ILM-FAN
ILM-FAN
Qadimiy Movarounnahr sarzaminida shuhrat tutib jahon bo'ylab ilmu urfon taratgan Buxoro, Samarqand va Urganch kabi shaharlar sirasiga Termiz shahri ham kiradi. Bunga, eng avvalo, Termiz shahrining qulay geografik joylashuvi ko'p jihatdan omil bo'lib xizmat qilgani sir emas. Boisi, mavj urib oqayotgan asov Oks daryosi sohilida qad ko'targan ko'hna Taramata («Avesto»da Tara Maeta, goho Maetha) shahri o'zining mustahkam mudofaa devorlari bilan jahon fotihlari ahamoniy shoxlar - Kir va Doroni hamda makedoniyalik Iskandar Zulqarnaynlarni lol qoldirgan edi. Termiz shahri Balx shahri kabi zardushtiylik va buddaviylik dinlariga ham maskan, ham Vatan ekani fanda allaqachon o'z isbotini topgandir. Bu ikki shahar mashhur Araks (Amudaryo)ning o'ng va so'l sohillarida joylashgan hamda doimiy ravishda bir-birining ijtimoiy-siyosiy hayotiga o'zaro ta'sir ko'satib turar edi. O'ng sohil shahri Termiz va chap sohil shahri Balx o'z tarixi hamda osori-atiqalari jihatidan qimmatli qirralarni namoyon etadi.
Tarixdan ma'lumki, Termiz qadimdan madaniy va ma'rifiy markaz bo'lib, o'z bag'rida jahon e'tirof etgan buyuk allomalarni voyaga yetkazgan shahardir. Termiz eng muhimi Movarounnahrning Buxoro va Samarqand kabi shaharlarini Sharqda shuhrat tutgan Balx shahri bilan bog'lab turgan. Termiz shahrini uzoq o'tmishdanoq Termizshohlar idora qilgan. Termizni 689 yilda bosib olgan arab qabilasi sardori Muso termizshohni quvib yuboradi. Termizni aynan shohlar idora etishi, ehtimol, bu eroniy-sosoniylar sulolasi bilan bog'liqliklar kasb etardi, zero, hali XI asrlarda ham Termizni termizshohlar idora qilardi. Termiz adabiy va ilmiy muhiti xususida so'z ketar ekan, o'tmishda yaratilgan tazkira, majmua va bayozlarda shu shaharda nash'u namo topgan ilm va qalam ahli ijodidan keltirilgan parchalarda, ma'lumotlarda buning isbotini ko'rish mumkin bo'ladi.
Termizda IX-XII asrlarda dunyoviy ilm bilan birga diniy ta'limot ham ancha taraqqiy etadi. Ilohiyot ilmining hakimiya tariqatiga aynan Termiz shahrida asos solinadi, uning sardaftari Hakim at-Termiziy edi. Zero, hakimiya tariqati keyingi davrlarda boshqa qator o'lka tariqatlariga o'z ta'sirini o'tkazadi. Bu jihatlari bilan Termiz shahri ko'prik vazifasini o'taydi, sababi Termiz birato'la Movarounnahr va Xuroson so'fiylik tariqatlari uchun chorraha edi. Termizda hadis ilmi ham keng rivoj topadi, buyuk muhaddis Abu Iso Imom at-Termiziy bu sohadagi ishlari bilan jahonga mashhur allomalar qatorida turadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий