Mirzo Kenjabek shoir, tarjimon. Mirzo Kenjabek fors-tojik mumtoz adabiyotining zarif adiblari, shoirlarning turkum she’rlarini tarjima qilib, kitobxonlarga taqdim etgan. Mirzo Kenjabekning 1982 yildagi birinchi she’riy to‘plami san’atsevarlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan.
Tarjimai hol
Mirzo Kenjabek 1956 yilning 20 fevralida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Mehnat qishlog‘ida tug‘ilgan. 1963-1973 yillarda o‘rta maktabni bitirib, 1974-1979 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1998-2001 yillarda esa Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Oliy Islom institutini tugallagan.
Mirzo Kenjabek mustaqillik arafasida bir guruh tengdoshlari va ustozlari bilan birga ijtimoiy jihatdan faollashib, mamlakatimiz va xalqimizning ozod kelajagi yo‘lida ijod qildi.
Shu yillarda yaratgan she’rlaridan birida esa hatto bunday deb yozdi:
Na ijod, na dovruq istak-najotim,
Dillarni poklayin nohaq shubhadan:
Butkul sabil qolsin mening ijodim,
Faqat ozod bo‘lsin shu xalq, shu Vatan!..
Shoirning «Dildoshlik», «Til erki - el erki», «Xalq nomidan yolg‘on so‘zlamang», «Yuragimda oyoq izi bor», «Fitna san’ati» kabi publitsistik maqolalarida ham ana shu ozodlik g‘oyasi balqib turadi.
Mirzo Kenjabekning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda «Adashgan maktublarim» nomi bilan nashr etildi.
Shoirning «Quyoshga qaragan uy» (1983), «Munojot» (1986), «Sharq tili» (1988), «Bahorim yellari» (1991) kabi she’riy kitoblari va qator publitsistik maqolalari nashr etildi va kitobxonlar tomonidan qizg‘in qarshi olindi.
Mirzo Kenjabek fors-tojik mumtoz adabiyotining zarif adiblari Hofiz Sheroziy va Shayx Sa’diy Sheroziy g‘azaliyotidan namunalarni, Nikolas Gilen (Kuba), Gevorg Yemin (Armaniston), Yakub Kolas (Belorussiya), Sherali Loyiq (Tojikiston), O‘ljas Sulaymon (Qozog‘iston) kabi shoirlarning turkum she’rlarini tarjima qilib, kitobxonlarga taqdim etdi.
Mumtoz shoir va olim Usmoni O‘shiyning sahih aqoid mavzuidagi «Omoliy» manzumasini esa arab tilidan tarjima qildi (1999).
Shuningdek, shoir Naqshbandiya tariqatining shayxi, Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviyning «Ahli sunnat val-jamoat» asarini turk tilidan tarjima qilib, ikki kitob holida nashr etdi (1998-1999).
Naqshbandiya tariqatining murshidi komili, professor Mahmud As’ad Jo‘shonning «Haqiqiy sevgi» (1998), Usmoniylar davri olimlaridan Qutbiddin Iznikiyning «Murshidi mutaahhilin» («Yosh kelin-kuyovlarga maslahatnoma» (1999), kitoblari va boshqalar ham M.Kenjabek tarjimasida nashr etildi.
Ulug‘ vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziyning «Sunani Termiziy» («Al-jomi’ as-sahih») asarining M.Kenjabek tarjimasida nashr etilishi O‘zbekiston ma’rifiy-ma’naviy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Bu ma’rifiy izlanishlar natijasida M.Kenjabekning «Termiz tazkirasi» asari maydonga keldi (2001).
Istiqlol yillarida shoirning «Vatan, ko‘zlardasen, qaroqlardasen», «O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan» kabi turkum she’rlari, «Asl Vatan qayg‘usi», «Navoiy nazmida hadis va hikmat», «Poklik ishtiyoqi» kabi bir qancha ma’rifiy maqolalari e’lon qilindi. U Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romanini 9 hijoli barmoqda o‘zbek tiliga o‘girgan.
Комментариев нет:
Отправить комментарий