So‘fi Olloyor (1644, Kattaqo‘rg‘on bekligi Minglar qishlog‘i — 1724, Denov) — tariqat arbobi va mutasavvuf shoir. Shayxlar maktabi va Buxorodagi jo‘ybor shayxlari dargohida ta’lim olgan. O‘z davrining barcha asosiy ilmlarini egallagan, arab va fors tillarini o‘rgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan boj mahkamasiga to‘ra etib tayinlangan. Darveshona fe’l, shoirona ko‘ngil sohibi bo‘lgan So‘fi Olloyor bu lavozimdan tezda iste’fo berib, o‘z davrining mashhur shayxi Navro‘zga shogird tushgan, tarikat talablarini bajarib, shayxlik martabasiga ko‘tarilgan, valiulloh (karomat sohibi) bo‘lib yetishgan.
Turkiy va forsiy tillarida ijod qilgan So‘fi Olloyor ijodining asosiy yo‘nalishi islom ma’rifatini keng xalq orasiga yoyish va tasavvufning insoniy kamolot bilan bog‘liq g‘oyalarini targ‘ibtashviq qilishdan iborat. U «Maslak ul-muttaqin» («Taqvodorlar maslagi»), «Murod ul-orifin» («Oriflar murodi»), «Mahzan ul-mute’in» («Itoatkorlar xazinasi») asarlarini forsiy, «Sabot ul-ojizin» («Ojizlar saboti»), «Favz un-najot» («Najot tantanasi») masnaviylarini turkiy tilda yaratgan. Forsiy va turkiyda bitilgan boshqa she’rlari ham mavjud. «Mevalar munozarasi» nomli manzuma xam unga nisbat beriladi.
So‘fi Olloyorning shoh asari «Maslak ul-muttaqin» bo‘lib, 12 ming bayt, 135 ta katta-kichik bobdan iborat. Ilohiy ma’rifatning badiiy talqiniga bag‘ishlangan bu asar el orasida shuhrat tutganidan so‘ng do‘stu yaqinlari undan turkiy tilda ham shunday bir kitob yozishni iltimos qiladilar. Bunga javoban u «Maslak ul-muttaqin»ni birmuncha qisqartirib, o‘zbek tilida nazmda bitgan va unga «Sabot ul-ojizin» deb nom bergan. O‘zbek falsafiy didaktik adabiyotining yetuk namunasi bo‘lmish ushbu asarda tasavvuf ta’limotining ma’naviy-axloqiy masalalarini keng yoritish bilan u turkiy tasavvuf adabiyoti rivojiga katga hissa qo‘shgan.
Asarlarida islom ahkomlari, tariqat talablari, insoniy komillik shartlarini birma-bir ta’riflab bergan. Axloqiy-ta’limiy ahamiyati jihatidan, xususan, «Maslak ul-muttaqin» va «Sabot ul-ojizin» asarlari maktab va madrasalarda asosiy darsliklar qatorida o‘qitilib kelgan. Uning diniy-tasavvufiy ruhdagi pandu hikmatga yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat Turkiston, balki Qashqardan tortib Etel (Volga), Yoyiq (Ural) daryolari vohalari, Hojitarxon (Astraxan), Bulg‘or, Orenburg va boshqa mintaqalarda yashovchi xalqlar orasida ham keng tarqalgan. Ular ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. 19-asrning oxirlariga kelib esa Toshkent, Qozon, Boku, Istanbul va boshqa shaharlarda toshbosma yo‘li bilan bir necha marta bosilib chiqqan.
So‘fi Olloyor asarlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan, ularga bag‘ishlab sharhlar yozilgan, lug‘atlar tuzilib, u qo‘llagan tasavvufiy istiloh-timsollar keng sharhlangan.
Комментариев нет:
Отправить комментарий