag'oniyon yurtida bo'lib, bu yurtning so'lim go'shalarini kezib shoirlik iste'dodini shu zamin, shu tuproq, shu o'lka saxovati bilan yo'g'irgan edi.
Labibiy ijodi haqida tarixchi Bayhaqiy, tazkiranavis Avfiy ma'lumotlari bilan birga yana shoir hayoti va ijodi xususida Ustod Xaliliy, 3. Safo, YE. E. Bertels va boshqalarning ishlarida qisqacha bo'lsa-da, xabarlar uchraydi. Masalan, Ustod Xaliliy shoirning ikkinchi bir taxallusi Adibiy ekanligiga ishora qiladi. Xaliliy shoirni: «Maddohi Yusuf binni Nosiriddin barodari Sulton Mahmud ast», ya'ni «Sulton Mahmudning birodari Yusuf binni Nosiriddinning maddohi (kuylovchisi) edi», deya Avfiy ma'lumoti takroridan nariga o'tmaydi va «Lubob ul-albob»dagi o'ttiz ikki baytli qasidani to'liq keltiradi, qasida ushbu matla' ila ibtido topadi:

Chu barkandam dil az didori dilbar,
Nihodam mehri xursandy ba dil bar.

Mazmuni:

Dilbar uchrashuvidan ko'nglimni uzdim,
Mehr xursandchiligini dil oluvchiga bag'ishladim.

Biroq qasidaning Xaliliy matni bilan Eron olimi Muhammad Dabirsiyoqiy (Ganji bozyofta. Tehron, 1334) to'plamiga ilova etilgan qasida hajmi o'rtasida farqlar juda katta. «Sabaqi Ro'daky» (Dushanbe, «Irfon», 1994) to'plamini nashrga tayyorlagan professor A. Abdullayev shoir Labibiy qasidasini Muhammad Dabirsiyoqiy nashriga tayanib, ellik to'qqiz baytli qasidadan qirq baytining nashrini amalga oshirgandir.
Labibiyning Abul Muzaffar Chag'oniyga bag'ishlab yozgan qasidasi tarixi o'ta qiziq va g'aroyib, chunki Avfiy qasida Mahmud G'aznaviyning ukasi Yusuf binni Nosiriddinga atab bitilgan deydi. Rizoqulixon Hidoyat («Majma'ul fusaho») bo'lsa qasida muallifi sifatida Farruxiyni tan oladi, hatto shu qasida g'alat ravishda Manuchehriy devoni tarkibiga ham kiritilgan ekan. Anglashiladiki, Avfiy qasida egasi Labibiy ekanini aniq ko'rsatgan holda qasidaning mamduhi masalasida jiddiy adashgan. Xulosa shuki, Dabirsiyoqiy to'g'ri isbot etganidek, Labibiyning bu qasidasi Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarga bag'ishlangan va qasida ma'lum hasbi hol xususiyatiga ega.
Labibiy o'z davrining yirik shoiri edi, uning badiiy merosiga qiziqish katta bo'lgan. Hatto «Tarjimonul balog'a» muallifi Umar ur-Roduyoniy (XI asr) badiiy san'atlar munosabati bilan adib ijodiga murojaat etar ekan, undan Farruxiy vafotiga bag'ishlangan qit'ani al mutazod (tazod - qarshilantirish) san'atiga misol tariqasida keltiradi:

Gar Farruxy bimurd, charo Unsury namurd?
Pire bimond deru javone biraft zud.
Farzonaye biraftu zi raftan-sh har ziyon, 
Devonaye bimondu zi mondan-sh hech sud.

Mazmuni:

Farruxiy o'ldi, nechun Unsuriy o'lmadi?
Qari kech qolib, yosh tez ketar.
Dono ketdi, ketgani koni zarar, 
Nodon qoldi, qolganidan ne foyda.

Bu qit'a tazod san'atining oliy namunasi. Misol uchun: bimurd (o'ldi) - namurd (o'lmadi), pir (qari) - javon (yosh), bimond (qoldi) - biraft (ketdi), der (kech) - zud (tez), farzona (dono) - devona (nodon), ziyon (zarar) - sud (foyda) va hokazo.
Labibiy Chag'oniyonda qancha fursat bo'lgani aniq emas, har qalay shoir XI asr boshlarida bu yurtga tashrif buyurgan bo'lishi ehtimol. Zotan, Abul Muzaffarning Chag'oniyondagi hukmronligi 992-1010 yillar oralig'iga to'g'ri keladi, demak, Labibiy ham Farruxiy singari avval Chag'oniyonga keladi va so'ngra G'aznaga, Sulton Mahmud (971-1030) saroyiga yo'l olgan. Labibiyning ham 1004-1008 yillar o'rtasida Chag'oniyonda bo'lganini faraz qilish mumkin va ajab emaski, u ayni shu yerda Farruxiy bilan uchrashib tanishgandir. Chunki Farruxiy vafoti (1037) munosabati bilan Labibiy yozgan qit'a davrlar osha mashhur bo'lib keldi va o'sha mustahkam do'stlikning yuksak namunasi bo'lishi mumkin. Labibiy do'sti Farruxiy vafotidan keyin ham uzoq yillar Sulton Mahmud o'g'li Sulton Mas'ud (hukmronligi 1030-1041) saroyida xizmatda bo'lgan ko'rinadi.
Farruxiy (980-1037). Abulhasan Ali Chulug' Farruxiy Seyistoniy - zamonasining shirin kalom shoiri, she'riyatda o'z uslubi, o'z usuli, o'z yo'liga ega so'z san'atkori. Adibning ismi Ali, kunyasi Abulhasan, taxallusi Farruxiy (Farrux-muborak, go'zal, ulug', baxtiyor), otasining ismi Chulug', tug'ilgan maskani Seyiston, yoshligi Seyiston dashtlarida o'tgan, shoirliqdagi kamolotini ona diyorida topgan. Farruxiyning hayot yo'li va ijod usuli haqida manba hamda adabiyotlarda ko'p gapiriladi. Shoir xususidagi ilk xa-bar Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Chahor maqola» (1156-1157) sida beriladi (asarning asl nomi «Majm'un navodir» - «Nodir to'plam»dir). Ikkinchi xabar Avfiyning «Lubob ul-albob» tazkirasida keltiriladi, uchinchi axborot Davlatshoh Samarqandiy (1437-1495)ning «Tazkirat ush-shuaro» (1487) sida zikr etiladi. Davlatshoh shoirni termizlik va uning «Tarjimon ul balog'a» nomli asari borligini aytadi, shoirning termizlik deyilishiga bois u ma'lum vaqt Chag'oniyon amirlari saroyida bo'lgan. Ana shu Chag'oniyon bilan bog'liq voqealar Davlatshohni chalg'itgan bo'lsa ajab emas. «Tarjimon ul balog'a» asari masalasiga kelsak, asarning muallifi Umar ur-Roduyoniy ekanligi tasdiqlangan, ammo bu Farruxiyning ham shu^nomli asari borligini inkor etadigan dalil emas. O'tmishda ichki mazmuni turlicha, nomi bir xil asarlar son mingta edi, ammo Farruxiyning shu nomli asari bor-yo'qligi hozirgacha aniqlangan emas.
«Chahor maqola»da hikoya qilinishicha, Farruxiy uylangach, ro'zg'or tashvishlari ko'payadi, sarf-xarajatga ehtiyoj oshadi. Farruxiy ana shu kezlar, ya'ni ahvoli tanglashgan paytlar Chag'oniyon amiri Abul Muzaffarning she'rdo'st va shoirdo'st ekani, shoirlarga g'amxo'ru hamdastligini eshitib, Chag'oniyonga oshiqadi. Seyiston va Chag'oniyon orasidagi masofa juda uzoq edi, Farruxiy yo'l azobiga bardosh berib, yirtiq choriqda, kir-chir kiyimda Chag'oniyon tuprog'iga kirib keladi. Shoir yo'l-yo'lakay Abul Muzaffar Chag'oniyga atab qasida to'qiydi, uning matla'i (boshlanishi) quyidagicha:

Bo korvoni xulla baraftam zi Siston, 
Bo hullai tanida zi dil, bofta zi jon.

Mazmuni:

Libos karvoni bilan jo'nadim Seyistondan,
Libosi ipi dilim, matosi esa jondan.

Farruxiy qasidani Amir Abul Muzaffarning kadxudo(ish yurituvchi)si Amid Asadga taqdim etadi. Amid Asad she'riyatni dildan sevar edi, qasidaning latifligi, ustodona bitilgani unga xush ?qadi. She'rning mazmuni bag'oyat yuksak, ammo shoirning libosi yirtiq, kovushi eski, oyog'i kir, boshida katta beo'xshov seyistoniy salla, bular Amid Asadni shubhaga soladi. Amid Asad oldida turgan shaxsning shoirligiga ishonmaydi va uni sinab ko'rish maqsadida hozir amir ovulga chiqqani, uning dog'goh (otlarga tamg'a bosiladigan joy)da ekani, u yerning so'limligi, atrofning ko'kalamzorligi, xullas, tabiatning go'zal in'omi bo'lmish ajoyib bir maskan haqida tasavvur beradi. Amid Asad shoirga shularni naql qilib ertaga dog'gohga birga ketishini aytadi, o'z galida Farruxiy kechasi bilan uxlamay dog'goh haqida bir qasida yozib chiqadi. Ertasiga shoir qasidani Amid Asad qo'liga tutqazadi, qasida Amid Asadga shu darajada ta'sir qiladiki, u hamma ishini yig'ishtirib Farruxiyni olib dog'gohga yo'l oladi. Dovrug'i olamni tutgan va ko'plab rivoyatlarga sabab bo'lgan «Dog'goh» nomi bilan ataluvchi mashhur qasida ana shu tariqa dunyoga kelgan edi. Amid Asad shoir Farruxiyni olib dog'gohga yetib kelgach, Amir Abul Muzaffar huzuriga kirib, shunday bir tengsiz so'z san'atkori olib kelgani, Daqiqiy vafotidan so'ng olamda bu xil shoirni ko'rmaganini aytadi.
Xullas, tungi bazm boshlanadi, gulxanlar ?qilgan, saroy a'yonlari, arkoni davlat, sozanda, xonanda, bozandalar hoziru nozir. Sozandalar kuy chaladi, xonandalar xonish etadi, bozandalar chiroyli raqsga tushib, xirom aylamoqda, chor atrofga sho'x kulgi jarangi, ta'sirli ashula ohangi taraladi. Navbat Farruxiyga yetadi, u o'zining «Bo korvoni hulla» («Libos karvoni bilan») so'zlari bilan ibtido topuvchi qasidasini chang jo'rligida chiroyli ovoz bilan xonish qiladi:

Man bandaro ba she'r bale dastgah nabud,
3-in pesh, v-arna madhi tu meguftame ba jon.
V-aknun ki dastgoh qavy gashtu dast niz,
Be madhu tu maro napaziruft Siston.

Mazmuni:

Men bandaga she'r yozishga yo'q edi imkon, 
Unda madhing oldidan qilardim jon debon.
Endi sharoit ham yaxshi, qo'l ham uzun, 
Seni kuylamasam qabul etmas Seyiston.

Shoirga olqishlar ?g'iladi, bazmi jamshid davom etadi. May ta'siridan boshlar sarxushga, qalblar junbishga kirgan bir onda Farruxiy chang jo'rligida «Dog'goh» qasidasini qiroat qiladi:

Chun parandi nilgun bar ro'y po'shad marg'zor,
Parniyoni haftrang andar sar orad ko'hsor. 
Xokro chun nofi ohu mushk zoyad beqiyos,
Bedro chun parri to'ty barg ro'yad beshumor.
Do'sh vaqti nimshab bo'i bahor ovard bod,
Xabbozo bodi shamolu xurramo bo'i bahor. 
Bod go'y mushki suda dorad andar ostin,
Bog' go'y lo''batoni soda dorad dar kanor

Mazmuni:

Ko'k harirdan yuziga yopgan ro'molin sabzavor,
Yetti xil rang ipaklarini boshga soldi kuhsor. 
Yor ohuning kindigidek mushkin sochdi beqiyos,
Tol to'tining parridek bargini yozdi beg'ubor. 
Kecha tong chog'i bahorning hidini yoydi sabo,
O, nechuk dilkash sabo, qanday xumor hidli bahor,
Bog'da go'yoki go'zallar jilvasidek bir husn,
Yelning go'yo etagida maydalangan mushki bor.

(Mahmud Hasaniy tarjimasi)

Qasidani eshitgan Amir Abul Muzaffar behad ta'sirlanadi. She'rning kuchi, she'rning quvvati amirni saxovatga chorlaydi va u shoirga dog'gohdagi toychoqlaridan istaganicha ushlab olishga izn beradi. Farruxiy kayfning zo'ri bilan toychoqlarni kechasi bilan quvib, xorib-charchab ulardan qirq ikkitasini bir buzuq rabotga haydab kiritadi. Amir Abul Muzaffar shoir Farruxiyning qasidalarini yuksak qadrlaydi, yuqori baholaydi va unga bitta yasatilgan ot, ikkita chodir, uchta xachir, beshta qul, libos va gilam in'om etadi. Farruxiyning Abul Muzaffar Chag'oniy xizmatida bo'lgan paytlari ishlari yurishib ketadi va ahvoli yetarli darajada yaxshilanadi.
Farruxiy Chag'oniyonda bo'lgan chog'lari Amir Abul Muzaffarga bag'ishlab uchta va Amid Asadga atab bitta qasida bitgan edi. Amirga atab bitilgan uchinchi qasidani shartli ravishda «Mehrgon qutlovi» deb nomlash mumkin, zero, qasidada Abul Muzaffar mehrgon bayrami bilan muborakbod etiladi. Mehrgon bayrami kuzgi teng kunlikka to'g'ri keladi, bu Mezon oyining birinchi (21 sentabr) kuni bo'ladi. Farruxiyning «Dog'goh» qasidasida bahor ayyomi tasviri beriladi, «Mehrgon»da bo'lsa kuz fasli tabiatiga xos manzaralar aksini topgan. Shoirning Chag'oniyonga tashrifi bahor faslida amalga oshgan, buni «Dog'goh» qasidasining baytlaridan osongina bilib olish mumkin:

Nastaran lo''lo'i bayzo dorad andar marsala, 
Arg'uvon la'li Badaxshi dorad andar gushvor.

Mazmuni:

Na'matak bag'rida go'yo marvaridlar asramish, 
Arg'uvonning sirg'asida ham Badaxshon la'li bor.

Farruxiy Chag'oniyonga bahorda kelib, kech kuz fasligacha turgan, bu qariyb bir yilni tashkil etadi. U Chag'oniyon shoirlarining sarasiga aylangan edi, buni shoirning amir Abul Muzaffar tomonidan beqiyos darajada taqdirlanganidan ham anglab olish qiyin emas.
Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lgan yillarini aniqlash uchun, avval, Abul Muzaffar hukmronligi yillarini tayin etish lozim. Akademik E. V. Rtveladzening yozishicha, 1002-1003 (xijriy 393) yillari Chag'oniyonda zarb etilgan dirhamda Muzaffar Qiya ismi mavjud. Ana shu hukmdor Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Chahor maqola»da eslatgan amir bilan bir kishi ekan, degan aqida mavjud. Agar tarixiy voqealarga nazar tashlasak, Tohir Chag'oniy vafotidan (992) so'ng taxtga Abul Muzaffar chiqqan. Buni Munjikning Abul Muzaffar xususidagi qasidasida Tohirning marhum deya tilga olinishi to'liq tasdiqlaydi:

Ba yodi Tohiri parvezbaxti xusravbaxt,
Daraxti davlat sar barzada ba charxi baland.

Mazmuni:

Davlat daraxtining shoxlari 
Osmon qadar balandlikda, 
Bular parveztaxtli, xusravbaxtli
Tohiriy xotirasi tufaylidir.

Qisqasi, E. V. Rtveladze Amir Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora qilgan davri 1002-1008 yillar degan xulosaga keladi. Ammo bu muddat 1002 yildan oldinga ham, 1008 yildan keyinga ham uzayishi mumkin, sababi tanga zarb qilish hukmronlikning keyingi yillari ro'y berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Tohir Chag'oniy vafoti 992 yilda sodir bo'lgan, bu esa Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora etish muddati 992 yildan boshlangan deb taxmin qilishga kafolat beradi. Qolaversa, Shibli Nu'moniy (1857-1914, «She'rul Ajam», Tehron, 1368), Husayn Ozod («Suxandoni fors», Kobul, 1315), X. Mirzozoda (1911-1994, «Ta'rixi adabiyoti tojik», Dushanbe, 1989)lar Abul Muzaffarni Balx hokimi deb xato hukm chiqarishadi va hatto yana bir shunday fikr tarafdori Herman Etyo («Torixi adabiyoti fors», Tehron, 1337) biz so'z yuritayotgan Chag'oniyon amirini Abul Muzaffar Tohir Chag'oniy deydi. Ko'rinadiki, ko'pincha, Abul Muzaffar o'z salafi Abulyahyo Tohir Chag'oniy bilan chalkashtirib kelingan. Bu xil xato talqinlarga o'z vaqtida professor A. Abdullayev munosabat izhor etib, ma'lum to'g'ri fikrlarni ilgari surgan edi. A. Abdullayev tadqiqotlarida Abul Muzaffar bilan Toxir haqida lom-mim deyilmagan holda Farruxiy mamduhi Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad deyiladi. Amirning kunyasi Abul Muzaffar va uning nomi Ahmad ekanini Munjik qasidasi ham tasdiqlaydi:

Ba soni umru atoi xudoygono jahon,
Abulmuzaffar shohi Chag'oniyon, Ahmad.

Mazmuni:

Abulmuzaffar - Chayuniyon shohi, Ahmad,
Hayot ijodkori - ulug' xudo tuhfasi.

«Chahor maqola» noshiri yirik olim Muhammad Qazviniyning fikricha, amirning ismi Faxr ud-Davla Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad hamda unga Daqiqiy va Farruxiylar madhgo'y ekanlar. Vaholanki, Faxr ud-Davlaning hukmronligi u zarb etgan tangalarga asoslanib, 1016-1017 yillardan izlanadi, har holda Abul Muzaffarni Chag'oniyon taxtida Faxr ud-Davla almashtirgani haqiqatga yaqin turadi. Yetuk adabiyotshunos olim Zarrinkub («Bo korvoni hulla», Tehron, 1374) shoir Farruxiyning Chag'oniyonda bo'lishi sanasini 1005-1006 yillar deb ko'rsatadi va Amir Abul Muzaffar ibn Muhtoj shoirlardan Daqiqiy hamda Farruxiyning homiysi edi deydi. Farruxiyning Chag'oniyonga safari 1005-1006 yillar deyilishiga bois, Mahmud G'aznaviy (971-1030) o'z hukmronligining beshinchi yili (1003) Seyistonni bosib oladi va shundan keyingina Farruxiy bilan bog'liq Chag'oniyon voqealari ro'y bergan bo'lishini faraz qilsa bo'ladi. Lekin Abul Muzaffar hukmronligi (992-1010) kezlari Daqiqiy olamdan o'tgan edi, bundan tashqari Daqiqiy Chag'oniyonda Abu Ali (939-955) hamda Abu Mansurlar davri (952-976 yillar)da bo'lganini yaxshi bilamiz. U holda nechun Muhammad Qazviniydan keyingi barcha olimlar hech ikkilanmay qariyb yuz yildan buyon Abul Muzaffarni Daqiqiyning homiysi tarzida e'tirof etishadi? Bunga sabab bo'lgan narsa Farruxiyning o'sha mashhur «Dog'goh» qasidasidir. Farruxiy unda Daqiqiyni eslatib yozgan edi:

To tarozandai madehi tu Daqiqy darguzasht,
3-ofarini tu diloganda chunon, k-az dona nor.
To ba vaqti in zamona mar varo muddat namond,
3-in sabab gar binigari z-imro'z to ro'z shumor.
Har nabote, k-az sari go'ri Daqiqy bardamad, 
Gar bipursi, z-ofarini tu suxan ronad hazor.

Mazmuni:

Seni go'zal qilib kuylaydigan Daqiqiy -
Olamdan o'tdi, madhing uchun uning -
Dilidagi so'zlar anor donalaridek behisob.
Shu vaqtgacha menga navbat yetmagan edi,
Shu sababdan qarasang, bugundan
Boshlab navbat meniki.
Daqiqiy qabri uzra o'sgan har bir ko'kat,
Istasang, seni minglab so'zlar bilan ta'riflaydi.

Ana shu baytlar Daqiqiyni ham Farruxiy singari Abul Muzaffar maddohiga aylantirib yuborgan edi, bu esa baytning mazmunini noto'g'ri talqin etishdan sodir bo'lgan. Aslida Farruxiyning Daqiqiyga ishora qilishdan murodi Daqiqiyni umum Chag'oniyon amirlarining maqtovchisi sifatida majozan olqishlashdan iborat, xolos. Yanada to'g'rirog'i, Farruxiy buyuk Daqi-qiyni Abul Muzaffarning emas, balki Chag'oniyonning kuylovchisi demoqchi, Farruxiy qasidasidagi Daqiqiy madhida aytilgan baytlar faxriya uslubiga tegishli bo'lib, o'ziga xos lirik chekinishdan o'zga narsa emas, baytlar mazmunida ramziy talqin yotadi. Shunday qilib, Farruxiy Chag'oniyondan so'ngra G'aznaga boradi va G'aznaviylar xonadonining buyuk shoiriga aylanadi. Shoir o'sha yerda 1037 yili olamdan o'tadi. 
Biz so'z yuritgan Chag'oniyon amirlari saroyi, adabiy muhiti, shu muhitda voyaga yetgan ayrim shoirlar hayoti voha adabiy harakatchiligi tarixini anglashda juda qo'l kelishi mumkin. Zero, Chag'oniyon amirlari saroyida nash'u namo topgan birgina Daqiqiy va Farruxiylarning o'ziyoq, masalaning nechog'lik muhimligini oshkor etib turadi. Daqiqiy shohnomanavislikni boshlab bergan Somoniylar saltanati shoirlarining buyuk bir vakili bo'lsa, Farruxiy o'z qasidalari bilan G'aznaviylar davlatini ko'klarga ko'targan fors-tojik adabiyotida chuqur iz qoldira olgan xassos shoirdir. Bu yurtda kamolga yetgan Taxoriy, Ma'rufiy, Tohir Chag'oniy, Bade'iy, Munjik Termiziy, Labibiy kabilar fors-tojik adabiyoti ravnaqi yo'lida beqiyos darajada xizmati singgan taniqli shoirlar bo'lsa, Abu Bakr as-Sag'oniy, Ahmad as-Sag'oniy, Abu Hamid Usturlobiy as-Sag'oniy singari olimlar jahon fani rivojiga ulush qo'shgan allomalardir. Daqiqiy an'analarini keyingi asr shoirlaridan Adib Sobir Termiziy (1078-1147) va Muizziy (taxminan, tavalludi 1049), Labibiy an'analarini Mas'udiy Sa'di Salmon (1046-1122) kabi shoirlar o'z zamonlari ruhida ajoyib tarzda davom ettirdilar. Farruxiy esa ulug' qomusiy olim Beruniy (973-1048) bilan uzoq yillar Mahmud G'aznaviy saroyida G'aznada baqamti xizmatda bo'ladi. Farruxiy, hatto Beruniyning ilmiy faoliyatini ta'riflab unga bag'ishlab maxsus qasidalar bitadi.
Chag'oniyon zamonida yashab ijod etgan as-Sallomiy bo'lsa, ayni chog'da ham shoir, ham yirik olim edi. Shuningdek, at-Tohiriy va an-Nasafiylar o'z vaqtida Abu Ali Chag'oniyni ulug'lab, uning sha'niga atab qasidalar bitganligini yuqorida ko'rib o'tdik. Hatto davrining yetuk shoiri, Rudakiyning sevimli shogirdi Abul Husayn al-Murodiy ham o'z ijodiy yo'lini ayni Chag'oniyondan boshlagani muhim xususiyatlar kasb etadi. Ajab emaski, xuddi Munjik va Daqiqiy she'riy devonlari Chag'oniyonda kitobat qilingan bo'lsa, chunki Abulqosim Iskofiydek o'z davrining xushnavis xattoti faoliyati ham Chag'oniyondan boshlangan edi.


Комментариев нет:

Отправить комментарий