Mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziyning shaxsiy hayoti va barkamol ijodining har tomonlama o‘rganilishi tufayli buyuk bobokalonimizning hozirgi davrimiz uchun ham o‘rnak bo‘ladigan ko‘p ibratomuz fazilatlarining guvohi bo‘lamiz. Eng avvalo, at-Termiziyning yoshligidan ilm-fanga g‘oyatda chanqoqligi va zo‘r havas bilan qiziqishi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga ham bardosh berib o‘z maqsadi, ya o‘z bilimini oshirish yo‘lidagi jiddu-jahdi katta-katta tahsinga sazovordir.
Yozma manbalarda keltirilishicha, hadisshunoslik ilmi sakkizinchi asrning ikkinchi yarmidan o‘n birinchi asr o‘rtalarigacha asosiy va zaruriy mashg‘ulotlardan biri darajasiga aylangan. Bu davrda Sharqning turli mamlakatlaridan bo‘lgan to‘rt yuzdan ortiq mualliflar ana shu ilm (hadisshunoslik) bilan shug‘ullanganlar[70].
Ma’lumki, o‘z bilimini oshirish borasida at-Termiziy ko‘pgina xorijiy mamlakatlarni ziyorat qilgan. Elma-el kezib, cho‘lu biyobonlar oshib roviylardan eshitgan hadislarini yitish bilan shug‘ullangan. Ularni tartibli ravishda yozib qayd qilish bilan birga ushbu hadislarni qanchalik darajada sahiyh, hasan yoki zaif, mavzu (soxta, o‘ylab chiqarilgan) ekanligini qayta-qayta tekshirgan, ilmiy ravishda chuqur tadqiq etgan. Allomaning shogirdlari orasida turli millat vakillari ham bo‘lgan.
Yoshi qirqdan oshgan va turli mamlakatlar olimlaridan ta’lim olgan at-Termiziy ham Imom al-Buxoriy mashhur bo‘lgan paytda yetuk olim darajasida tanilgan. Ikkala olim o‘rtasida 863-868 yillar oralarida Nishopurda ko‘pdan-ko‘p samarali ilmiy munozaralar, samimiy do‘stona uchrashuvlar bo‘lgan[71]. At-Termiziy o‘z asarlari uchun ko‘pgina foydali ma’lumotlarni al-Buxoriy bilan bo‘lgan uchrashuvlarida olganligini yozadi[72].
Abu Iso at-Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning «Al-Jomi’ as-sahiyh», «Ash-shamoil an-nabaviyya» kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib insonlarni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e’tiborli bo‘lishga chorlaydi.
Bu ibratli pand-nasihatlar va o‘gitlar xalqimizni, jamiyatimiz ahlini, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. At-Termiziyning asarlari faqat diniy ilmlar majmuasiga oid bo‘lib qolmasdan, balki dunyoviy ilmlarga oid ma’lumotlarga ham boydir. Masalan, uning bosh asari bo‘lgan «al-Jomi’ as-sahiyh»da tarix, mantiq huquqshunoslik, tabobat, ziroatga oid ko‘plab qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz. Arab tilini rivojlantirishda at-Termiziyning xizmatlari kattaligini zamonaviy olimlar qayta-qayta ta’kidlaydilar.
Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish ham ilmiy, ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.
Комментариев нет:
Отправить комментарий