среда, 18 мая 2016 г.

TERMIZ SAYYIDLARI

TERMIZ SAYYIDLARI

Ko'hna shahrimizdan yetishib chiqqan ko'plab buyuk tarixiy siymolarning hayoti va faoliyati Termizning insoniyat tarixida o'chmas iz qoldirishida asosiy sabab bo'lgan.Ana shunday buyuk tarixiy insonlar orasida Termiz sayyidlari xonadonining namoyandalari ham bor. «Sayyid» so'zi lug'atan arabchada «janob» ma'nosini anglatib payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom avlodlarining faxriy unvonidir. Musulmon dunyosida sharif, xoja (xo'ja), to'ra so'zlari sayyid atamasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Ayrim hollarda Muhammad alayhissalomning nevaralari Hasan avlodi sharif va Husayn avlodi sayyid unvonlari bilan alohida ajratiladi. Termiz sayyidlari xonadoniga doir ma'lumotlar sharq yozma merosining mashhur namunalari orqali yetib kelgan. Jumladan, Termiz sayyidlari xususida Ota Malik Juvayniy, Hamidullo Qazviniy, ibn Battuta, G'iyosiddin Ali, Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hofiz Tanish al-Buxoriy va boshqa allomalarning durdona asarlarida qimmatli ma'lumotlar keltirilgan. Termiz sayyidlari xonadoni tarixini o'rganishdagi asosiy manba ularning oilaviy shajarasidir, unda musulmon dunyosining tarixiga doir ayrim ma'lumotlarni uchratish mumkin. Ana shu shajara asosida 1914 yili akademik A. A. Semyonov «Termiz sayyidlarining kelib chiqishi va ularning qadimiy maqbarasi Sulton Saodat» maqolasini e'lon qiladi.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus sharqshunoslari V. V. Bartold, A. Kun, M. S. Andreyev va boshqalar o'zlarining ilmiy tadqiqotlarida Termiz sayyidlari xonadoni to'g'risida to'xtalib o'tadilar. Naql qilinishicha, Ali ibn Abu Tolibning Fotimadan tug'ilgan o'g'li Husayn so'nggi sosoniy shohi Yazdigirdning qiziga uylanadi. Ularning o'g'illari Alidan Husayn al-Asqar, undan esa Ubaydullo dunyoga keladi. Xalifa al-Mansur davrida (754-755) Amir Ubaydullo xalifa deb e'lon qilinadi. Uning o'g'li Ja'far al-Hujjat Madina hokimi edi, Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amir Ja'far al-Hujjatning o'g'li Amir Husaynning farzandidir. Keltirilgan shajara musulmon dunyosida keng tarqalgan bo'lib, ko'p manbalarda uchraydi. 
Hasan al-Amir o'zining yaqinlari bilan 850 yilda Samarqandga keladi va u yerda 11 yil yashab, 861 yilda Balxga ko'chadi. Taxminan 865 yildan Hasan al-Amir Termizga keladi va shu yerda butunlay o'rnashib qoladi. Hasan al-Amir va uning yaqinlari Movarounnahrga kelgan paytda Somoniylar sulolasining yuksalishi boshlangan edi. Somoniylarning kelib chiqishi masalasida hozirgacha ilmiy doiralarda yagona fikrga kelinmagan. Ba'zi manbalar Somoniylarni Termiz bilan bog'laydilar, ularga ko'ra, Somon qishlog'i hozirgi «Namuna» jamoa xo'jaligi hududida joylashgan. Termiz sayyidlarining shajarasi ham shular jumlasiga kirib, Ismoil Somoniyning har yili Termizga kelishi to'g'risida manbalar aniq xabar beradi. Sayyid Amir Abdullo mamlakat hukmdori Ismoil Somoniyning Maxsuma (yoki Mohisiymo) ismli qiziga uylanadi, ularning farzandlaridan boshlab Termiz sayyidlari Xudovandzoda laqabini oladi.
Termiz sayyidlarining Sulton Saodat nomli maqbara majmuasining ilk poydevori Somoniylar davrida qurila boshlagan edi. Sayyidlar jamoasi o'zining alohida boshlig'iga - naqibiga ham ega bo'lganlar. Muhammad avlodlari yashagan har bir hududda ularni boshqarib turadigan alohida naqib bo'lgan. X asrgacha barcha naqiblar abbosiylardan bo'lib, Alining avlodlari ham ularga bo'ysunishgan, keyinchalik ular o'rtasida bo'linish yuz beradi. Termizda ham sayyidlarning naqibi bo'lgan, uning vazifasiga huquqiy masalalarni hal qilish va nafaqalarni tarqatish kirgan. Termiz naqiblari orasida eng mashhuri Ali ibn Ja'far al-Musaviydir. Musulmon dunyosining mashhur olimi Abul Fath Muhammad ash-Shahristoniy asarlari Termiz naqiblariga bag'ishlangandir.
Muhammad Xorazmshoh davrida (1200-1220) Xorazm davlati Kaspiy dengazining shimoliy sohillaridan Fors qo'ltig'igacha, Kavkazdan Hindikush tog'larigacha bo'lgan mintaqani birlashtirib, qudratli davlatga aylanadi. Muhammad o'zining xalifa tomonidan islom va musulmonlarning sultoni sifatida tan olinishini talab qiladi. Xalifa an-Nosir (1180-1225) esa Muhammad Xorazmshoh nomini xutbaga qo'shib o'qitishdan, ya'ni bo'ysunishdan bosh tortadi. Xorazmshoh ham o'z navbatida an-Nosirni, umuman abbosiylarni xalifalik hokimiyatining noqonuniy vorislari deb e'lon qiladi. 1212 yilda Muhammad Xorazmshoh ulamo va imomlarni yig'ib, abbosiylarni xalifaliqdan mahrum qiladi va Termiz sayyidlaridan bo'lmish A'lo al-Mulukni xalifa deb e'lon qiladi.
Asrlar davomida Termizda tasavvuf ta'limotining ta'siri kuchli bo'lgan. Abdurahmon Jomiy o'zining «Nafohat ul-uns min hazorat al quds» asarida mavlaviya tariqatining asoschisi Jaloliddin Rumiyning ustozi «Sayyidi sirdon» laqabli Sayyid Burhoniddin to'g'risida: «U sayyidlardan, Husayn avlodidan, Ter-mizdandir» deb yozgan edi. Xuddi shu davrda sayyidlar xonadonining yana bir vakili Shamsiddin Muhaddis ismi bilan tanilgan Shams ul-millat vad-din Abu Ja'far Tohir ibn Nizomiddin Xudovandzodai Ziyo ul-muluk tasavvuf targ'ibotchisi va Termiz sayyidlari shajarasining dastlabki tuzuvchisi bo'lgan.
Chingizxon bosqini natijasida Termiz vayron qilinadi, mintaqada mo'g'ullar hukmronligi o'rnatiladi. Movarounnahrda mo'g'ullar hukmronligi uzoq davom etgan bo'lsa-da, amalda hokimiyat mahalliy sulolalar, xususan, Termiz sayyidlari xonadoni tomonidan boshqariladi. XIII asr oxiri - XIV asr boshlarida shahar hayoti asta-sekin o'nglanib, Termiz yangi joyda tiklanadi. Bu jarayonni M. YE. Masson sayyidlar faoliyati bilan bog'laydi. Dastlab bir necha yuz oila yashovchi qishloq XIV asr boshlarida «chiroyli imoratlari va bozorlari ko'p bo'lgan yirik shaharga» aylanadi. Ibn Battutaning yozishicha, Termiz hukmdori A'lo ul-Muluk Xudovandzoda Chig'atoy ulusining xoni Buzan (1335- 1338)ga qarshi kurashda faol ishtirok etgan. Mo'g'ullarga qarshi kurashda musulmon amirlari Xuroson sul-toni Yosur Maxzumning o'g'li Xalil atrofida birlashadilar. Birinchi bo'lib Xalilga to'rt ming kishilik qo'shin bilan A'lo ul-Muluk kelib qo'shiladi va vazir qilib tayinlanadi. Buzan qo'shinlari tor-mor qilinib, uning o'zi qatl qilingach, mo'g'ullarning boshqa qo'shinlari birin-ketin mag'lubiyatga uchraydi. Xudovandzoda Xitoydagi hozirgi G'ulja shahrining shimoli-g'arbida joylashgan Olmaliq shahrida Xalil qo'shinlariga bosh bo'lib turganda, ichki dushmanlar ikki orada ixtilof chiqaradilar. Xalilga yetkazilgan xabarga ko'ra, go'yo vazir o'zining payg'ambar avlodidan ekanligini ta'kidlab, oliyjanob va mardligi tufayli podsholikka haqqim ko'proq deb, bosh ko'tarmoqchi bo'lgan. Shunda Xalil Olmaliqqa Xudovandzoda o'rniga boshqa noib yuborib, uni huzuriga chaqiradi, aybi isbot qilinmay Xudovandzoda qatl qilinadi. Bu voqea Xalil saltanati halokatiga sabab bo'ladi, deb dalolat beradi ibn Battuta. Termiz sayyidlarining shajarasida A'lo-ul-Muluk «Shahid» laqabini oladi, ibn Battutaning yozishicha, «u mard odam edi». Shu davrdan Termizga nisbatan «Madinat ar-rijol», ya'ni mardlar shahri atamasi keng qo'llanila boshlanadi. 
