среда, 18 мая 2016 г.

Abu Muzaffar Termiziy

U o'z davrining mashhur shayxi va tasavvuf olimlaridan biridir. Alisher Navoiyning yozishicha, Abul Muzaffar Termiziyning sevgan so'zlari ushbular ekan: «Kimki senga yaxshilik qilsa, seni o'ziga yaqinlashtiradi, demak, u seni ipsiz bog'lab oladi, kimki yomonlik qilsa, seni o'zidan uzoqlashtiradi, uzoqlashtirish ipsiz bog'lashdan avlorokdir. Ozodlik yaxshimi, qullik?». Abul Muzaffarning ushbu so'zlari zamirida g'oyat ulkan ma'no va mohiyat, mantiq va mazmun tajassum, tasavvuf ilmida xudo vasliga yetmoq uchun ranju alam chekish g'oyalari ilgari suriladi. Sababi, maqsadga osongina yetishga intilmaslik maqbul, uning lazzati, uning mazasi qiynoqlarda namoyon bo'ladi, qolaversa, bir inson boshqasiga mute bo'lmasligi lozim. Ollo taoloning oliy ne'mati - inson, u hur va erkin, ozod va beg'ubor mavjudotlar toifasiga mansub. Abul Muzaffar Termiziy mashhur shayx, tasavvuf ilmining taniqli peshvosi al-Hakim at-Termiziy masjidi (maqbarasi)ning bosh shayxulislomi vazifasini bajargan.
Jaloliddin Rumiy Termizda bo'lganmi, yo'qmi ushbu savolga daf'atandan javob berish qiyin, ammo shuhrati yetti iqlimga tarqalgan shoir bisotida shahrimiz haqida ajoyib bir falsafiy-hajviy asar mavjud. Bu shoirning «Termiz shohi o'z qiziqchisidan «mot» bo'lgani haqida» deb nomlangan masnaviysidir, unda quyidagi voqea hikoya qilinadi: Termiz shohi o'z qiziqchisi bilan shahmat o'ynab, ikki marotaba ham ketma-ket yutqazib qo'yadi, alamzada shoh raqibi - qiziqchining yuziga shahmat toshlarini otadi. Axir qiziqchi o'zining kimligi-yu va kim bilan shahmat o'ynayotganini esidan chiqarmasligi kerak edi-da!

Shahmat o'ynardi shoh qiziqchi bilan, 
«Mot» bo'lib g'azabi qaynardi birdan.
Shahmat toshlarini otdi yuziga, 
«Mana «shoh», mana «mot» o'yinni o'rgan.
Farzingni qayerga yurishingi bil
Qiziqchi «taslimman, shohim, shafqat qil!»
Shoh dedi: «Qaytadan boshlaymiz o'yin»
Qiziqchi qaltirar muz urgandayin.
O'yin boz avj oldi, yana shohga «mot»,
Qiziqchi to'nini qo'yib shu zahot,
Kirib yetti qavat ko'rpa tagiga,
Yashirindi, jon saqlab yotdi jimgina.
«Ey sen qaydasan?»-chaqirdi podshoh,
Ko'rpalar ostidan keldi bir ovoz:
«Ey olampanoh, shohlarga rostni»
Aytmoqchun lozimdir asramoq boshni...
Yana sen «mot» bo'lding o'yinda, shohim,
Endi kim eshitgay mening oh-vohim.

(Bozor Ilyos al-Amin tarjimasi)


Qissadan hissa shu: o'ynashmagin har bob bilan, arbo urar har bob bilan agar shu «ish»ga jazm qilgan bo'lsang, o'z boshingni himoya qila ol!
Mashhur sharqshunos Radiy Fish ta'biri bilan aytganda, «Olam ahlining g'ururi» Jaloliddin Rumiyning uztozi tasavvuf ilmining mashhur namoyandalaridan biri Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy bo'lgani va yuqorida keltirilgan masnaviy mazmuni shundan dalolat beradiki, hozirgi gullab yashnayotgan Termizda ham bir zamonlar saroylar, ko'shklar bo'lgan, shohlar, sultonlar, fotihlar hukm surgan. Bu zamin ulkan madaniyat o'chog'i sifatida insonlar qalbini ilmu urfon nurlari bilan yoritgan, ma'rifatu ma'naviyat tafti bilan tolibi ilmlar qalbini ilitgan. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий