So‘nggi yillarda o‘zbek arxeologlari qadimgi Baqtriya hududida bronza davriga, yani mil.av. II ming yilliklarga oid bir qator yangi yodgorliklar topdiki, bu yodgorliklarning tashqi tuzilishi, topilayotgan moddiy madaniyat namunalarini Qadimgi Sharqdagi, jumladan Mesopatamiya, Xarappa, Markaziy Eronning bronza davri yodgorliklari moddiy madaniyati bilan taqqoslash imkoniyati tug‘ildi.
Jarqo‘ton yodgorligi 100 gektarga yaqin maydonni tashkil etadi. Bu yodgorlikda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida ilk shaharlarga xos bo‘lgan ibodatxona, hukmdorlar saroyi, mudofaa inshootlari, xunarmandchilik inshootlari, aholi yashaydigan uylar qoldiqlari va ko‘plab yuqori moddiy madaniyat namunalari topildiki, shu osori – atiqalar natijasida Jarqo‘ton yodgorligi Vatanimiz hududidagi eng qadimgi shahar xarobasi ekanligiga shubha qolmadi. U 3 gektarlik arki a’lo va keng hududdagi shahristondan iborat.
Yodgorlikning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan ark 1-1,5 metr qalinlikdagi mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Arkka kiradigan darvoza uning janub tomonida joylashgan. Ark ichida tosh to‘shalgan yo‘laklar qurilgan bo‘lib, shu yo‘laklar ark ichidagi saroy va uylarni bog‘lab turgan.
Arkning g‘arbiy tomonida saroy joylashgan. U kvadrat shaklli bo‘lib, tomonlari 42 metrni tashkil etadi. Saroyning tashqi mudofaa devori 4 m qalinlikda. Devor qalin bo‘lishiga qaramay binoning tashqi tarafida, yani burchak va tomonlarida burjlar ham qurilgan. Bu qurilish usuli Saroyning qattiq mudofaa qilinganligini ko‘rsatadi. Bino ichida devor bo‘ylab xonalar qurilgan, markaziy qismida esa supa joylashgan.
Arkning ichida boshqa uylar o‘rni ochilgan bo‘lsada, ular monumental xarakterga ega emas. Bu uylarda saroy a’yonlari yashagan deb aytish mumkin.
Jarqo‘ton yodgorligining katta qismini shahriston tashkil etadi. Shahristonda ibodatxona, aholi yashagan uylar qoldig‘i, xunarmandchilik dastgohlari, omborxonalar joylashganligi kuzatilmoqda. Shahar aholisi yashagan uylar bir biriga jips qurilganligi bilan xarakterlanadi. Binolar katta-katta, to‘g‘ri to‘rt burchakli xom g‘ishtlardan qurilgan.
Shahristonning eng baland va markazida to‘g‘ri to‘rt burchak shaklli olov ibodatxonasi joylashgan. Ibodatxona ham saroy singari qalin mudofaa devori bilan o‘ralgan. Saroyda to‘g‘ri to‘rt burchak shaklli burjlar, bu yerda esa yarim doira shaklli burjlar qurilgan. Ibodatxonaga kirish janub tomondan bo‘lgan. Ibodatxonaning ichki qurilishi ikki – ishlab chiqarish va ibodat amallari bajariladigan ilohiyat qismlaridan iborat.
Ibodatxonaning ishlab chiqarish qismda yo‘lak orqali o‘zaro bog‘langan xonalar joylashgan bo‘lib, ularda diniy aqidalarni bajarish davomida zarur bo‘ladigan har xil ilohiy haykallar, sarxush qiluvchi ichimliklar, bronza va boshqa ashyolardan sig‘inish anjomlari tayyorlangan.
Jarqo‘tonliklarning ibodat amallari majmuaning muqaddas qismida amalga oshirilgan. Bu yerda me’moriy qurilmalar faqat ibodat uchun, ibodatga olib kelingan «nazirlik»larni saqlash uchun qurilgan. Doimiy olov yonib turgan altarlar, ilohiy suv chiqib turadigan quduqlar, mu’bodlar – din peshvolari o‘tiradigan va ziyoratchilarni qabul qiladigan mahobatli xonalar, nazirliklarni saqlaydigan omborxonalar olov ibodatxonaning ilohiyat qismida joylashgan.
Arkda joylashgan hukmdorlar saroyi shaharning kun botish tomonida, otashparastlar ibodatxonasi esa uning kunchiqar tomonida joylashgan bo‘lib, ular uzoq-uzoqlardan ko‘zga tashlanib turgan.
Bu monumental ikki inshoot, bir tomondan qadimgi shaharning diniy va dunyoviy boshqaruv tizimidagi asosiy shaharsozlik madaniyatining ko‘rki bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ushbu yirik aholi punktining shahar deb atalishiga mazmun va ma’no bergan muhim ikki omildir.
Shahristonda ibodatxonadan tashqari shahar aholisi istiqomat qilgan ko‘plab uy o‘rnilari, kulollar mahallasi, chilangarlik ustaxonalari kabi ko‘plab inshoot qoldiqlari o‘rganildiki, natijada jarqo‘tonliklarning yashash tarzi, hunarmandchilikda erishgan yutuqlari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar to‘plandi. Hunarmandchilik ashyolarining sifati nihoyatda baland bo‘lganligi bois, tadqiqotchilar o‘rtasida bu mahsulotlar bozor uchun tovar sifatida ishlab chiqarilgan degan fikrni uyg‘otgan. Haqiqatdan ham Jarqo‘ton sopollarining Shimoliy Qozog‘iston va Sibir hududlarida uchrashi bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqlaydi.
Jarqo‘tonliklar Qadimgi Sharq dunyosining eng rivojlangan madaniyat markazlari – Shumer, Xarappa, Eron shahar-davlatlari bilan yaqindan madaniy aloqalar o‘rnatgan va xalqaro savdoga asos solishgan. Eronda yasalgan xlorid toshdan yasalgan bejirim idishlar, Hindistondan keltirilgan fil suyagidan yasalgan ashyolar, Shumerliklarga xos bo‘lgan muhrlarning Jarqo‘tondan topilishi fikrimizning isboti bo‘ladi.
Jarqo‘ton yodgorligining janubida shahar qabristoni joylashgan. Arxeologlar 2000 dan oshiq qabrni ochib o‘rgandilar. Natijada, jarqo‘tonliklarning narigi dunyo borasidagi qarashlari, mayitni ko‘mish odatlari haqida ham tasavvurlar paydo bo‘ldi. Jarqo‘tonliklar mayitni g‘ujanak holatda, erkaklarni o‘ng, ayollarni esa chap biqini bilan, boy ashyolar bilan ko‘mishni odat qilganlar. Arxeologlar ayrim qabrlarda mayit bilan birga 50 dan oshiq ashyolar ko‘milganligining guvohi bo‘lganlar. Ayollar taqinchoqlar va ayollar mehnatini xarakterlaydigan urchuq, igna va to‘qimachilik asboblari kabi mehnat qurollari bilan, erkaklar esa jang va dehqonchilik qurol-aslahalari bilan ko‘milgan.
Jarqo‘tonliklar yozuvning ibtidoiy turi – piktografik yozuvga ham asos solganlar. Hozirgacha arxeologlar 52 xil belgi chizilgan piktografik yozuvni topishga muaffaq bo‘ldilar. Bu belgi-yozuvlar sopol parchalariga bitilgan bo‘lib, aylana, xoch, to‘g‘ri chiziq va har xil zoomorf belgilar ko‘rinishida ifodalangan.
Jarqo‘ton yodgorligidan xususiy mulk belgisi – muhrlarning topilishi bu yerda nafaqat ilk shaharsozlik balki ilk davlatchilikka ham asos solinganligini ko‘rsatadi. Muhrlar bronza, sopol, tosh va gipsdan yasalgan bo‘lib, yuksak mahorat bilan ishlangan. Muhrlar yuzasida har xil handasaviy shakllar, hayvonlar, insonlar har xil holatlarda ifodalangan. Jarqo‘ton yodgorligini nafaqat ilk shahar, balki shahar-davlat davlat yoki «voha-davlat» deb atash ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek shaharsozlik va davlatchilik masalalari bir-biri bilan uzviy bog‘liq va bir masalaning ikki tomoni sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Jarqo‘ton shahri aholisining diniy qarashlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar to‘plandi. Qabrlarda inson suyaklari bilan birga uchraydigan sopol idishlarda go‘shtli ovqatlarning bo‘lganligini ko‘rsatuvchi har xil hayvon suyaklarining, bug‘doy urug‘i qoldiqlarining uchrashi jarqo‘tonliklarning narigi dunyo tushunchasining mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi. Jarqo‘ton ibodatxonasining ochilishi esa markazlashgan dinning shakllanganligini, jamoa hayotida dindorlarning o‘rni katta bo‘lganligini tasdiqlaydi.
manba: arxeologiya.uz
Комментариев нет:
Отправить комментарий