Termiz sayyidlari xonadoni tarixidagi eng yorqin sahifalar Amir Temur va uning avlodlari bilan bog'liqdir. Buning sababi, fikrimizcha, sohibqironning piri Shamsiddin Sayyid Amir Kulol ayni A'lo ul-Muluk Xudovandzodaning o'gli bo'lishi kerak. Pirning barcha nomlari sayyidlar xonadoniga mansubligidan dalolat beradi. Shuningdek, uning maqbarasi Termiz sayyidlarining Shahrisabzdagi maqbarasi Gumbazi Sayyidon bilan qo'shilib ketgan. Amir Temur butun umri davomida sayyidlar xonadonining vakillari bilan chambarchas aloqada bo'lgan. Sohibqiron hokimiyat uchun kurash boshlaganda ham, eng zafarli kunlarida ham Termiz sayyidlari jahongirning hamrohlari bo'lgan. «Temur tuzuklari»da A'lo ul-Mulukning jiyanlari aka-uka Hasan va Ziyoviddinlar bir necha bor tilga olinadi. 1370 yilda Amir Temur Balxga ketayotib, Termizda Sayyid Baraka qo'lidan hokimiyat ramzi nog'ora va bayroqni olishga muyassar bo'ladi. Shayxning duosini olib, Amir Temur Balxni o'z tasarrufiga oladi va Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Amir Temurning taxtga chiqish marosimida A'lo ul-Mulukning yettinchi va sakkizinchi o'g'illari Abul Ma'oli va Ali Akbar ishtirok etganlar. 1371 yilda Temurga qarshi uyushtirilgan fitnada Abul Ma'oli ham ishtirok etadi. Fitna mag'lubiyatga uchragach, uning qatnashchilari qatl qilinadi, Abul Ma'oli esa davlat ishlaridan chetlashtirilib, Shahrisabzga ko'chiriladi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida ko'rsatilishicha, Sohibqiron Abul Ma'oliga quyidagicha murojaat qilgan: «Nasabing silsilasi payg'ambar ahli baytiga, unga va ularning barchasiga Ollohning rahmatlari va salomlari bo'lsin, ulanganligi uchun hech qachon biror zahmat g'ubori sening hayoting etagiga qo'nishini ravo ko'rmasin. Lekin sen noloyiq ishlarni tark etmayapsan, maslahatim shu tururki, bu viloyatdan chiqib ketsang». Lekin sayyid tezda kechirilgan bo'lishi kerak, chunki bir yildan so'ng u Amir Temurning Xorazmga yurishida qatnashadi. Shundan so'ng Termiz sayyidlari avlodlarining Qashqadaryodagi xonadoni vujudga keladi, yuqorida eslatilgan Gumbazi Sayyidon ularning oilaviy maqbarasiga aylanadi. Ba'zi manbalarga ko'ra Amir Temurning qizi Sulton Baxtbegim Termiz sayyidlaridan bo'lmish Hasanga nikohlangan hamda Qashqadaryo vohasidagi ma'lum bir qism yerlarini kuyoviga vaqf qilib beradi. Abul Hasan bu joyda o'z langariga asos soladi, langar so'filar makoni bo'lib, Termiz sayyidlari nafaqat Movarounnahrda, balki boshqa joylarda ham langarlar tashkil qilishgan. Masalan, Abdurazzoq Samarqandiyning «Matla' us-sa'dayn va majmai bahrayn» asarida yozilishicha, Sayyid Tojiddin o'z langarini Kumulda qurgan ekan. Shuningdek, afg'on qabilalarining diniy rahnamosi - Pir boboning asli ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziydir. Umuman, XIV asrda Termiz sayyidlari Movarounnahrning turli joylarida faoliyat ko'rsata boshlaganlar.
1359 yilda Toshkentda mo''tabar shayx Xovand Tohur vafot etadi. Muhammad qozining Xo'ja Ahror hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan asarida ta'kidlanishicha, shayx Termiz sayyidlaridan bo'lib, Xovand so'zi Xudovandzodaning qisqargani ekan. Bu borada musulmon dunyosida mashhur Xo'ja Ahrori Vali ayni shu Shayxontohurning jiyani ekanligini alohida ta'kidlash lozim. Amir Temur Termiz orqali o'tganida sayyidlarning uyida mehmon bo'lgan, Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399 yil 11 sentabrda va 1404 yil yozida Temur A'lo ul-Mulukning uyida mehmon bo'ladi. G'iyosiddin Ali tomonidan yozilgan Temurning Hindistonga yurishiga bag'ishlangan asarida A'lo ul-Mulukning oltinchi o'g'li Alouddin ham tilga olib o'tiladi. Surxondaryo o'lkashunoslik muzeyida saqlanayotgan bu kitobning 1915 yildagi forscha nashrida Termiz Xudovandzodalari Amir Temur va uning qo'shiniga ikki kun to'y berdi, deb ta'kidlanadi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий